Prezident Shavkat Mirziyoyev 29-fevral kuni iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy sohalar va mahallalarda olib borilayotgan ishlar bilan tanishish, yangi obyekt va loyihalarni ishga tushirish uchun Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumaniga borib, yangi ko‘prikning ochilish marosimida ishtirok etdi.

Bu ulkan iqtisodiy va ijtimoiy ahamiyatga ega strategik inshootdir. Prezidentimiz bu haqdagi tashabbusni 2020-yil 13-dekabr kuni Xorazm viloyati faollari bilan uchrashuvda ilgari surgan edi. Shundan so‘ng puxta loyiha ishlab chiqilib, katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Davlatimiz rahbari uning qurilishini ikki bor kelib ko‘rdi.

29-fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati faollari ishtirokida yangi ko‘prikning tantanali ochilish marosimi bo‘ldi.

Prezident dastlab poyezdda va avtomobilda yurib, ko‘prik sifatini ko‘zdan kechirdi. Jamoatchilik ishtirokidagi yig‘ilishda bu loyihaning samaradorligi, aholi hayotidagi ahamiyatini ta’kidladi.

– Orolbo‘yi mintaqasini, xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasini rivojlantirish, avvalo, ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatib, murakkab vaziyatda yashayotgan aholimizga qulay sharoitlar yaratish mamlakatimiz taraqqiyot strategiyasining bosh maqsadlaridan biridir. Ilgari ham aytganimdek, Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun O‘zbekiston xalqining baxti va farovonligidir. Bugun mana shu ezgu maqsadni amalga oshirish yo‘lida yana bir ulkan qadam qo‘ymoqdamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘prik qurilgan joy yurtimizning eng chekka hududlaridan biri. Shu paytgacha odamlar o‘tgan asrning elliginchi yillarida olib kelingan eski ponton ko‘prikdan foydalanib kelar edi. Har bahorda muz erib, daryoda suv ko‘payishi bilan u jiddiy shikastlanardi. Bu daryoning ikki tomonidagi aholiga juda ko‘p qiyinchiliklar tug‘dirardi.

Masalan, Amudaryo tumani aholisi avtomobilda Nukusga borish uchun Urganch va Beruniy orqali yurishga majbur edi. Buning uchun qo‘shimcha 180 kilometr yo‘l yurishga to‘g‘ri kelardi. Poyezdda esa Xorazmning sharq tomonidagi Xazorasp ko‘prigidan o‘tib kelinardi.

Yangi ko‘prik tufayli bu qiyinchiliklar barham topadi, xalqning uzog‘i yaqin bo‘ladi. U orqali Qoraqalpog‘iston bilan Xorazmni bog‘laydigan eng yaqin avtomobil va temir yo‘l qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.

Ko‘prikning uzunligi 423 metr. U bilan birga Shovot – Qorao‘zak bekatlarini bog‘laydigan 85 kilometrlik temir yo‘l hamda 3 ta vokzal ham barpo etildi.

Bu inshoot samarasida yo‘lning o‘tkazish qobiliyati 4 barobarga oshib, bir kecha-kunduzda 12 ming avtomobil harakatlanadi. Natijada 48 ming yo‘lovchining 2 soat vaqti tejaladi va daryodan xavfsiz o‘tishi ta’minlanadi.

Ko‘prik ikki tarafga qarab 24 juft poyezdni o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘lib, bu orqali temir yo‘l masofasi 180 kilometrga, yuk tashish tezligi esa 6 soatgacha qisqaradi. Bu esa mahalliy yuklarni tashish hajmini yiliga 2 barobarga oshirish, tashish tannarxini 2 barobarga kamaytirish imkonini beradi. Ushbu temir yo‘l orqali Qozog‘iston va Rossiyaga ham yangi yo‘nalishlar ochiladi.

Shuningdek, Qorao‘zak konlaridan tosh endi poyezdlarda tashilishi hisobiga Orolbo‘yi mintaqasidagi 4 million aholi va turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi avtomobil yo‘llari sifatli saqlanadi. Bundan ham aholi, ham tadbirkor va turistlar katta manfaat topadi.

– Biz birgalikda bunyod etgan bu muhtasham ko‘prik shunchaki navbatdagi infratuzilma inshooti emas. Bu ko‘prik, avvalo, o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari o‘rtasidagi mustahkam ishonch va do‘stlik, og‘zibirlik va hamkorlik ko‘prigidir. Bu yo‘l jahonga ochilayotgan Yangi O‘zbekiston, Yangi Qoraqalpog‘istonning taraqqiyot va farovonlik yo‘llaridir. Mana shu azim daryoning ikki sohilida, shunday yorug‘ kunlarni orzu qilib yashab kelayotgan ming-minglab yurtdoshlarimizning umidlari ro‘yobga chiqqan tarixiy kun barchamizga muborak bo‘lsin, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari og‘ir iqlim sharoitida fidokorona mehnat qilgan mohir quruvchilarga, loyihachi va muhandislarga, ko‘prikni barpo etishga munosib hissa qo‘shgan barcha insonlarga minnatdorlik bildirdi. Aholiga qulaylik yaratishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.

Xususan, bu yil Buxoro – Urganch – Xiva, kelgusi yildan Miskin – Nukus temir yo‘li elektrlashtiriladi. Natijada Xiva hamda Nukus shaharlariga tezyurar poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu hududlardagi aholining mamlakatimizning boshqa shaharlariga borib-kelishi osonlashadi. Bu loyihalar hisobidan transport xarajatlari 2 barobar qisqarib, yo‘lovchi tashish 30 foizga oshadi.

Umuman, bunday yirik loyihalar Qoraqalpog‘iston va Xorazmning iqtisodiy salohiyati oshishi, investitsiyalar oqimi va ish o‘rinlari ko‘payishi, aholi daromadlari o‘sishiga xizmat qiladi.

Marosimda so‘zga chiqqanlar mamlakatimiz hayotidagi ushbu tarixiy bir voqea munosabati bilan barchani tabriklab, Orolbo‘yi rivojiga e’tibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.

Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev “Xiva klaster” mas’uliyati cheklangan jamiyatining to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda xomashyoni chuqur qayta ishlab, qo‘shilgan qiymat yaratishga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, agrosanoatda klasterlar tomonidan zamonaviy korxonalar qurilib, tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish kengaymoqda.

“Xiva klaster” ham Xiva tumanida shunday fabrika tashkil etdi.  Turkiya, Germaniya va Xitoydan ilg‘or uskunalar keltirib o‘rnatildi. O‘tgan yil noyabrda ishga tushirilgan korxonada 500 kishining bandligi ta’minlandi.

Korxona yiliga 7 ming tonna ip-kalava, 4 ming tonna trikotaj mato, 10 million dona tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Eng muhimi, ularning sifati xalqaro standartlarga javob beradi. Shu bois ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar to‘liq eksportga yo‘naltiriladi. Korxonaning yillik eksport salohiyati 15 million dollar atrofida.

Davlatimiz rahbari bu yerdagi ishlab chiqarish jarayonini ko‘zdan kechirdi, tikuvchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.

Iqtisodiyot tarmoqlaridagi bugungi tendensiyadan kelib chiqib, bu korxonada ham energiya tejamkorlikka e’tibor qaratilgan. Masalan, kuz-qish oylarida xonalar ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan issiq suv yordamida isitiladi. Natijada katta miqdoragi tabiiy gaz tejaladi. Shuningdek, majmua tomlariga umumiy quvvati 60 kVt bo‘lgan quyosh panellari ham o‘rnatilgan. Bularning hisobiga mahsulot tannarxi raqobatchilarnikiga nisbatan past bo‘lmoqda.

Korxonada xorijiy hamkorlar talabiga asosan sifat nazorati, kasb o‘rgatish markazi tashkil etilgan. Chiqindilarni qayta ishlab, foydalanish ham yo‘lga qo‘yilgan.

To‘qimachilik klasteri o‘tgan yili qariyb 20 ming tonna paxta xomashyosi yetishtirgan. Shundan 1 ming 545 gektarda tomchilab sug‘orish yo‘lga qo‘yilgan.

Umuman, klaster tomonidan 2018-2023-yillarda 105 million dollarlik loyihalar amalga oshirilib, yillik 50 million dollarlik eksport quvvati yaratilgan. Klaster tizimida jami 800 dan ortiq yigit-qiz ishlamoqda. Jumladan, hozirda boshqa korxonalar bilan hamkorlikda yog‘, sovun, tuxum, sut mahsulotlari, poyabzallar kabi 20 ga yaqin tovarlar ishlab chiqarilmoqda.

Prezidentimiz mazkur klaster tizimidagi istiqbolli rejalar bilan ham tanishdi. Jumladan, yangi loyihalar hisobiga paxta yetishtirish va ishlab chiqarish hajmini oshirish, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar olish, kichik hajmli yuk mashinlarini mahalliylashtirish mo‘ljallangan. Shuningdek, yaqin yillarda chiqindisiz ishlab chiqarishga o‘tish rejalashtirilgan.

Klaster bu istiqbolli loyihalarni amalga oshirish orqali 10 mingdan 30 minggacha ish o‘rni yaratishni maqsad qilib olgan.

Davlatimiz rahbari Xorazm viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan investitsiya loyihalari taqdimoti bilan ham tanishdi.

Viloyatda chet ellik investorlar bilan hamkorlikda mashinasozlik, shaharsozlik, kimyo, to‘qimachilik, qurilish materiallari, tibbiyot, oziq-ovqat kabi muhim tarmoqlarda umumiy qiymati 1,5 milliard dollarlik o‘nlab loyihalar ishlab chiqilgan. Taqdimotda shundan umumiy qiymati 660 million dollardan ziyod 18 ta loyiha haqida axborot berildi.

Xususan, yuk elektromobillari, akkumulyatorlar uchun nikel sulfat, arxitektura oynalari, shisha idishlar, qurilish materiallari, lak-bo‘yoqlar va mato ishlab chiqarish kabi loyihalar hudud iqtisodiyoti rivojiga katta hissa qo‘shib, minglab ish o‘rinlari yaratishi bilan ahamiyatli. Mehmonxona, shifoxona, ko‘ngilochar maskanlar va yo‘llar qurish, ekoturizmni va baliqchilikni rivojlantirishga qaratilgan loyihalar aholi farovonligi oshishiga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari ularning tashabbuskorlari bo‘lgan chet ellik investorlar va mahalliy tadbirkorlar bilan suhbatlashdi. Loyihalarning iqtisodiy samaradorligi haqida fikr almashilib, ularni jadallashtirish, tadbirkorlarga qo‘shimcha sharoit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.

So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Xiva tumanidagi Istiqlol mahallasiga bordi.

Mahallada 3 ming 200 nafarga yaqin aholi yashaydi. Bu yerda 10 ta ishlab chiqarish korxonasi, 30 ga yaqin xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, yondosh hududda fermer xo‘jaliklari mavjud. Odamlar asosan tadbirkorlik va dehqonchilik bilan shug‘ullanadi.

Yaqinda mahalla idorasi binosi ta’mirlanib, to‘liq jihozlandi. Hududdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, maktab va tibbiyot maskanida barcha sharoit bor.

Mahalla faollari Prezidentimizga odamlarning turmush tarzi, daromadi, yoshlarning muvaffaqiyati haqida so‘zlab berdi. Mahallada ishsiz aholini doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan individual ishlash tizimi samara bermoqda. Ishsizlarga dehqonchilik uchun yer berish tajribasining Xorazm uchun ahamiyati kattaligi aytildi.

O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi farmoniga muvofiq, mahalla institutining jamiyatimizda va aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatidagi roli oshirildi. Mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori, soliqchi va ijtimoiy xizmat xodimidan iborat “mahalla yettiligi” tashkil etildi.

Ushbu tizim vakillari bilan muloqotda xalqni rozi qilishda mahalla tizimidagi samarali faoliyat, hamjihatlik muhimligi qayd etildi. Bunda quyi bo‘g‘indagi davlat vakillari o‘zlariga berilgan vakolatdan foydalanib, odamlarni rozi qilishi kerakligi ta’kidlandi.

Viloyatda ishsizlikni kamaytirish, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratish doimiy vazifa ekani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari mahallalarda bo‘lganida biror xonadonda mehmon bo‘lishi yaxshi an’anaga aylangan. Bu odamlar bilan yanada yaqin bo‘lib, samimiy suhbatlashishga xizmat qiladi.

Bu gal ham shunday bo‘ldi. Prezident mahallada yashovchi Sobirjon Matjonov xonadoniga tashrif buyurdi. Oila boshlig‘i qishloq xo‘jaligi ilmini yaxshi biladi. Xonadon sohiblari mo‘jazgina tomorqada issiqxona qurib, qulupnay yetishtiradi. Shuningdek, uy sharoitida baliqchilikni yo‘lga qo‘ygan. Parvarish qilinayotgan parranda – yuzdan ortiq tovuq, mingga yaqin bedana oilaga qo‘shimcha daromad keltirmoqda.

Suhbatda aholini tadbirkorlikka jalb etish, yoshlarni mehnatga o‘rgatib, kasb berish muhimligi, buning uchun davlat tomonidan barcha shart-sharoitlar yaratilishi ta’kidlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida “Voltalia” kompaniyasi tomonidan quvvati 100 megavattlik quyosh elektr stansiyasi qurilishini boshlash marosimi bo‘ldi.

Ma’lumki, davlatimiz tomonidan qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, katta dasturlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi uch yilda hududlarda birgina quyosh va shamol generatsiya quvvatlarini ishga tushirish uchun 2 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Natijada Buxoro, Jizzax, Qashqdaryo, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 2,6 gigavatt bo‘lgan 9 ta yirik quyosh va shamol elektr stansiyasi tarmoqqa ulandi.

Yana bir muhim jihati, bu loyihalar Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari, Xitoy, Fransiya kabi taraqqiy etgan mamlakatlar bilan sheriklikda amalga oshirilayotir.

Marosimda davlatimiz rahbari bu sohaning strategik ahamiyatini qayd etdi.

– Energetika sanoatida barqarorlikka erishish global integratsiya sharoitida har bir davlatning strategik maqsadi. Ayniqsa, qayta tiklanuvchi generatsiyalar – zamonaviy taraqqiyotga erishish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilishda kuch-quvvat bo‘ladigan asosiy “drayver”lardan biridir,  dedi Shavkat Mirziyoyev.

Muqobil energetika hisobiga bu yil respublikaning elektr generatsiyasida “yashil energiya” ulushi 15 foizga yetishi ta’kidlandi. 2030-yilga borib, aholisi 40 milliondan ortadigan Yangi O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun zarur bo‘lgan energiyaning 40 foizini “yashil energiya” hisobidan qoplash maqsad qilingan.

Bu borada aholi manfaatdorligini oshirish uchun o‘tgan yili “Quyoshli xonadon” dasturi boshlandi. 14 milliard so‘m imtiyozli resurslar ajratildi, soliq imtiyozlari berildi. Shuningdek, ehtiyojdan ortiqcha elektrni davlat tomonidan kafolatli xarid qilish tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Bu o‘z samarasini bera boshladi. Jumladan, Xorazmda ham 2 mingdan ziyod xonadon va 855 ta tadbirkorlar 15 megavattli quyosh panellarini o‘rnatib, ular tomonidan ehtiyojidan ko‘p ishlab chiqarilgan 320 ming kilovatt-soat elektr energiyasi davlat tomonidan sotib olindi.

Endi bu sohada yana bir majmua – Fransiyaning “Voltalia” kompaniyasi tomonidan Tuproqqal’a tumanida quyosh fotoelektr stansiyasi qurilishi boshlanmoqda.

Bu Xorazmdagi ilk shunday yirik loyiha bo‘ladi. Uning natijasida yiliga 254 million kilovatt-soat “yashil energiya” ishlab chiqariladi. Bu esa Xorazm viloyati yillik elektr energiyasi iste’molining 11 foizini qoplaydi. Ushbu stansiyani yil yakunigacha tarmoqqa ulash rejalashtirilgan.

Umuman bu loyiha ishga tushsa, Xorazm viloyatida elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 30 foizga oshib, 424 megavattga yetadi. Xususan, Tuproqqal’a tumanining elektrga bo‘lgan yillik 135 million kilovatt-soat talabi to‘liq qondiriladi.

Shu bilan birga, iste’moldan ortgan 40 foiz energiyani qo‘shni tumanlarga uzatish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ya’ni, 85 ming xonadonni elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlashga erishiladi.

Eng muhimi, ushbu loyiha orqali 76 million metr kub tabiiy gaz tejaladi, atmosferaga 106 ming tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

Yana bir e’tiborli tomoni, mazkur loyiha doirasida ilk bor agrovoltaika tajribasi qo‘llanadi. Bu bir maydonning o‘zida energiya va qishloq xo‘jaligini birlashtirish usuli bo‘lib, quyosh panellari ostida sabzavot va poliz ekinlari yetishtiriladi.

Davlatimiz rahbari bunday innovatsion loyihalar O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidlab, investor va muhandislarga minnatdorlik bildirdi.

– Barchangizni nafaqat Xorazm viloyati, balki butun mamlakatimiz iqtisodiyotiga yangi ruh va nafas olib kiradigan mana shunday yangi quvvatlar bilan tabriklayman, – dedi Prezident.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida «Voltalia» kompaniyasi bosh direktori Sebasten Kler bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Fransiyaning ushbu kompaniyasi qayta tiklanuvchi energetika sohasidagi inshootlarni qurishda boy tajribaga ega. Hozirda dunyoning 20 mamlakatida umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod investitsiya loyihalarini amalga oshirmoqda.

Uchrashuvda o‘zaro manfaatli sheriklikni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Oliy darajadagi muntazam uchrashuvlar tufayli keng qamrovli tus olgan O‘zbekiston bilan Fransiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlar izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti 2022-yil noyabr oyida Fransiyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida, shu jumladan, qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida hamkorlik yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Shu ma’noda, “Voltalia” bilan hamkorlikda Tuproqqal’a tumanida quvvati 100 megavattli quyosh elektr stansiyasini barpo etish loyihasi doirasidagi ishlar boshlanayotgani alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Kelgusida agrovoltaika yechimlarini joriy qilgan holda uning imkoniyatlarini yanada kengaytirish mumkinligi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari kompaniya bilan hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan, Xorazm viloyatida akkumulyatorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va Buxoro viloyatida gibrid turdagi elektr stansiyasini qurish rejalarini qo‘llab-quvvatladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi “Khorezm Insulation Group” qo‘shma korxonasini borib ko‘rdi.

Mamlakatimizda bunyodkorlik ko‘lami keng. So‘nggi yillarda barcha loyihalarda energiya tejamkorlik vazifasi qo‘yilmoqda. Shu bois bazalt xomashyosiga talab oshib borayotir. Tahlillarga ko‘ra, mamlakatimizda bunday mahsulotdan tayyorlangan plitalarga yillik talab 80 ming tonna.

Shu jihatdan, “Khorezm Insulation Group” qo‘shma korxonasi bozor konyunkturasi asosida tashkil topdi, deyish mumkin. Qiymati 41 million yevrolik ushbu loyihada bazalt xomashyosidan issiqlik saqlovchi plitalar ishlab chiqariladi. Xomashyo Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qoratau tog‘idan olib kelinadi.

Korxonaning yillik quvvati 30 ming tonna bo‘lib, qurilish sanoatiga talab yuqori mahsulotlar yetkazib beriladi. Shuningdek, Rossiya va qo‘shni davlatlarga 10 million dollarlik eksport qilish imkoniyati yaratiladi.

Buning uchun Germaniya, Turkiya, Rossiya va Xitoy davlatlaridan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatilmoqda. Korxonada 300 ta yangi ish o‘rni ochiladi.

Prezident korxona bilan tanishar ekan, mahsulotlar sifatini yanada yaxshilash, mahalliylashtirish darajasini oshirishga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi.

Ayni paytda bu yerda yiliga 15 ming tonna polipropilen va polietilen tola ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham ish olib borilmoqda. Natijada 80 ta yangi ish o‘rni, yana 10 million dollarlik eksport quvvati yaratilishi mo‘ljallangan.

Xorazm viloyatiga tashrifining birinchi kuni yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Energetika vazirligi, “O‘zkimyosanoat” AJ va yirik xorijiy investitsiya kompaniyasi rahbariyati bilan yig‘ilish o‘tkazdi.

Xorazm viloyatida umumiy investitsiya hajmi 10 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yirik gaz-kimyo loyihasini birgalikda amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Bo‘lajak quvvatlar yiliga 2,5 million tonna mahsulot ishlab chiqarishi va 3 ming ish o‘rni yaratishi kutilmoqda. Loyihani amalga oshirish muddati – 2024-2028-yillar.

Loyiha gaz-kimyo tarmog‘i rivojiga yangi sur’at bag‘ishlaydi va Yangi O‘zbekiston sanoatining flagmanlaridan biriga aylanadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xorazm viloyatiga tashrifi davom etmoqda.

Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbiri