Keyingi paytlarda parlament quyi palatasi har bir qonun loyihasi bo‘yicha xolis bahs-munozara va tortishuvlar maydoniga, chinakam “demokratiya maktabi”ga aylanib bormoqda. Qonun loyihalari muhokamasida tashabbuskor idoralar vakillari bilan birga, Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti vakillari ham faol ishtirok etib, o‘z xulosalarini bildirib keladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati — O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda har jihatdan pishiq, puxta va hayotiy ahamiyatga ega qonun loyihalarini tayyorlash jarayonida O‘zLiDeP fraksiyasi hamda institut hamkorligini yo‘lga qo‘yish, ishlab chiqilayotgan konsepsiyalar, strategiyalar, qonun loyihalari yuzasidan hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, parlamentning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlardagi ishtiroki uning faoliyatini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta’minlashga bevosita bog‘liq. Bu borada parlamentarizm muammolarini tadqiq etish, huquq, siyosat, iqtisodiyot va boshqa sohalarda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, xorijiy parlamentlar va xalqaro parlamentlararo tashkilotlar faoliyatini o‘rganish natijalari asosida parlament faoliyatini takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish institutning asosiy vazifalaridan biridir.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda qonunchilik, huquqni qo‘llash va ilmiy tadqiqot sohalarida tajriba almashish, siyosiy partiya fraksiyasi tomonidan amalga oshiriladigan nazorat tadbirlarini ilmiy, axborot-tahliliy jihatdan ta’minlashni tizimli asosda tashkil etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish zarurligi ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Qonunchilik palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari instituti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

 

M.Komilova,  

O‘zA