Yangi qonun

2022 yil 17 martdagi “Fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda huquqiy xizmat ko‘rsatishda adliya organlari va muassasalari faoliyati samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida adolat va huquq ustuvorligini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Mazkur hujjatda aholiga professional xizmat qiladigan ixcham va samarali boshqaruvni yaratish bo‘yicha choralar belgilangan. Deklarativ xususiyatga ega vazifalarni bekor qilish, funksiyalarni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini aniq belgilash va takrorlanishlarning oldini olish orqali byudjet mablag‘larini tejash va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha vazifalar belgilangan. Shu jumladan, aholining huquqiy muammolarini hal etishda adliya organlarining roli va mas’uliyatini yanada kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

2024 yil 16 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda ana shu vazifalarni amalda ta’minlashga qaratilgan huquqiy asoslar mustahkamlandi.

– Prezidentimizning yuqoridagi farmonlari bilan bir qator yangi tartiblar joriy etildi, – dedi Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Narimon Umarov. – Xususan, Davlat xizmatlari agentligi hamda Intellektual mulk agentligi Adliya vazirligi tarkibiga kiritildi. Vazirlik zimmasiga davlat xizmatlari ko‘rsatish va intellektual mulkni muhofaza qilish yo‘nalishidagi qator vazifalar yuklatildi. Agentliklarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari tegishli ravishda vazirlikning Davlat xizmatlarini rivojlantirish jamg‘armasi hamda Intellektual mulkni rivojlantirish jamg‘armasi etib qayta tashkil etildi.

Qonunda aynan shu jihatlarning qonuniy asoslari belgilandi. Yangi qonun bilan 2 ta kodeks hamda 15 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Qonunga ko‘ra, tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi to‘g‘risidagi guvohnomalarni berish muddati qisqartirildi. Adliya organlariga intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qo‘llash vakolati berildi. Davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni qo‘llash vakolati adliya organlariga o‘tkazildi.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 50 foizlik chegirma qo‘llanilishi belgilandi.

Qonun qabul qilinishi natijasida Prezident farmoni va qarorlari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining MDH ishtirokchi-davlatlari soxta tovar belgilarining oldini olish bo‘yicha hamkorligi to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunda belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha mexanizmlar joriy etildi.

Qonun amaliyotda aholi va tadbirkorlar huquqlarni himoya qilish, nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladi.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA