Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Raisi A.Orinbayev rahbarligida Orol dengizining qurigan maydonlarida 2024 yilgi saksovul va boshqa cho‘lga chidamli ekinlarni ekish ishlari boshlab yuborildi.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 15-16 noyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifida Orol dengizining qurigan maydonlarida “yashil qoplamalar” – himoya o‘rmonlarini barpo qilish, hududdagi ekologik holatni yaxshilash, zararli tuz va changlarni Orol dengizining tubidan ko‘tarilishining oldini olish maqsadida bir qator topshiriqlar belgilab berilgan edi.
Boshlangan ezgu ishlarda har yili respublika viloyatlaridan kelgan yordamchilar, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Favqulodda vaziyatlar, Obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari va mahalliy fuqarolar ishtirok etib, 2018-2023 yillar davomida 1 million 755 ming gektar maydonga saksovul, cherkez, qandim kabi sho‘rga va qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklardan iborat “yashil qoplamalar” barpo etildi. E’tiborlisi, shu kunga qadar 17 ming kilometr kvadrat maydon ko‘kalamzorlashtirilib, cho‘l o‘simliklarining ko‘karishi bo‘yicha yaxshi natijaga erishilmoqda.
Hozir saksovul ekish ishlarida uch avlod vakillari va deputatlar ishtirok etib, yurtimiz ekologiyasini yaxshilash yo‘lida o‘zlarining salmoqli hissasini qo‘shdi.
Tadbirning ochilish marosimida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib, ushbu xayrli tashabbusda ishtirok etayotgan barchaga mashaqqatli, shuning bilan birga, sharafli ishlarida zafarlar tiladi.
– Xayrli ishda, ayniqsa, yoshlar faol ishtirok etmoqda, – deydi Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talabasi Araylim Kemalova. –Bundan uch yil avval kelganimizda bunday darajada bo‘ladi deb o‘ylamagan edik. Dastlabki ekilgan ko‘chatlarning bo‘yi bugun 2 metrgacha ko‘tarilgan. Albatta, bu ishlarning barchasi aholining farovon hayoti, yoshlarning baxtli kelajagi uchun qilinmoqda.
Tadbir yakunida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi. Favqulodda vaziyatlar hamda Obodonlashtirish boshqarmalari xodimlari, mahalla raislarining bir guruhi ko‘krak nishonlari, esdalik sovg‘alari, faxriy yorliqlar hamda harbiy unvonlar bilan taqdirlandi.
Xayrli ishlar ushbu yilda ham davom ettirilib, Orol dengizining qurigan tubida aviatsiya hamda texnikalar yordamida jami 100 ming gektar maydonda o‘rmonzor barpo etish maqsadida saksovul, qandim, cherkez kabi cho‘lga chidamli o‘simliklar ekiladi. Shu asosda “Dengiz chekinsa ham, inson chekinmaydi” degan ezgu g‘oya asosida joriy yilgi ekish ishlariga start berildi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat, video), O‘zA muxbirlari