MOQ rahbari Umid Ahmadjonov Rossiyada Jahon chempionatining ochilishida ishtirok etadi

Xabaringiz bor, XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlariga 2020 yilda Yaponiya poytaxti Tokio mezbonlik qiladi. O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Prezidenti, mamlakat futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov tashkiliy qo‘mita rahbarlari bilan uchrashib, muzokaralar olib borish uchun kunchiqar yurtga jo‘nab ketdi. MOQ rahbari u yerda O‘zbekiston sport delegatsiyasining tayyorgarligi yuzasidan bir qator masalalar bo‘yicha muzokaralar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Jumladan, “Takasaki Foundation” vitse-prezidenti Mitsuo Yuki, Tokioda Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari o‘tkazish bo‘yicha vazir Toshiaki Endo, Yaponiya Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Sunekadzu Takeda bilan muloqotlar olib boriladi, to‘rt yilning nufuzli sport tadbiriga ko‘rilayotgan tayyorgarlik yuzasidan, qolaversa, ikki mamlakat Olimpiya o‘yinlari harakati doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, Olimpiya sport turlarining rivoji yo‘lidagi islohotlar muhokama qilinadi, o‘zaro fikr almashadilar.
MOQ va O‘FA mutasaddisi Yaponiyadagi masalalarni nihoyasiga yetkazgach, o‘sha yerdan to‘g‘ri Rossiya poytaxti Moskva shahriga yo‘l oladi. U yerda FIFA Kongressida ishtirok etib, futbol bo‘yicha Jahon chempionatining ochilish uchrashuvi – Rossiya – Saudiya Arabistoni terma jamoalari o‘rtasidagi bahsni “Lujniki” stadionining martabali mehmonlar lojasidan tomosha qilishi belgilangan.

 

O’zA