Turkiya go‘yo Eronning yomg‘irli bulutlarini o‘g‘irlagani haqidagi gap-so‘zlar u yoki bu mamlakatda qurg‘oqchilikka sabab deyilishi isbotlanmagan nazariyadan boshqa narsa emas, deya fikr bildirdi Istanbuldagi Oydin universiteti professori, iqlimshunos Gyuven Ozdemir “RIA Novosti”dagi o‘z chiqishida.
Avvalroq “Forbes” jurnali Eron hukumati mamlakat shimolida yomg‘irli bulutlar g‘oyib bo‘lgani sabablarini o‘rganish bo‘yicha komissiya tashkil qilgani haqida xabar bergan edi. Xabarda bulutlarni go‘yo Turkiya “o‘g‘irlayotgani” haqidagi nazariya borligi aytiladi. Ushbu nazariyaning rostligiga dalil sifatida Turkiya sharqida tog‘lar qor bilan qoplangani, muntazam yomg‘ir yog‘ishi, qo‘shni Eronda esa bir tomchi ham yog‘ingarchilik bo‘lmagani tasvirlangan fotosurat taqdim etilgan.
Nashrning ta’kidlashicha, bunday ayblovlar avval ham bo‘lgan. Masalan, 2018 yilda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi vakili Isroil va BAA Eronning iqlimiga ta’sir qilishga urinmoqda, deb iddao qilgan edi.
“Yomg‘irli bulutlarni o‘g‘irlash g‘oyasini qo‘llab quvvatlash yoki bu haqda hatto o‘ylash hech qanday asosga ega bo‘lmagan va isbotlanmagan nazariyadan boshqa narsa emas”, – deya izohlagan professor Ozdemir o‘zining maqolasida.
Uning eslatishicha, Masalan 2023 yilda Turkiya bir necha oy quyosh otashi va qurg‘oqchilik hukmida qoldi, qolaversa, Istanbulda yomg‘ir bo‘lmagani uchun ichimlik suvi zaxirasi eng past darajaga tushib qoldi. “Xuddi shu vaqtda bizning g‘arb tomonimizda – Gretsiya, Bolgariya, Ruminiya va boshqa qo‘shni mamlakatlarda ketma-ket jala quydi, biroq bizgacha yetib kelmadi. Turkiyaning yaqin va uzoq muddatli rejasiga ko‘ra, mamlakatda meteorologiya bo‘yicha ekstremal ko‘rsatkichlar ortishi mumkin”, – deya ta’kidlagan olim.
Ozdemirning eslatishicha, global iqlim isishi oqibatlari va o‘rtacha haroratning 1,3 darajaga ko‘tarilishi qazib olinadigan yoqilg‘ilardan foydalanish va boshqa sabablar natijasidir. Olimning fikricha, global isishni to‘xtatish uchun bunday turdagi yoqilg‘ilardan voz kechish va tezroq yashil energiyaga o‘tish kerak.
“Agar kimdir havo “qaroqchiligi” bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, ular shubhasiz, qazib olingan yoqilg‘ilardan chek-chegarasiz foydalanayotgan qudratli davlatlardir. Yashil energetikaga o‘tish va shaharlarda yashil hududlarni kengaytirish zarur”, – degan turkiyalik mutaxassis.