2024-yil 19-fevralda “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirdi.

Qonunda nimalar nazarda tutilgan? Bu haqda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – Yangi O‘zbekistonni barpo etishning konstitutsiyaviy asoslarini yanada mustahkamladi. Ayni paytda yangilangan qomusimizga barcha qonun hujjatlari moslashtirilmoqda. Mazkur qonun ham shular jumlasidandir.

Qonun bilan 14 qonun va 1 kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Senatning vakolatlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirildi.

Ya’ni, Senat endilikda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashadi. Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda Oliy Majlisning qonunlarni qabul qilishga doir vakolatlarini bajaradi. Qonunni u Senatga kelib tushgan kundan e’tiboran 60 kun ichida ko‘rib chiqadi. Sudyalar oliy kengashini shakllantiradi. Korrupsiyaga qarshi kurashish va monopoliyaga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli davlat organlarining rahbarlariga taalluqli masalalarni ko‘rib chiqadi.

Senat kelgusi safar shakllantirilganda, uning a’zolari jami 100 nafardan 65 nafarga qisqartiriladi. Bunda, har bir ma’muriy-hududiy birlikdan 4 nafardan saylanishi, 9 nafari Prezident tomonidan tayinlanishi belgilandi.

Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi tugatildi.

Senatning ayrim vakolatlari bekor qilinib, ular Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari sifatida belgilandi. Bular – Davlat byudjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish va Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish, Prezidentning taqdimiga binoan Bosh vazir nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash, Bosh vazir, Hukumat a’zolarining hisobotlarini hamda Vazirlar Mahkamasining har yilgi ma’ruzasini eshitish.

Qonunchilik palatasi va Senatning o‘zini o‘zi tarqatib yuborish vakolati qonunchilikka kiritildi. Bunday holatda Qonunchilik palatasiga yangi saylov 2 oy mobaynida o‘tkaziladi, Senatning yangi tarkibi esa 1 oy mobaynida shakllantiriladi.

Xo‘jalik boshqaruvi organlariga palatalar tomonidan parlament so‘rovi hamda deputat va senator so‘rovlarini yuborish, shuningdek, ularning axborotini eshitish vakolatlari bekor qilindi. Xo‘jalik boshqaruvi organi faoliyatiga oid so‘rovlar endilikda hukumatga yoki tegishli davlat organiga yuboriladi.

Parlament tekshiruvini o‘tkazish uchun asoslar yangi tahrirdagi Konstitutsiya qoidalariga muvofiqlashtirildi. Endilikda Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida tuziladigan birgalikdagi maxsus komissiyasi tomonidan o‘tkazilishi belgilandi.

Deputat va doimiy ishlaydigan senatorlarning o‘z vakolatlari davrida ilmiy va pedagogik faoliyat bilan bir qatorda ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanish huquqi mustahkamlandi.

Hisob palatasi raisi Senat ma’qullaganidan keyin lavozimga tayinlanishi, shuningdek, palataning Prezident va Qonunchilik palatasiga hisobdorligi belgilandi.

Bosh prokuror Senat tomonidan nomzodi ma’qullanganidan so‘ng Prezident tomonidan lavozimga tayinlanadi. 2 muddatdan ortiq bir shaxs mazkur lavozimda bo‘lishi mumkin emasligi qonun bilan mustahkamlandi.

Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga nomzod Senat bilan o‘tkazilgan maslahatlashuvlardan keyin Prezident tomonidan tayinlanadi.

Qonunning Senat a’zolari soni va qo‘mitalar nomini hamda Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosarlari soni va maqomini belgilovchi qoidalari 2024-yilda navbatdagi chaqiriqdagi Oliy Majlis palatalari ishi boshlanganidan amalga kiritiladi.

Norgul Abduraimova, O‘zA