Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2023 yilning 2-3 fevral kunlari Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida bir qator istiqbolli loyihalar bilan tanishib, viloyatda olib borilayotgan qurilish, bunyodkorlik ishlari ko‘lamini kengaytirish, sanoat, qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlari yaratish, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish yuzasidan aniq topshiriqlarni belgilab bergan edi.

Viloyatda mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. O‘tgan yili yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 68 trillion 223,4 milliard so‘mni tashkil etib, 2022 yilga nisbatan 5,1 foizga o‘sdi. Jumladan, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 7,3 foizga, xalq iste’moli mollari ishlab chiqarish 8,7 foizga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 4,0 foizga, qurilish ishlari hajmi 3,2 foizga, chakana savdo aylanmasi 7,8 foizga, kapital qo‘yilmalar hajmi 18,1 foizga, xizmatlar hajmi 11,3 foizga, tashqi savdo aylanmasi 17,5 foizga o‘sdi.

Viloyatda 2023 yilda investitsiya loyihalari doirasida umumiy qiymati qariyb 690 million dollarga teng 433 ta loyiha amalga oshirildi. Bunda to‘qimachilik, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalari salmoqli o‘rin egalladi.  Mazkur loyihalarni ishga tushirish hisobiga 29,3 mingdan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Masalan, Shahrixon tumanida “Saxovat teks” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan umumiy qiymati 22,6 million dollarlik mato to‘qish, bo‘yash va sochiq ishlab chiqarish bo‘yicha loyihaning ishga tushirilishi bilan mingta yangi ish o‘rni yaratildi.

Shuningdek, o‘tgan yili viloyatda jami 599 million dollarlik, shundan 560 million dollarlik sanoat, 39 million dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi.  Umuman, eksport faoliyatiga 392 ta korxona jalb etilgan bo‘lib, ulardan 333 tasi sanoat, 59 tasi meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirdi. Viloyat hududiy eksportining asosiy qismi ya’ni 81,5 foizi to‘qimachilik mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri keldi. To‘qimachilik sohasida tayyor mahsulotlar eksporti ulushi esa 76 foizga  yetkazildi.

O‘tgan yili hududiy mahsulotlar eksport qilinadigan davlatlar qatoriga avval eksport amalga oshirilmagan Portugaliya, Mongoliya, Myanma, Fransiya, Bosniya-Gersogovina kabi davlatlar qo‘shildi.

Viloyatda ko‘plab yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi. Xususan, Andijon shahrida “FAW” brendi ostidagi yuk avtomashinalari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi zavodning ishga tushirilishi ham muhim voqealardan biri bo‘ldi. Umumiy qiymati 15 million AQSH dollarga teng loyiha doirasida tashkil etilgan mazkur korxonada yiliga to‘rt ming dona 5 tonnadan ortiq yuk ko‘tarish qobilyatiga ega avtomobillar ishlab chiqariladi. 2023 yil davomida 24 ming 381 ta kichik biznes sub’ektlari tashkil etilib, ro‘yxatga olingan xo‘jalik sub’ektlari soni 44 ming 924 tani tashkil etdi.

Viloyatda aholi bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 2023 yilda aholi bandligini ta’minlash dasturi doirasida barcha yo‘nalishlarda 531 ming 685 nafar ishsiz aholining bandligi ta’minlandi. Jumladan, tadbirkorlik va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 194,4 ming nafar, qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida 277,9 ming nafar, investitsiya loyihalarini ishga tushirilishi hisobiga 40,7 ming nafar, qurilish va kommunal  sohasida 16,8 ming nafar, turizm sohasida 2,3 ming nafar kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, ishsiz aholini kasb-hunarga tayyorlash va tadbirkorlikka yo‘naltirish borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, viloyatda mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan 30 turdagi kasblar bo‘yicha 15,1 ming nafar ishsiz fuqarolar kasbga tayyorlandi va o‘qitildi. Kasbga tayyorlash va qayta tayyorlash dasturi doirasida o‘qigan  fuqarolarning 4,8 ming nafari ish bilan ta’minlandi.

Mahallalarda aholini tadbirkorlikka jalb etish, aholi daromadlarini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. Mahallalardagi hokim yordamchilari ko‘magi bilan 279,4 ming nafar fuqarolar doimiy va mavsumiy ishlarga joylashtirildi, 151,9 ming nafar fuqaro o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatga olindi, 6,9 ming nafar kishi kichik biznes korxonalariga, 7,2 ming nafar fuqaro haq to‘lanadigan jamoat ishlariga, 3,9 ming nafar kishi hunarmandchilikka jalb qilindi, 35,6 ming nafar fuqaroga dehqonchilik qilish uchun ijara asosida yer ajratildi.

Mahallalarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, umumiy qiymati 886,5 milliard so‘mga teng 3 ming 93 ta mikroloyiha amalga oshirildi. Mazkur loyihalarni amalga oshirish hisobiga 19,2 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Mahallalarda aholining tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik yo‘nalishlarida 47,6 mingta loyihaga 876 milliard so‘m miqdorida kredit ajratildi. Bundan tashqari, 7 ming 854 nafar ishsiz aholiga, shu jumladan, kambag‘al oilalar a’zolariga tadbirkorlik, kasanachilik, hunarmandchilik faoliyatini boshlash uchun 56,8 milliard so‘m miqdorida subsidiyalar ajratildi.

Aholini uy-joy bilan ta’minlash borasida ham tizimli ishlar olib borildi. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilayotgan Yangi Andijon shahrida joriy yilda 2 mingdan ortiq xonadonli  80 ta yangi uy qurilishi belgilangan. Hozirga qadar uylarning asosiy qismi foydalanishga topshirildi. Shuningdek, Yangi Andijon shahrida 1 ming 680 o‘ringa mo‘ljallangan umumta’lim maktabi, 420 o‘rinli  maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda 250 qatnovga mo‘ljallangan oilaviy poliklinika qurilib, foydalanishga topshirildi.

Viloyatda muqobil energiya tizimini shakllantirsh borasida ham muayyan ishlar amalga oshirildi. 2023 yilda jami 45,7 MVt quyosh panellari o‘rnatildi. Jumladan, 817 ta ijtimoiy soha va davlat idoralari binolariga 16,3 MVt quvvatli, 1 ming 347 ta tadbirkorlik sub’ektlarining bino va inshootlariga 14,6 MVt quvvatli, 8 ming 424 ta aholi xonadoniga 14,8 MVt quvvatli quyosh panellari o‘rnatildi. Bundan tashqari, Izboskan, Marhamat, Ulug‘nor, Jalaquduq va Paxtaobod tumanlarida 41 ta mikro gidro elektrstansiya qurish va ishga tushirish belgilangan. Xitoylik, rossiyalik mutaxassislar jalb etilib, mazkur yo‘nalishda  bir qator loyihalar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili quvvati 250 MVt bo‘lgan Andijon va Oltinko‘l tumanlaridagi 2 ta GES ishga tushirildi.

Umumiy qiymati 36 million AQSH dollariga teng loyiha doirasida Andijon shahridagi RK-2 Markaziy qozonxonasi rekonstruksiya qilindi, 27,5 kilometr uzunlikdagi issiqlik uzatish tarmog‘i tortildi. Amalga oshirilgan ana shu ishlar natijasida Andijon shahrining 1-, 2-, 3-, 4- va 5-kichik dahalari, shuningdek, Mashrab ko‘chasidagi 271 ta ko‘p qavatli uy hamda 30 dan ortiq ijtimoiy soha ob’ektlariga issiqlik energiyasi hamda issiq suv yetkazib beriladi.

Andijon viloyatidagi tanlab olingan 5 ta – Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Qizilto‘qay, Jalaquduq tumanidagi Qutlug‘, Bo‘ston tumanidagi Mehnatobod,  Izboskan tumanidagi Guliston, Baliqchi tumanidagi Xalfachek  mahallalarida  “Obod mahalla – obod xonadon – obod ko‘cha” dasturi doirasida qurilish, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. Dastur doirasida xatlov o‘tkazilib, mahallalardagi 2 ming 686 ta xonadon o‘rganildi. O‘rganishlar natijasida 8 ming 947 ta muammo va odamlarni qiynayotgan masalalar aniqlandi. Olib borilagan amaliy ishlar natijasida ana shu muammo va masalalarning aksariyati ijobiy hal etildi.

Viloyatda avtomobil va ichki yo‘llarni qurish, ta’mirlash bo‘yicha ham e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi. O‘tgan yili 1 ming 628,9 kilometr masofadagi umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari, aholi punktlarining ichki ko‘chalari ta’mirlandi. O‘tgan yili viloyatdagi ichki yo‘llarning 1 ming 52,2 kilometriga asfalt, 84,3 kilometriga sement-beton qoplamasi, 78,8 kilometriga shag‘al yotqizildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tgan yil iyul oyida Xonobod shahrida o‘tkazilgan “Dunyo sadolari” 1- xalqaro milliy estrada san’ati festivali viloyat madaniy hayotidagi muhim voqealardan biri bo‘ldi. Xalqaro festivalda dunyoga mashhur “Doktor Alban”, Boney M disko hamda Otawan guruhlari ishtirok etdi.

Umumiy qiymati 8 milliard 286 million so‘m bo‘lgan loyiha doirasida Andijon shahrida yangitdan Viloyat ko‘zi ojizlar maxsus kutubxonasi barpo etilganligi ham Prezidentimiz tashabbusi bilan ijtimoiy muhofazaga muhtoj, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning amaliy namunasi bo‘ldi.

Bundan tashqari, viloyatda o‘tgan yili ijtimoiy sohalar – tibbiyot, maktabgacha va maktab ta’limi, shuningdek, madaniyat, turizm, umuman, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizning barcha sohalarida e’tiborga molik ishlar amalga oshirildi.

 

Faxriddin Ubaydullayev, 

Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA