Mamlakatimizda standartlashtirish sohasini isloh qilish va sohaga zamonaviy yondashuvlarni joriy qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Xususan, so‘nggi yillarda 12 mingta standart qabul qilindi, 400 turdagi mahsulotlarni sinovdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Natijada 40 ta yangi eksport bozoriga chiqildi. Buning natijasida so‘ngi 7-yilda O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2,5 barobarga oshib, 63 milliard dollarga yetdi. Bu yil ham eksportni 1,5 barobarga ko‘paytirib, 25 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, istiqbolda Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish maqsad qilingan.

Shu bois, amaldagi texnik tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish, uning eksportga ko‘maklashish va ichki bozorni sifatsiz tovarlardan himoya qilishdagi ishtirokini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega. Bundan tashqari, Milliy sertifikatlar chet elda tan olinishi uchun tizimli ishlash, Milliy etalonlar bazasini to‘ldirish orqali xorijda mamlakatimiz laboratoriyalarining sinov natijalariga ishonchni oshirish, hozirgi kunda eng zarur bo‘lgan texnik reglamentlarning mavjudlarini xalqaro talablarga moslashtirish va yangilarini ishlab chiqish zarur.

Joriy yil 27-fevralda Prezidentning “Texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi davlat boshqaruvini yanada takomillashtirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda shu yilning 28-fevralda “O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.

– Mazkur hujjatlar texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyati kompleks tahlil qilinib, sohada aniqlangan tizimli muammolarni hal etishga qaratilgan, – deydi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi matbuot xizmati rahbari Abdurauf Rasulov. – Shuningdek, texnik jihatdan tartibga solish agentligini raqamli transformatsiya qilish orqali, boshqaruvning shaffof, samarali va “korrupsiyadan holi” tizimini joriy qilishga e’tibor qaratilgan. Qolaversa, mahalliy mahsulotlar eksportini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yevropa ittifoqidagi 310 turdagi mahsulotga belgilangan talablarni o‘rganish hamda potensial eksportyorlarga yetkazish orqali eksport qilinayotgan mahsulotlar turini 390 tadan 700 taga yetkazishga ko‘maklashiladi. Hududlardagi 1 200 ta korxonaga xalqaro darajada tan olingan sifatni boshqarish tizimlarini joriy qilish orqali bu turdagi korxonalar soni 14,3 mingtaga yetkaziladi. Xalqaro va Yevropa ittifoqining respublikada avval amalda bo‘lmagan va eksport mahsulotlariga taalluqli bo‘lgan 1 ming 700 ta yangi standartni davlat tilida qabul qilish va korxonalarga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Nomuvofiq mahsulotlarni savdodan olish, yo‘q qilish, belgilangan talablarga javob bermaydigan mahsulotni muomaladan chiqarish talabi bajarilmagan hollarda yuridik shaxslarga realizatsiya qilingan mahsulot qiymatining 100 foizi miqdorida moliyaviy jarima qo‘llaniladi. Sertifikatlash jarayonini to‘liq onlayn nazorat qilish va elektron ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, Jahon savdo tashkilotiga a’zolikni ta’minlashda 20 mingta milliy standartlarni Jahon savdo tashkiloti qoidalari va talablariga muvofiqligi, shuningdek ularning O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun maqbulligi bo‘yicha qayta ko‘rib chiqish belgilangan. Xalqaro qonunlashtiruvchi metrologiya tashkiloti hujjatlari asosida 112 ta metrologik me’yor va qoidalarni qabul qiladi. 2024-yilda Axborot markazi tashkil etilishi va Jahon savdo tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida savdodagi texnik to‘siqlarga oid ma’lumotlar almashishni yo‘lga qo‘yish, xavfli mahsulotlarni bojxona hududiga kelgunga qadar ro‘yxatga olish va xavfi past mahsulotlarni deklaratsiyalash tartibini joriy etish belgilangan.

Bundan tashqari 2025-yil 1-yanvardan “Texnik tartibga solish” davlat axborot tizimini yaratish va mavjud 6 ta axborot tizimini yagona platformaga birlashtirish kabi vazifalar belgilangan.

Shuningdek, farmon va qaror bilan tizimdagi kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha mutaxassislarni O‘zbekiston standartlar institutida malakasini oshirish va attestatsiyadan o‘tkazish tartibi tasdiqlanib, uning davriyligi 3-yil etib belgilanmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu hujjatlar Agentlik faoliyatida xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan milliy muvofiqlikni baholash, sinov hamda o‘lchash natijalarini eksport bozorlarida tan olinishi, mahalliy mahsulotlarni ishlab chiqarishda xalqaro standartlar va texnik reglamentlarni joriy etish orqali ularning zamonaviy talablarga muvofiqligini ta’minlash, sifatni boshqarishning zamonaviy tizimlarini, birinchi navbatda, eksport qiluvchi korxonalarda keng joriy etish imkoniyatlarini yaratishi bilan hamiyatlidir.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA