Sud tizimida ishlash uchun kadrlarga qanday talablar qo‘yiladi va ularni ishga qabul qilish tartibi qanday? Bu savollarga Oliy sud kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Muzaffar Muhiddinov javob berdi:

– Sud tizimiga oid nazariya va amaliyotni chuqur o‘zlashtirgan, ish uslubi va kasb talablarini yaxshi tushunib yetgan oliy ma’lumotli kadrlar ishga jalb qilinmoqda. 2023-yil oktyabr oyida Oliy sud huzurida “Bo‘lajak sud xodimlari” klubi tashkil etilgani bu jarayonda muhim o‘rin tutmoqda.

Mazkur klubning tashkil etilishi sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, odil sudlovni samarali ta’minlash hamda sudyalar hamjamiyati rolini oshirish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning mantiqiy davomidir.

Ta’kidlash kerakki, sud hokimiyati zimmasidagi mas’uliyatli vazifalarni faqat yuqori malakali, chuqur bilim va ko‘nikmalarga ega kadrlargina amalga oshira oladi. Shu bois, sud apparati xodimlarining jamiyatda ijtimoiy mavqeini va obro‘-e’tiborini oshirish hamda meritokratiya (kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini odilona va obyektiv baholash asosida eng munosib va qobiliyatli shaxslarni tanlab olish)tamoyili asosida yuqori malakali kadrlar korpusini shakllantirish Oliy sud rahbariyati oldida turgan dolzarb masaladir.

Zero, ishdagi sifat va natija, eng avvalo, faoliyat yuritayotgan kadrlarga bevosita bog‘liq. Albatta, jamoalarda ishchanlik muhitini yaratish bilan bir qatorda biz uchun xodimlarimizning dunyoqarashi, ma’naviyati, kasbiy odob-axloqi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada sud organlari “ustoz-shogird” an’analariga qat’iy amal qilib kelmoqda.

Oliy sud rahbariyati sudlardagi inson kapitalini rivojlantirishni soha uchun mutaxassislarni tayyorlovchi oliy ta’lim tashkilotlaridan boshlash zarur, degan qat’iy pozitsiyaga ega.

Bu yo‘nalishdagi asosiy maqsad oliy ta’lim tashkilotlarining “yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarni sud organlari faoliyati va sudyalik kasbiga oid qonunchilikda belgilangan talablar bilan tanishtirish, nazariy bilimlardan kelib chiqqan holda qonunni amalda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirish va mustahkamlashdir.

Shu bilan birga, nazariya va amaliyotning uzviyligini ta’minlash, talabalarni kasbiy faoliyatga mos ravishda vijdonli, halol, ochiq ko‘ngil, fidoyi hamda munosib mutaxassis sifatida tarbiyalashdir. Bunga erishishimizda esa “Bo‘lajak sud xodimlari klubi” bizga yaqindan yordam bermoqda.

Sud tizimida amalga oshirilayotgan ochiq kadrlar siyosati, bo‘sh ish o‘rinlari hamda sudlarda yaratilgan shart-sharoitlar bevosita talabalar, ya’ni sudlardagi ish o‘rinlarining potensial talabgorlari bilan bo‘lib o‘tayotgan uchrashuvlar orqali yetkazilmoqda.

Bunday yondashuv sudlardagi kadrlar siyosatini tubdan o‘zgartirdi. Sud organlarida kadrlar bilan ishlash jarayoniga xedxanting (davlat organlari va tashkilotlarida hamda xususiy sektorda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan malakali mutaxassislarni ishga jalb qilish), rekruting (yuqori malakali va amaliy tajribaga ega mutaxassislarni qidirish, tanlash hamda ishga faol jalb qilish jarayoni) kabi zamonaviy HR-menejment elementlari kirib kelmoqda.

Sud organlari vakillari talabalar bilan uchrashuvlardan tortib, ish beruvchilar uchun tashkil etilayotgan “Karera kunlari”gacha faol ishtirok etmoqda. Bunday hamkorlik nafaqat kadrlarni tayyorlash, balki ilmiy tadqiqotlar va izlanishlar uchun ham yangicha muhitni yaratmoqda.

Bu yo‘nalishda Toshkent davlat yuridik universiteti, Samarqand, Namangan, Termiz davlat universitetlari bilan yuridik kadrlarni tayyorlash sohasidagi o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi. Ushbu oliy ta’lim tashkilotlarining har biri bilan “yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishi talabalarining 2-kursdan boshlab magistratura bosqichigacha uzluksiz ravishda sud organlarida amaliyotlarini tashkil etish yuzasidan qo‘shma qarorlar imzolandi. Bundan tashqari, axborot texnologiyalari sohasida kadrlarni tayyorlovchi “Alfraganus university” nodavlat oliy ta’lim tashkiloti bilan ham hamkorlik o‘rnatildi.

Oliy sud kadrlar boshqarmasi yoshlar o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni targ‘ib etish yo‘nalishida ham faol ish olib bormoqda. Yoshlar ishlari agentligi va boshqa vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yurtdoshlarimiz o‘rtasida “Yoshlar va qonun” huquqiy tanlovi o‘tkazib kelinmoqda. Bunda, yoshlar tanlov shartlarini bajarish uchun hududlardagi ochiq sud jarayonlarida qatnashib, tajribali sudyalardan huquqiy-amaliy maslahatlar olish orqali o‘z bilimlarini boyitishga muvaffaq bo‘lmoqda.

Bu, o‘z navbatida, yoshlarimizning huquqiy ongi oshishi bilan birga, ularda sud hokimiyatiga bo‘lgan ishonch va kelajakda shu sohada mehnat qilishga bo‘lgan qiziqishni orttirmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan tizim oldiga qo‘yilayotgan ulkan vazifalarni amalga oshirishda sudlarga bilimli va shijoatli yoshlarni olib kirish orqali kadrlar siyosatini yanada takomillashtirish, ularning samarali mehnat qilishi uchun zarur sharoitlarni yaratish uchun barcha imkoniyat ishga solinmoqda.

N.Abduraimova, O‘zA