O‘zbekiston va Xitoy davlatlari o‘rtasida turli jabhalarda, xususan farmatsevtika sohasidagi hamkorlik rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarilmoqda.

Ayni kunlarda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori A.Azizov boshchiligidagi soha xodimlari Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Xizmat safari qator yirik farmkompaniyalari mutasaddilari bilan uchrashuvlarga boy bo‘lmoqda.

Xususan, “China Chamber of Commerce for Import and Export of Medicine and Health Products“ yetakchi savdo uyushmasi vakillari bilan uchrashuv tashkil etildi. Mazkur nufuzli milliy savdo uyushmasining faoliyati farmatsevtika sohasida xalqaro savdo va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muzokaraning asosiy mavzusiga aylandi.

So‘ngra 140 dan ortiq turdagi dori vositalarini ishlab chiqaruvchi “Youcare Pharmaceutical“ kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. O‘z ilmiy-tadqiqot markazlariga ega bo‘lgan mazkur kompaniya vakillariga O‘zbekistonning farmatsevtika borasidagi investitsion jozibadorligi haqida taqdimot qilindi.

Shuningdek, jarrohlik amaliyoti uchun stollar, diagnostika monitorlari, sun’iy nafas va narkoz apparatlarini ishlab chiqaruvchi “AEONMED“ kompaniyasi hamda tibbiy buyum va asbob-uskunalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan ”LEPU Medical“ kompaniyalari vakillari bilan hamkorlikning istiqbollari borasida muzokaralar olib borildi.

O‘zbekistonda tibbiyot sohasida, xususan aholi salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy kompaniyalarga yaratilayotgan shart-sharoitlar chet el investorlari e’tiborini tortayotgani sir emas.

Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori A.Azizov boshchiligidagi ekspertlarning Xitoy davlatiga amalga oshirayotgan xizmat safari doirasida uchrashuvlarning yana bir manzili Suchjou shahri bo‘ldi.

Suchjouda Agentlik vakillari biofarmatsevtika va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida ish yurituvchi “Tianma Pharma Group“, tibbiy buyumlar va in’eksiya shpritslarini ishlab chiqaruvchi ”B&H“, faoliyati xalq tabobati borasida izlanishlar olib borish va dorivor o‘simliklar asosida mahsulot ishlab chiqarishga qaratilgan ”Li Liang“, ilmiy tadqiqotlar olib boruvchi va dori vositalarini ishlab chiqaruvchi ”Jiangsu Wuzhong Pharmaceutical Group Co. Ltd.,” tibbiy buyum ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi “Jinsheng Medical“ hamda tibbiy buyum va asbob-uskunalarni ishlab chiqaruvchi ”Suzhou Glymate Laboratory Technology Development Co.Ltd.” kompaniyalari vakillari bilan uchrashib, hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Darvoqe, joriy yilning 10 yanvarida qabsl qilingan “Farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarorida “Tashkent Farma Park” hududida “Biotexnologiyalar klasteri”ni barpo etish belgilangan. Ushbu vazifalarni bajarishda ham soha xodimlari tomonidan o‘rganilayotgan Xitoy tajribasi ayni qo‘l keladi.

 

Mohigul Qosimova,  

O‘zA