Senatning navbatdagi yalpi majlisi oldidan qo‘mitalar majlislari davom etmoqda. Kuni kecha qator qo‘mitalar majlislarida Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman)ning 2023-yildagi faoliyatiga oid hisoboti senatorlar diqqat-markazida bo‘ldi.

Axborot siyosati va davlat organlarida ochiqlikni ta’minlash masalalari qo‘mitasi majlisida Ombudsmanga o‘tgan yilda 18 ming 622 murojaat kelib tushgani qayd etildi.

Vakil tomonidan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan davlat organlari va tashkilotlari hamda sudlarga ta’sir choralari shaklidagi hujjat kiritilgan. Sudlarga kiritilgan da’vo arizalarining aksariyati qanoatlantirilgan.

Ombudsman nafaqat harakatlanish erkinligi cheklangan  shaxslarga ruhiy, psixologik, jismoniy yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazilgani to‘g‘risidagi shikoyatlar, balki Internet jahon axborot tarmog‘ida bu kabi holatlar yuzasidan tarqalgan xabarlarni ham to‘liq nazoratga olib, tegishli tartibda rasmiy munosabat bildirib kelmoqda.

Qo‘mita a’zolari monitoringlar soni va sifati o‘sib borayotganini ijobiy ko‘rsatkich sifatida qayd etdi. Shu bilan birga, aholi murojaatlarida ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar ijobiy yechim topishi uchun tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikdagi ishlarni kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

***  

Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi majlisida Ombudsmanning mintaqaviy vakillari muammolarni har tomonlama va tezkor hal etish maqsadida joylarga chiqib, sayyor qabullar tashkil etayotganiga e’tibor qaratildi.

2023-yilda mintaqaviy vakillar tomonidan 130 ta’sir chorasi bo‘yicha hujjatlar tayyorlanib, ularning ijrosi ta’minlanishida ishtirok etilgan. Xususan, ular ishtirokida tayyorlangan 18 xulosa davlat organlari va tashkilotlari, ularning mansabdor shaxslariga kiritildi va ularning 11 tasi yoki 61,1 foizi to‘liq qanoatlantirildi.

Senatorlar tomonidan ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasida fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida davlat organlari va tashkilotlariga, ularning mansabdor shaxslariga Ombudsman nomidan ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan ariza va da’vo arizalari, taqdimnomalar hamda tavsiyaviy xususiyatga ega xulosalarning ijrosi muhokama qilindi.

***  

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida Ombudsman tomonidan yoshlar va bolalar huquqlari hamda manfaatlari himoya qilingani e’tibor markazida bo‘ldi.

Ombudsmanning tashkilotlarga qilgan murojaatlari natijasida 5 nafar talabaning oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olishi uchun 24 million so‘mlik kontrakt puli to‘lanishida, 3 nafar voyaga yetmagan bolaning maktabga qabul qilinishida hamda 2 nafar maktab o‘qituvchisining dars yuklamasi tiklanishida, 2 nafar talabaga OTMga qarashli yotoqxonadan joy ajratilishida ko‘maklashilgan.

Shuningdek, 30 nafar fuqaroning tibbiy ko‘rikdan o‘tishida va 17 nafarining davolanishi uchun yo‘llanma berilishida, 1 nafarining “Saxovat” uyiga joylashtirilishida, 5 nafari nogironlik aravachasi hamda 2 nafari bilak protezi bilan ta’minlanishida, 2 nafariga nogironlik nafaqasi va 1 nafariga nogironlik guruhi belgilanishida yordam ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, 20 nafar fuqaroning “Ayollar daftari”ga kiritilishida, 3 nafar xotin-qizga “himoya orderi” berilishida, 2 nafar fuqaroning “Yoshlar daftari”ga kiritilishida ko‘maklashilgan.

Fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda xotin-qizlarning huquqlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarni yanada kuchaytirish, havoning ifloslantirilishi yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarni alohida nazoratga olish va ta’sirchan choralar ko‘rish, Ombudsmanga murojaat qilishning tez va qulay imkoniyatini beruvchi “mobil ilova”ni ishlab chiqish va yo‘lga qo‘yish kabi takliflar bildirildi.

N.Abduraimova, O‘zA