“Jahon yetakchilari bema’ni qurollanish poygasiga barham berib, resurslarni iqlim o‘zgarishi oqibatiga qarshi kurashga yo‘naltirishi kerak”, – deb bayonot berdi Bangladesh Bosh vaziri Shayx Hasina.
“Dhaka Tribune” nashri yozishicha, hukumat rahbari Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida so‘zga chiqib, jahon yetkchilariga qarata “insoniyatning yashab qolish masalasi eng birinchi muammoga aylangan bir paytda tor manfaatni ko‘zlash hech qanday ijobiy natija bermaydi”, degan.
***
AQSH bilan xavfsizlik kafolati to‘g‘risidagi bitim iyulda bo‘lib o‘tadigan NATO sammitigacha imzolanishi mumkin, dedi Ukraina Bosh vazirining Yevropa va Yevroatlantika integratsiyasi masalasi bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Olga Stefanishina.
Avvalroq AQSH davlat departamenti vakili Deniel Sayzek Vashington bilan Kiyev o‘rtasida xavfsizlik kafolati to‘g‘risida shartnoma muhokama qilinayotgani haqida bayonot bergan edi.
***
Yerevan va Boku o‘rtasidagi tinchlik shartnomasining ayrim muhim bandlari hozircha kelishib olingani yo‘q, dedi Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Germaniyada arman jamoatchiligi bilan kechgan uchrashuvda.
“Tinchlik shartnomasining qator bo‘limlari kelishilgan, lekin bir necha muhim band bo‘yicha hali kelishuvga erishilgani yo‘q, bu masalalar ustida ishlash kerak”, – degan Pashinyan.
***
Kongo Demokratik Respublikasi Ruandani Goma shahri aeroportiga dron hujumi uyushtirganlikda aybladi, deb xabar tarqatdi “AFP” agentligi.
Avvalroq “Frans Press” Kongo sharqidagi Goma shahri aeroporti hududiga bomba tushgani haqida xabar tarqatgan edi. Bu yerda bir necha yildan buyon hukumat armiyasi bilan isyonchilar o‘rtasida jang bormoqda.
***
Senegalda prezident saylovini o‘tkazish talabi bilan ommaviy namoyish bo‘lib o‘tdi, deb yozdi “Frans Press” agentligi.
Avvalroq mamlakat parlamenti saylov sanasini 2024 yil 15 dekabrga ko‘chirish to‘g‘risida qonun qabul qilgan.
Namoyishchilar qo‘llarida “Saylov muddatiga amal qiling!”, “Konstitutsion to‘ntarishga yo‘l qo‘yilmaydi!”, “Ozod Senegal!” singari yozuvlar tushirilgan lavhlarni ko‘tarib olgan.
***
– Tayvan bo‘g‘ozida tinchlik, barqarorlik saqlanishi uchun Tayvan mustaqilligi keskin rad etilishi kerak, – dedi Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyada. – Tayvan Xitoy hududining ajralmas qismi, bu masala Xitoyning ichki ishi, shu bois yagona Xitoy tamoyiliga amal qilinishi kerak.
***
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Armaniston Ukraina masalasida Rossiyani qo‘llab-quvvatlamaydi, deya bayonot berdi.
“Avval ham aytganmiz, Armaniston Ukraina masalasida Rossiya ittifoqchisi emas, bu bizning aniq qarashimiz”, dedi Pashinyan.
***
Amerikalik harbiylar xusiylarning suv osti dronlarini aniqladi, deb xabar tarqatdi AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi.
Bayonotda aytilishicha, bu Yaman shimolini nazorat qilayotgan “Ansor Alloh” harakati ixtiyorida suv osti dronlari borligining ilk dalilidir.
***
– Ursula fon der Lyayen Yevropa komissiyasi raisligiga ikkinchi muddat saylanish niyati borligini ma’lum qildi, – deb yozdi “Bild” nashri o‘z manbalariga tayanib. – Myunxenda bo‘lib o‘tayotgan xavfsizlik bo‘yicha konferensiyada chiqish qilgandan keyin mulozim Berlinga keladi va shu haqda ma’lum qiladi.
S.Rahimov, O‘zA