“Yashil iqtisodiyot” – bu butun dunyo talpinayotgan najot yo‘lidir. Chunki ekologiya bilan bog‘liq muammolarning keskinlashuvi insoniyatni shunga majbur qilmoqda.

2024 yil 7 fevralda “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yanada rivojlantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun kuchga kirgani bunga keng yo‘l ochadi.

O‘zA muxbiri yurtimizda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish bo‘yicha qilinayotgan ishlar, bu borada yangi qonunning qanday ahamiyat kasb etishi haqida Senatning Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Boriy Alixonov bilan suhbatlashdi. 

– Samaradorligi past va xarajatlari yuqori bo‘lgan, atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatib, ko‘p resurs talab etadigan iqtisodiyotning eski modelini yengib, “yashil taraqqiyot”ga o‘tish hozirgi davrning eng dolzarb vazifalaridan biridir. Dunyoning rivojlangan mamlakatlari ham “yashil iqtisodiyot” modeliga o‘tish yo‘lida o‘z siyosatlarini tubdan qayta ko‘rib chiqmoqda.

Zero, yangi global yashil rivojlanish – taraqqiyotning maqbul yo‘llaridan biri bo‘lib, u jahon iqtisodiyoti va moliyaviy tizimining barqarorligini ta’minlaydi.

Lo‘nda qilib aytganda “yashil iqtisodiyot – bu qayta tiklanuvchi, resurs tejamkor, chiqitsiz va kam chiqitli texnologiyalar keng qo‘llaniladigan, issiqxona gazlari past darajada chiqariladigan, atrof-muhit uchun xavf ahamiyatli darajada kamaytirilgan, tabiiy resurslardan samarali foydalanishga asoslangan iqtisodiyotdir.

– Mamlakatimizda “yashil iqtisodiyot”ga o‘tish uchun qanday ishlar amalga oshirilmoqda? 

– Respublikamizning “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishi va barqaror rivojlanish maqsadlariga samarali erishish jarayonini tezlashtirishga qaratilgan masalalar doimiy kun tartibida. Shu maqsadda iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish ustuvor vazifalardan biri ekani belgilangan.

Energiya barqarorligini ta’minlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirildi.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad aholini uzluksiz energiya bilan ta’minlash, energetik xavfsizlikka erishish, yashil iqtisodiyotni rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlarini tashkil etishdir.

O‘zbekiston energetika sektorining “yashil iqtisodiyot”ga o‘tishi jarayonida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish muhim rol o‘ynaydi. Boz ustiga, uglevodorod energiyasi manbalari resurslarining chegaralangani, ularning hajmi kamayishi muqobil energetikani rivojlantirish choralarini ko‘rishni talab etmoqda.

– O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy salohiyati qanday? 

– Ekspert xulosalariga ko‘ra, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy salohiyati 51 milliard tonna neft ekvivalentiga teng bo‘lib, texnik imkoniyatlari esa 179 million tonna neft ekvivalentini tashkil etadi.

Ushbu ko‘rsatkich mamlakat bo‘yicha yiliga iste’mol qilinadigan energiya hajmidan qariyb 2,5 barobarga ko‘p. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish 447 million tonna uglerod oksidi, oltingugurt birikmalari, azot oksidlari va boshqa ifloslantiruvchi moddalarning hamda parnik gazlarning atmosfera havosiga tashlanishining oldini oladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalarining elektr energiyasini ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushi qariyb 10 foizdan ziyodni tashkil etmoqda. Bu borada O‘zbekiston 2030 yilga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari quvvatini 27 gigavattga yetkazib, elektr energiyasi ishlab chiqarish umumiy hajmining kamida 40 foiziga olib  chiqishni maqsad qilib oldi.

Bu har yili 25 milliard kub metr tabiiy gazni iqtisod qilish, atmosferaga zararli tashlanmalarni 34 million tonnaga qisqartirishga xizmat qiladi.

Tarmoqda xususiy sektor va yetakchi xorijiy kompaniyalar faoliyatiga qulay sharoitlar yaratilishi natijasida ular ishtirokida mamlakatimizda  qayta tiklanuvchi energetika salohiyatini kengaytirishga qaratilgan ko‘plab loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

2023 yil 27 dekabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev oltita hududda 5 ta quyosh va 1 ta shamol elektr stansiyalarini ishga tushirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.

Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, O‘zbekistonda energetika tizimini isloh qilish va barqarorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur amalga oshirilmoqda.

Xususan, ilk bor 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobidan, davlat-xususiy sheriklik asosida Karmana va Nurobod tumanlarida umumiy quvvati 200 megavattlik quyosh stansiyalari barpo etilib, o‘tgan davrda ular 1 milliard kilovatt soat “yashil” elektr energiyasini ishlab chiqardi.

BAAning “Masdar” kompaniyasi tomonidan Jizzax, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida umumiy quvvati 900 megavatt bo‘lgan uchta zamonaviy fotoelektr stansiyasini barpo etish loyihasi yakunlandi. Shuningdek, Navoiy viloyati Tomdi tumanida 500 megavattlik shamol elektr stansiyasining birinchi bosqichi qurib bitkazildi.

Xitoyning “China Gezhouba Group” kompaniyasi tomonidan Buxoro va Qashqadaryoda umumiy quvvati 1000 megavattlik quyosh stansiyalarining birinchi bosqichi qurilishi yakunlandi.

Bu ulkan ishlar energetika tarmog‘idagi islohotlarning navbatdagi qadamidir. Bu chora-tadbirlarni tizimli davom ettirib, raqobatli bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tiladi.

– Mazkur sohada yana qaysi masalalarga e’tibor qaratish kerak? 

– Fikrimizcha, mazkur sohada qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalarini va alohida detallarini ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni kengaytirish zarur.

Sohada o‘rta va oliy ma’lumotli, yuqori malakali, shuningdek, xizmat ko‘rsatuvchi kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirishni tizimli yo‘lga qo‘yish kerak.

Mavjud salohiyatni birlashtiruvchi qisqa va uzoq muddatli ilmiy-tadqiqot hamda tajriba konstruktorlik ishlanmalarini amalga oshirishning maqsadli dasturlarini ishlab chiqish darkor. Hududlar tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqib, (landshaft, yaylovlar, flora va faunaga zarar yetkazmagan holda) sanoat korxonalari va ijtimoiy soha ob’ektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish tartibini ishlab chiqish lozim.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari elektron chiqindilarini to‘plash, saralash va utilizatsiya qilishni tashkil etish, energiya manbai sifatida “Yashil vodorod” va boshqa sintetik yoqilg‘ilardan foydalanish masalalarini jadallashtirish, issiq suv va issiqlik ishlab chiqaruvchi quyosh kollektorlarini o‘rnatishga e’tibor qaratish, O‘zbekistonning “Quyosh atlasi” va “Shamol atlasi”ni ishlab chiqish ishlarini yakuniga yetkazish lozim.

– Bu ko‘rsatkichlarga erishishda yangi qonun qanday ahamiyat kasb etadi? 

– “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish yanada rivojlantirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun yuqorida keltirilgan zaruriyatga asosan qabul qilindi. Yangi qonun bilan amaldagi 1 ta qonun va 1 ta kodeksga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Jumladan, “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qonunga “yashil energiya” sertifikatlari – qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarilganini tasdiqlovchi elektron hujjat tushunchasi kiritildi.

“Yashil energiya” sertifikatlarini berish va muomalaga kiritish tartibini belgilab beruvchi normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish vakolati Vazirlar Mahkamasiga berildi.

Quvvati 300 kVt va undan yuqori bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda ishlab chiqariladigan elektr energiyasini yagona elektr energetika tizimiga ulash ushbu manbalar maxsus vakolatli davlat organida ro‘yxatdan o‘tkazilganidan keyin amalga oshiriladi.

Qonun bilan Soliq kodeksiga qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishga asoslangan generatsiya ob’ektlarining “yashil energiya” sertifikatlari savdosidan tushgan daromadlarini foyda solig‘idan ozod qilishga doir o‘zgartish kiritildi.

Qonun ijtimoiy va uy-joy kommunal sohalarida hamda iqtisodiyot tarmoqlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etishga,  energiya samaradorligini oshirish orqali respublika hududlarida energiya taqchilligi qoplanishini ta’minlash, bu boradagi ishlarni kompleks tashkil etishga zamin yaratadi.

Qolaversa, qonun investorlar uchun qulay sharoitlar va rag‘batlantirish mexanizmlar joriy qilinishiga, shuningdek, sanoat va aholining energiya ta’minotini yaxshilash, pirovard natija energetika barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri

Norgul Abduraimova suhbatlashdi.