Suv resurslaridan tejamli foydalanish sohasida amalga oshirilgan ishlar natijasida yurtimizda suv sarfi o‘tgan asrning 90-yillariga nisbatan yiliga 64 milliard metr kubdan hozirgi kunda o‘rtacha 51 milliard metr kubgacha kamaytirildi.

Har bir gektar sug‘oriladigan maydonga o‘rtacha 16 ming metr kub suv ishlatilgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 10 ming metr kubgacha tushirildi.

Biroq, irrigatsiya tizimlaridagi nosozliklar tufayli ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli yo‘qotishlar bor. Qishloq xo‘jaligi sug‘orishida suv filtratsiya, bug‘lanish hamda ortiqcha suv sarfi orqali yo‘qotilmoqda.

Chuchuk suvning qariyb 90 foizi qishloq xo‘jaligida foydalanilib, har gektarga suv sarfi texnologik ilg‘or davlatlarga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p.

Bu Oliy Majlis Senatining Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi majlisida qayd etildi. Yoshlar parlamenti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti, O‘zbekiston ekologik harakati bilan hamkorlikda tashkil etilgan davra suhbatida suv muammosi nafaqat mamlakatimiz, balki mintaqa uchun dolzarbligiga e’tibor qaratildi.

Ichimlik suvidan boshqa ehtiyojlar uchun foydalanish ham uchrab turibdi. Suvdan foydalanish madaniyati ham yetarli darajada emas.

Qayd etilganidek, agrar sohada dunyo mamlakatlari tuproq ostidan sizdirish, yer ustidan tomchilatish va yomg‘irlatish kabi zamonaviy yangi texnologiyalar va usullar orqali sug‘orishga alohida e’tibor qaratmoqda.

Tadbirda sug‘orishda suvdan foydalanish koeffitsiyentini 90-95 foizga yetkazish, an’anaviy sug‘orish usullaridan voz kechib, tomchilatish va boshqa suv tejovchi texnologiyalarni qo‘llashni yanada kengaytirish, sohada ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirish, yer osti suv resurslarini tahliliy aniqlash hamda muqobil suv manbalari (buloq, quduq, hovuz, yer osti suvlari va boshqalar)dan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suvga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, uni asrab-avaylash bo‘yicha targ‘ibotni kuchaytirish kabi masalalar yuzasidan tegishli choralar ko‘rish lozim.

Ishtirokchilar tomonidan suv resurslarini muhofaza qilish, ulardan oqilona va samarali foydalanish, suvni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish masalalarida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi aytib o‘tildi.

Tadbirda suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv sarfini kamaytirish borasida izlanishlar olib borgan holda “ECOSUV” korxonasining yosh olimlari tomonidan ishlab chiqilgan “Tuproq ostidan tomchilatib sug‘orish tizimi” texnologiyasi va uning tajribalari yakunlari yuzasidan taqdimoti ham tashkil etildi.

Ushbu texnologiyada qo‘llaniladigan suv quvurlarini ishlab chiqishda (shlang) ishlatilgan transport vositalari shinalaridan foydalaniladi.

Mazkur usul orqali yer usti tomchilatib sug‘orishga nisbatan 3-3,5 barobar, egat oralab sug‘orishga nisbatan esa 4-5 barobar kam xarajat talab qiladi hamda yer ustidan tomchilab sug‘orish usuliga nisbatan 1,5 marta ko‘p hosildorlikka erishiladi.

Shuningdek, suv sarfi egat oralab sug‘orishga nisbatan 80 foizga, ildiz ustidan tomchilab sug‘orishga nisbatan 30 foizga kamayadi. Mineral o‘g‘it sarfi 60 foizga tejalib, agrotexnik ishlar (kultivatsiya) 50 foizga qisqaradi. Eng muhimi, tizim to‘liq avtomatlashgan holda boshqariladi.

“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida suvni boshqarish sohasida universitet olimlari, o‘qituvchi va talabalari tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari va amaliy loyihalari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar hamkorlik memorandumi imzoladi.

N.Abduraimova, O‘zA