O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining 2023-yildagi faoliyati sarhisobi bo‘yicha matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Kengash mutasaddilari professional sudyalar korpusini shakllantirish, tizimni malakali, halol va pok kadrlar bilan to‘ldirish, kadrlar salohiyatini oshirishga e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.

2023-yilda sudyalarni tayinlash, vakant lavozimlarni to‘ldirish bo‘yicha o‘tkazilgan ochiq tanlovlar natijasida 541 ta (umumiy nomzodlarning 70,4 foizi) tayinlovlar amalga oshirildi. Shundan 142 nafar sudya ushbu lavozimda bo‘lishning birinchi besh yillik muddatiga, 111 nafari o‘n yillik muddatga, 5 nafari muddatsiz davrga, 283 nafari vakolati muddatiga qayta tayinlandi.

Ayni paytda tizimda 1 ming 409 nafar sudya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 453 nafari sudyalik lavozimida bo‘lishning besh yillik muddatiga, 903 nafari o‘n yillik muddatga, 51 nafari muddatsiz davrga tayinlangan.

Tizimda 199 nafar (14,1 foiz) ayol sudya faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning 28 nafari rahbarlik lavozimlarida. O‘tgan yili kengash “Gender tenglik faoli” milliy tanlovining “Gender tenglikni ta’minlashda eng faol respublika darajasidagi davlat tashkiloti” yo‘nalishi g‘olibi deb topilgan. Bundan tashqari, 3 nafar ayol sudya Xalqaro ayol sudyalar assotsiatsiyasi a’zoligiga qabul qilingan.

Gender tenglikka erishish strategiyasining maqsadli ko‘rsatkichlariga ko‘ra, sudyalar orasida xotin-qizlar ulushi 2025-yilda 20 foizga, 2030-yilda 30 foizga yetkaziladi.

2023-yilda sudyalar daxlsizligi buzilishi, ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashuvlar bo‘yicha Kengash raisi tomonidan Bosh prokuraturaga kiritilgan taqdimnomalar natijasida xalq deputatlari mahalliy kengashlarning sudlarga turli vazifalar yuklash haqidagi 9 qarori bekor qilindi. Ikki holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va bir holat bo‘yicha sudyaga nisbatan chiqarilgan ma’muriy javobgarlikka oid qaror bekor qilindi. Yana bir holat bo‘yicha o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali sudyalar daxlsizligi va sud ishlariga aralashishga urinish ehtimoli mavjud holatlar bo‘yicha matbuot xizmati tomonidan tegishli bayonot berilib, voqelikka munosabat bildirib borilmoqda.

Korrupsiya holatlarining oldini olish va murosasiz munosabatda bo‘lishni shakllantirishga qaratilgan dastur tasdiqlanib, ijrosi ta’minlandi. Mazkur jarayonda sudyalar va sudyalikka nomzodlarni psixologik testdan o‘tkazish, natijalarini ularning faoliyatidan kelib chiqib tahliliy o‘rganish reytingi va Sudyalar odobi kodeksiga rioya etishi va boshqa omillarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish borasida doimiy ravishda sudyalar bilan ta’sirchan suhbatlar o‘tkazib kelinmoqda.

Reyting ko‘rsatgichlari yuqori sudyalar rag‘batlantirilishi bilan birga, reytingi past sudyalar faoliyati tahliliy o‘rganilib, ularning malakasini oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA