Og‘ir kasallik asoratlari bilan kurashayotgan insonlarga umid bag‘ishlash, ularning bir kunini bo‘lsa-da quvonchga chulg‘ash ulug‘ saodat.
Mamlakatimizning sheryurak bokschilari jahon maydonlaridagi g‘alabalari bilan xalqimizga yuksak iftixor to‘yg‘usini ulashish barobarida keksalarni ulug‘lash, yoshlarga ibrat namunasini ko‘rsatish, e’tiborga muhtojlarga yaxshilik qilishdek ezguliklarga bosh qo‘shib kelmoqda.
Bu safar ham shunday bo‘ldi. “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari va bir qator nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish uchun mashg‘ulotlarga zo‘r berayotgan charm qo‘lqop ustalarimiz poytaxtimizdagi Respublika gematologiya, onkologiya va radiologiya markazida Xalqaro bolalar onkologiyasi kuniga bag‘ishlangan “Bolalar bilan birga – umid bilan birga” shiori ostida o‘tgan tadbirda ishtirok etdi.
Xorijlik onkologik kasalliklar mutaxassislari, ushbu dargoh xodimlari, el suygan san’atkorlar, Olimpiya va jahon chempionlari Bahodir Jalolov, Murodjon Ahmadaliyev, Isroil Madrimov, Abdumalik Xalakov, taekvondo bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Ulug‘bek Rashitov ishtirok etgan tadbirda bemor bolajonlar bilan suhbat uyushtirildi. Ularga ulkan ruhiy quvvat bag‘ishlandi. Chempionlik sir-sinoatlari haqida so‘zlab berildi. Orzulari bir olam jajji o‘g‘il-qizlarga dastxatlari tushirilgan esdalik sovg‘alari ulashdi.
O‘ksik qalblarga olam-olam zavq ulashilgan tadbir dard bilan kurashayotgan bolalar uchun unutilmas voqea bo‘ldi. Bir kun bo‘lsa-da aziyatni unutgani, mungli nigohlariga quvonch ingani, yaxshi kunlar hali oldinda ekanini anglatgandek bo‘ldi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA