O‘zbekiston turizm industriyasi jadal rivojlanishi uchun qisqa muddatda eng qulay shart-sharoit, iqtisodiy, ma’muriy va huquqiy muhit yaratish asosiy vazifa hisoblanadi. Bunda, ayniqsa intererida milliy qadriyatlar o‘z aksini topgan mehmonxonalar, xostel va oilaviy mehmon uylarini ko‘paytirish dolzarbdir. Bugungi kunda tadbirkorlar va investorlar tomonidan joylashtirish vositalarini tashkil etish bo‘yicha yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Statistikaga nazar soladigan bo‘lsak, hozirga qadar 42 ming 456 ta nomer, 86 ming 172 ta joyga ega 1 ming 403 ta muvofiqlik sertifikati mavjud joylashtirish vositalari tashkil qilingan. Shulardan 1 ming 89 tasi mehmonxona, 85 ta dam olish zonasi va 229 ta boshqa turdagi joylashtirish vositasidir. Bundan tashqari 4 ming 979 ta xona, 10 ming 185 ta joyga ega 87 ta sertifikatlangan sanatoriy mavjud.

Poytaxtimizda “Hotel Business-2024” forumi tashkil etildi. Unda qayd etilishicha, davlatimiz rahbarining 2019-yil 5-yanvardagi “Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan 28 ta mehmonxonaga toifa olgani uchun subsidiyalar ajratilgan. Shulardan 7 tasi 4 yulduzli, 21 tasi 3 yulduzli mehmonxonadir. Toifaga ega mehmonxonalarning asosiy qismi hukumat tomonidan investorlarga yangi mehmonxona qurish va uni jihozlash uchun subsidiya ajratilishi natijasida tashkil qilingan.

Taniqli xorijiy brendlarni olib kirishga ham e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunda respublikamizda 12 ta xorijiy brendga ega mehmonxona faoliyat yuritmoqda.

Mavjud qonunchilikka asosan 3 yulduzli toifa uchun 60 ta xonadan kam bo‘lmagan, 4 va 5 yulduzli toifa uchun 120 ta xonadan kam bo‘lmagan, besh qavatdan past bo‘lmagan mehmonxonalar 2026-yil 31-dekabrga qadar foydalanishga topshirilgan taqdirda mehmonxona toifasi tasdiqlangach, investorlarning yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun ketgan xarajatlarining bir qismi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi. Bunda 3 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 40 million so‘m, 4 va 5 yulduzli toifaga ega mehmonxonalardagi har bir xona uchun 65 million so‘mdan ajratiladi.

Shu bilan birga, 2026-yil 31-dekabrga qadar dunyoning taniqli va nufuzli mehmonxona brendlaridan foydalanuvchi O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari bo‘lgan tashkilotlarning royalti xarajatlari franchayzing to‘g‘risidagi shartnoma kuchga kirgan vaqtdan boshlab, uch yil mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qisman moliyalashtiriladi. Albatta, yangi joylashtirish vositalarini tashkil qilishning o‘zi yetarli emas. Xodimlar malakasi, ularda ko‘rsatiladigan xizmatlar ham o‘ta muhim jihat sanaladi.

Asosiy e’tiborni mehmonxonalarda xalqaro miqyosda xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish, yashil texnologiyalarni hamda axborot texnologiyalarini joriy qilishga qaratish maqsadga muvofiq.

Forumda “Mehmondo‘stlik sektorini rivojlantirishda yashil iqtisodiyot: jahon tajribasi” mavzusiga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, xalqaro ekspertlar mehmonxona biznesini ekologik jihatdan barqaror rivojlantirish sohasidagi ilg‘or tajriba va misollarni taqdim etdi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA