O‘tgan yil 6 fevral kuni qardosh Turkiya Respublikasida mudhish voqea – 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar ro‘y berdi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar davlat departamenti 7 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan ofat markazi Qahramonmarash viloyati ekanini ma’lum qildi.
Qahramonmarash, Malatiya, Shonliurfa va Gaziantep viloyatlarida vayronagarchilik ko‘lami keng bo‘ldi. Ko‘p qavatli uylar quladi. Afsuski, minglab insonlar halok bo‘ldi, millionlab odamlar qahraton qishda uyidan ayrildi.
Bir yildirki, Turkiya xalqi og‘ir sharoitdan chiqib ketish, yiqilgan binolarni tiklash, jabrlangan fuqarolarga moddiy, ma’naviy ko‘mak berish maqsadida mislsiz ishlarni amalga oshirmoqda.
Davlat muassasasi va tashkilotlarining zilziladan keyingi faoliyatini joyida o‘rganish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, shaharni rivojlantirish, qishloq uylari, infratuzilma va madaniy meros ob’ektlarini qayta qurish ishlarini birgalikda kuzatish maqsadida 2024 yil 9-12 fevral kunlari Turkiy xalqlar – O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari vakillari Qahramonmarash, Adiyaman va Malatiya viloyatlarida bo‘lib turibdi.
Zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarga uyushtirilgan press-tur doirasida jurnalistlar mazkur viloyatlardagi, qurilish maydonchalari, shifoxonalar, vaqtinchal turar-joy majmualari, savdo va sanoat markazlari bilan tanishmoqda.
Dasturga muvofiq, birinchi kun 1 170 000 kishi yashaydigan Qahramonmarash viloyatidan boshlandi. Hokimlikda o‘tkazilgan matbuot anjumanida viloyat hokimi Mukarram Unluyer zilziladan eng ko‘p zarar ko‘rgan viloyatdagi uylarni tiklash, maktab, sport maydonchalari va ish ofislarini yangidan qurish, aholiga ko‘rsatilayotgan yordam xususida atroflicha ma’lumot berdi.
– Ketma-ket ikki bor ro‘y bergan 7,6 va 7,7 magnitudali kuchli zilzila oqibatini bartaraf etish oson kechmayapti, – dedi viloyat hokimi. – Qahramonmarashda 7491 bino vayron bo‘lgan edi, 4434 ob’ekt shoshilinch buzildi. Jami 53 945 inshoot zarar ko‘rgan. Binolarni buzish, chiqindini olib tashlash jadal davom etyapti. Bu jarayonning 93,68 foizi bajarildi.
Aholi vaqtincha istiqomat qilishi uchun “konteyner-kent”lar barpo etilgan. 1 900 000 inson yaqin kunlargacha konteynerlarda yashadi, hozir 345 ta shunday shaharchadagi 186 ming konteynerda 580 000 fuqaro kun kechiryapti. Jurnalistlar ushbu ko‘rsatkich Qahramonmarashda necha foizni tashkil etishini so‘raganda hokim konteyner-shaharchaning 68 962 tasi tuman markazlarida, yana shunchasi qishloqlarda tashkil etilganini qayd etdi.
Ma’lumotga ko‘ra, Qahramanmarosh geografik joylashuviga nisbatan Anadoluning yirik strategik shahri hisoblanadi. Harran universiteti Kahramonmarash muzey direktorligi raisligida Arxeologiya kafedrasi ilmiy konsalting qoshidagi “Zilzila arxeologiyasi” zilzila qoldig‘ini ajratish doirasida qazish ishlarini olib bormoqda.
Kunning ikkinchi yarmida delegatsiyalar viloyat hokimligi mas’ullari hamrohligida Qahramonmarashda yangi qurilgan ko‘p qavatli uylarni borib ko‘rdi. Kuni kecha Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an ishtirokida 9289 xonadon kalitlari egalariga topshirilgan. Yil yakuniga qadar 30 mingga yaqin uy-joy qurib, bitkaziladi. Zilziladan keyin yuzaga kelgan elektr uzatish tizimidagi nosozlikni bartaraf etish, chodirdan qurilgan uy va konteyner-shaharchalarni energiya bilan ta’minlash jarayonida mamlakatning turli mintaqalaridan jalb qilingan yordam guruhlari jami 917 nafar shaxsiy tarkib va 164 texnika bilan ishtirok etgani alohida ta’kidlandi.
Jurnalistlar aholi istiqomat qilib turgan konteyner-shaharchadagi shart-sharoit, jumladan ta’lim olish uchun yaratilgan imkoniyat, sport maydonchalari, uyingohlarni ko‘zdan kechirdi, shinam xonadonlarda mehmon bo‘ldi.
10 ta shunday “Konteyner Siti” boshlang‘ich maktabi va umumta’lim maktabi 4515 o‘quvchiga mo‘ljallangan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerak, shaharda zilziladan keyin jamoatchilik nomidan 5 ta 400 o‘rinli Qahramonmarosh shoshilinch shifoxonasi ishga tushirilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan investitsiya dasturiga kiritilgan ming o‘rinli shahar shifoxonasi loyihasi 2024 yil fevralda tenderga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Press-turning ikkinchi kuni Adiyamanda, oxirgi kun Malatiya viloyatida bo‘lamiz. Bizni kuzatib boring, hududlardagi joriy holat, hukumat tomonidan olib borilayotgan keng qamrovli ishlar xususida ma’lumotlar berib boramiz.
Behruz Xudoyberdiyev, Nozimjon Mardonov (foto, video), O‘zA
Qahramonmarash, Turkiya