Robotlar mavzusi yangilik emas, albatta. Yuqori va raqamli texnologiya, sun’iy intellekt, dron, internet atamalari allaqachon kundalik turmushning ajralmas qismiga aylandi.

Binobarin, aynan robot yaratish yuqori texnologiya sohasida ustuvor ekani ta’kidlab kelinadi, chunki yuqorida sanab o‘tilgan barcha yo‘nalishlarga tegishli unsurlar aynan robotda umumlashtirilmoqda, desak xato bo‘lmaydi. Shu bois mazkur yo‘nalishda izlanish jadal olib borilayotgani, turli sohalarda “temir odam” inson o‘rnini egallayotgani e’tirof etilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, aqlli “temirtan”lar, sanoat ishlab chiqarishdan tortib, insonlar shaxsiy hayotiga ham kirib kelmoqda. Quyida robot olamida yuz berayotgan so‘nggi yangiliklarga e’tibor qaratamiz.

Robot-kuchuk yoki Robot-Pikasso chizgan suratlarning xaridori ko‘p

Inson yaralibdiki, har sohada ishini takomillashtirish, osonlashtirish haqida bosh qotirib kelgan. Rassom Agneshka Pilat ham shunday yo‘ldan borib, suratni yangi usulda chizishga qaror qildi. Ijodkor “buyuk asarlari”ni yaratishda mo‘yqalami va hatto, qo‘lidan ham foydalanmayapti. Uning uchun hamma ishni “Boston Dynamics” ishlab chiqargan mexanik yordamchi bajarmoqda.

Hozir robot-kuchuk chizgan suratlar yaxshi narxda sotilyapti, deb yozgan “New York Post”. Masalan, auksionda bir san’at shaydosi surat uchun 40 000 dollar bergan.

Avstraliyaning Melburn shahridagi Viktoriya milliy galereyasida tashkil etilgan “Heterobota” ko‘rgazmasida namoyish qilingan surat chizish jarayoni tomoshabini bisyor.

Yumshoq mitti-robot suv tozaligini tekshiradi

Rasm chizish robot bajaradigan oson ishlardan biri, xolos. Yaqinda xitoylik biologiya-tibbiyot muhandislari uncha katta bo‘lmagan yumshoq robot yasashdi. Qurilma suyuqlikda koronavirusni aniqlashi mumkin.

Robot suzadi va suvning toza yoki iflosligini aniqlaydi. mexanizm uch o‘lchagichdan iborat: biri suvda va suyuqlik atrofida xlorid darajasini, boshqasi ammiak miqdorini tekshiradi va o‘lchaydi, uchinchisi esa koronavirus mavjudligini bilib beradi. Ma’lumotni qayta ishlaydigan chip esa ogohlantirishni smartfonga jo‘natadi.

Robot-ko‘ylak modaga aylansa…

Shunday bo‘lyapti ham. “Schiaparell” modalar uyi Parijda 2024 yil uchun bahor-yoz to‘plamini namoyish qildi. Modellardan birining sahnaga texno-ko‘ylakda chiqishi tomoshabinlar hayratiga sabab bo‘ldi.

Ko‘ylak-robot elektron chip va eski platodan iborat. Ikki tugmachali telefon, hisoblagich va batareyka libosga zeb bergan, deydi ekspertlar. Shuncha matoh orasida “Swarovski” qimmatbaho toshi yaraqlab turgani alohida mavzu, deyish mumkin.

Dunyodagi eng epchil robot yaratildi

Robot yasasang, hamma topshiriqni mukammal bajarishga urinsa-yu, harakati juda sust bo‘lsa… demak qurilma mukammal emas. Shu kamchilikni to‘g‘rilash ustida bosh qotirish kerakligini anglagan Vashington universiteti olimlari yaqinda eng kichik, yengil va chaqqon robot yasashdi.

Qo‘ng‘iz ko‘rinishda yaratilgan mitti mashinaning birinchisi atigi sakkiz milligramm, ikkinchisi esa 55 milligramm keladi. Ikkalasiyam suv yuzasida yoki quruqlikda soniyasiga olti millimetr masofani bosib o‘tadi.

Dastlabki sinovda mikrorobot o‘zidan 150 marta og‘ir yukni ko‘targan.

 

“Tesla Optimus” roboti futbolka taxlaydigan dastyorga aylandi

Yaqinda Ilon Mask ijtimoiy tarmoq sahifasida “Optimus Gen-2” robotiga o‘xshash qurilma futbolkalarni tartib bilan taxlayotganini namoyish qildi.

Milliarder e’tirof etishicha, “Tesla”robotlari hozircha mustaqil harakat qila olmaydi. Rolikda moslamani odam boshqarayotgani, savatda bir futbolka turgani tasvirlangan. Qarshisidagi stol robot uchun maxsus balandlikda yasalgan. Agar stol bir santimetr past yoki yuqori bo‘lsa, robot futbolkani taxlay olmasdi.

Mask ishontirishicha, kelajakda “Optimus” robotlari bunday ishlarni mustaqil bajaradi.

Geymerga sherik robot

Yaponiyaning Nari (NAIST) fan va texnologiya instituti geymerlar uchun uncha katta bo‘lmagan robot-sherik yaratdi.

Mashina geympadni ishlata oladi, o‘yinchi tarafdan turib yoki unga raqib bo‘lib o‘ynay oladi. Qurilma sinovdan o‘tgach, 11-bor o‘tkazilgan “Human-Agent Interaction-2023” – HAI23 xalqaro konferensiyasida namoyish qilindi.

Ishlanma mualliflari ta’kidlashicha, robot nafaqat o‘yinchiga sherik bo‘la oladi, balki ekrandagi harakatga munosabat bildirib, sherigini turli maqtov so‘zlar bilan faol qo‘llab-quvvatlaydi ham.

Tizim sun’iy intellekt til modeli asosida muloqot qiladi.

Ekspertlar robotlashgan tizimni 30 nafar o‘yinchi ishtirokida sinovdan o‘tkazishdi. Robot bilan sherik bo‘lib o‘ynagan ko‘ngillilarning ko‘pchiligi o‘zi yolg‘iz o‘ynaganidan ko‘ra yaxshi natijaga erishganini ta’kidlagan.

Robotlarni savdo ishi ham qiziqtiryapti

2024 yil Kaliforniyada dunyodagi ilk to‘liq avtonomlashtirilgan restoran ochiladi. Sun’iy intellekt jarayonga to‘liq rahbarlik qiladi.

Mazkur restoran g‘oyasi Amerikaning bir yo‘la uch – “Cali Group”, “Miso Robotics” va “PopID” kompaniyalariga tegishli. “Cali Group” restoran va chakana savdo biznesiga zamonaviy texnologiyani joriy qilish bilan shug‘ullanadi. “Miso Robotics” sun’iy intellekt boshqaruvi asosida dunyodagi ilk robotlashtirilgan taom tayyorlash majmuasiini yaratadi. “PopID” esa biometriya yordamida elektron to‘lov amalga oshirish uchun yechim qidirmoqda. “CaliExpress by Flippy” nomli ushbu restoran Pasadena shahri markazida joylashadi.

Aytishlaricha, bu yerda an’anaviy amerikacha “fast-fud” tayyorlanadi.

Uni sindira olmaysan

Xitoyning “Unitree” brendi B2 mexanik iti imkoniyatini namoyish qildi. Qurilma turli muhitda korxonani qo‘riqlash, avariya-qutqaruv amaliyotini o‘tkazish uchun mo‘ljallangan, deb yozgan “New Atlas” nashri.

Relefda harakatlanish uchun robot ikki HD optik kamera va turli sensorlar, jumladan “LiDAR” moduli kombinatsiyasidan foydalanadi. “It” avtonom tarzda zinapoyaga ko‘tarilishi, turli murakkablikdagi, balandligi 40 santimetrgacha bo‘lgan to‘siqlardan o‘tishi mumkin. O‘zidan oldingi robot bilan solishtirilganda, V2 tezroq harakatlanadi. “Unitree”  brendi ma’lum qilishicha, 40 og‘irligi kg keladigan “jonivor” soniyasiga 6 metr tezlikda ishlaydi, tik turgan holatda 120 kg yukni ko‘tara oladi. Ya’ni, nazariy jihatdan robot ustiga ikki kishini mindirishi mumkin va bundan qiynalmaydi.

Ikki ayoqli robot uyingizni qo‘riqlaydi

Yaqinda LG o‘zining so‘nggi aqlli uy innovatsiyasi – “Smart Home AI Agent” qurilmasi haqida ma’lumot berdi. G‘ildirakli ikki oyoqli robot sun’iy va multimodal texnologiyani birlashtirgan, deb yozdi “FoneArena.com” sayti. Yangi mahsulot uyingizda aqlli yordamchiga aylanadi. O‘rnatilgan kamera va o‘lchagich xona kengligini aniqlaydi. Dinamik, mikrofon va sun’iy intellekt tizimi mustaqil harakatlanadigan robotga inson nutqini tushunish, unga javob berishda yordam beradi. Qurilma foydalanuvchi bilan faol muloqotga ham kirisha oladi. LG roboti “Qualcomm Robotics RB5” platformasi va atrof-muhit haqida ma’lumot to‘playdigan sensor bilan jihozlangan. Real vaqtda harorat va namlikni, ichki havo sifatini o‘lchaydi. Bundan tashqari yordamchi aqlli maishiy texnikaga ulanadi va egasining buyrug‘i bilan moslamani boshqaradi. Ikki oyoqli qorovul uyni qo‘riqlashi, biror noodatiy harakatni aniqlab, foydalanuvchiga ogohlantirish yuborishi mumkin. Robotning yana bir foydali tomoni sohibiga shaxsiy jadvalidagi ishlarni eslatib turishida. Masalan, vaqtida dori-darmon qabul qilishni aytadi.

“Tesla” robotlari insonga qarshi bosh ko‘tarmoqda

Bunday voqealar faqat fantastik kinoda bo‘ladi, deb o‘ylayotganlar adashadi, chamasi. Robot hayotda ham inson bilan ziddiyatga borarkan. O‘tgan yil  Texasdagi “Tesla” avtomobil zavodida shunga o‘xshash dahshatli voqea yuz berdi. Avtomobil qismini harakatlantirish uchun mo‘ljallangan robot “aqldan ozgan”ga o‘xshadi va odamga hujum qildi. “Daily Mail” nashri  yozishicha, kompaniya muhandisi ishdan chiqqan ikki robotning dasturiy ta’minotini tuzatayotgan edi. Shu payt yaqin atrofdagi boshqa bir mashina uni devorga tirab, temir tutqichini bechoraning orqasi va qo‘liga botirgan. Mutaxassislar bunga dasturdagi nosozlik sabab bo‘lganini aniqlashdi. Manbaga ko‘ra, shunga o‘xshash hodisa “Tesla” zavodida tez-tez sodir bo‘lib turarkan. Faqat mutasaddilar bu haqda keng jamoatchilikka ko‘pam bildiravermasa kerak.

Saidmurod Rahimov, O‘zA