Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq shoiri, uyushma raisi Sirojiddin Sayyid va Turkmanistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Shadurdi Meredovning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Unda ikki davlat o‘rtasidagi o‘zbek-turkman adabiy aloqalari borasida so‘z yuritildi.

Ma’lumki, TURKSOY xalqaro tashkiloti 2024 yilni Maxtumquli yili deb e’lon qilgan. O‘zbek va turkman xalqlarining tarixi, madaniyati va qadriyatlari mushtarak. Oybekning “Navoiy”, Asqad Muxtorning “Opa-singillar”, Sharof Rashidovning “Bo‘rondan kuchli” romanlari, Abdulla Qahhorning “Sinchalak” qissasi, shuningdek, Zulfiya, G‘afur G‘ulom, Mirmuhsin, Odil Yoqubov va boshqa adib va shoirlarimiz asarlari turkman tiliga tarjima qilingan.

Mumtoz adabiyotimiz namoyandalari, xususan, Navoiy va Bobur ijodi turkman olimlari tomonidan faol o‘rganilmoqda. Turkmaniston Fanlar akademiyasi til, adabiyot va qo‘lyozmalar milliy instituti katta ilmiy xodimi Raimmammed Ko‘runov “Boburnoma” asarini turkman tiliga tarjima qilgan. Turkman shoiri Ismoil Tog‘onov Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Usmon Azim, Sirojiddin Sayyid she’rlarini turkman tiliga tarjima qilib, chop ettirgan.

O‘zbek – turkman adabiy aloqalari yildan yilga tobora mustahkamlanmoqda. Xususan, 2017 yil 19 mayda Toshkentda ulug‘ turkman shoiri Maxtumqulining haykal-barelefi ochildi. Shu munosabat bilan haykal joylashgan ko‘chaga Maxtumquli nomi berildi. O‘sha yili Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga safari munosabati bilan Ashxoboddagi markaziy ko‘chalardan biriga Alisher Navoiy nomi berildi. Ilhom xiyobonida Alisher Navoiyga haykal o‘rnatilgan.

O‘zbekistonda Turkmaniston Milliy kengashi Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning “Baxtli hayot sog‘liqdan boshlanar”, “Madaniyat – xalqning bebaho xazinasi”, “Barhayot afsona”, “Choy – shifo va ruhiy quvvat manbai” nomli asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etildi.

2022 yilda nashr qilingan “Turkiy adabiyot namunalari” 100 jildlik asarlar majmuasining 9 ta jildi turkman adabiyotiga ajratilgan bo‘lib, unda turkman mumtoz adabiyotidan to bugungi kunda ijod qilayotgan shoir va yozuvchilarning asarlari o‘zbek tiliga tarjimaga kiritilgan. Turkman mumtoz adabiyotidan Mullanafas, Maxtumquli, Andalib, Zaliliy, Kamina, Oshiqiy, XX asr adabiyotidan Xidir Deryayev, Berdi Kerboboyev, Qayum Tangriquliyev, Oraz Yag‘mur, Otajon Tog‘on romanlari kiritilgan. Zamonaviy turkman she’riyati va nasri antologiyasiga Qora Seytli, Berdinazar Xudoynazarov, Nuri Bayramov, Omongo‘zal Shoquliyeva kabi shoirlar, Beki Saytaqov, Orazqul Onnayev, Qadammurat Atoyev kabi yozuvchilarning hikoyalari kiritilgan.

Shu kunlarda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi “Jahon bolalar adabiyoti durdonalari” nomli 100 ta kitobdan iborat majmuani nashrga tayyorlash ishlarini boshlayapti. Bu majmuaga turkman bolalar adabiyoti vakillarining asarlarini ham kiritish nazarda tutilgan.

Uchrashuvda har ikki tarafning hamkorlik aloqalari yuzasidan takliflari o‘rtaga tashlandi va davomiy ishlashga kelishib olindi.

N.Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA