2023 yil turizm uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Endi mazkur soha 2024 yilda pandemiyadan oldingi darajasiga chiqish bosqichida turibdi. BMT huzuridagi Jahon turizm tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, global sayyohlik faoliyati 2023 yilda pandemiyadan oldingi ko‘rsatkichning 88 foiziga yetgan. O‘tgan yili jami 1,3 milliard kishi xorijga sayohatga chiqqan.
Ta’kidlanishicha, sayohatga bo‘lgan talabning ortishi, havo qatnovlarining kengayishi va Osiyo bozorlari va yo‘nalishlari yanada foallashgani 2024 yilda jahon turizmining to‘liq tiklanishiga asos bo‘ladi.
***
BMTning Qirg‘izistondagi agentligi mamlakatda havoning ifloslanishi sabablarini hamda uning Bishkek va uning atrofida yashayotgan aholi uchun salbiy ta’sirini o‘rganib chiqdi. Natija esa anchayin xavotirli bo‘ldi. Chunki havo sifatining yomonligi yurak-qon tomirlari, respiratorli va saraton kasalliklariga olib keladi. Ekologiyaning buzilishiga asosiy sabablardan biri esa uylarni isitish uchun ko‘mirdan foydalanishdir, deyiladi mazkur xabarda.
***
Afg‘onistonning 70 foiz aholisi oziq-ovqatga, sog‘liqni saqlash xizmatlariga va ishga joylashishga bo‘lgan ehtiyojini qondira olmaydi, mamlakatning bank tizimi esa inqiroz yoqasida turibdi. BMTning taraqqiyot dasturi Afg‘onistondagi iqtisodiy vaziyatga bag‘ishlab tayyorlagan ma’ruzada shunday deyilmoqda.
BMT ekspertlarining ta’kidlashicha, mamlakat bir qator sohalarda, jumladan, makroiqtisodiyot barqarorligi, xavfsizlik va giyohvand moddalar ishlab chiqarishni va noqonuniy savdoni nazoratga olishda ma’lum bir yutuqlarga erishgan. Biroq vaziyatni sezilarli ravishda o‘zgartirish uchun bular yetarli emas.
***
Sudan armiyasi va tezkor guruh kuchlari o‘rtasida kechayotgan qonli janglar mamlakatning sharqiy qismiga, BMT bazalari joylashgan hududlarga tarqalishi mumkin. Xalqaro migratsiya tashkiloti vakillarining ogohlantirishicha, mamlakatda vaziyat juda tez yomonlashmoqda, gumanitar yordamni yetkazish esa tobora qiyinlashmoqda.
Sudanda qurolli mojaro to‘qqiz oydan buyon davom etmoqda. Natijada 7,7 million kishi yashab turgan joylarini tark etishga majbur bo‘lgan. 6 million qochqin Sudanning o‘zida, 1,7 million kishi Janubiy Sudan, Chad, Efiopiya, Misr, Markaziy Afrika Respublikasi va Liviyadan boshpana topgan.
***
2023 yilda amalga oshirilgan 1,37 trillionlik xorijiy investitsiya oqimi 2022 yildagi ko‘rsatkich bilan taqqoslaganda juda kam o‘sishni namoyon etdi, deyiladi BMTning savdo va taraqqiyotga bag‘ishlab o‘tkazilgan konferensiyasida o‘qilgan ma’ruzada.
Global investitsiya o‘sishiga dunyodagi umumiy iqtisodiy noaniqliklar va ko‘plab mamlakatlarda foiz stavkalarining o‘sishi ta’sir qildi, deyiladi hisobotda. Yevropaning ayrim mamlakatida ijobiy tendensiyalar kuzatilganiga qaramay, to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etilgan xorijiy investitsiyalarning global oqimi 18 foizga kam bo‘lgan.
Sadmurod Rahimov tayyorladi, O‘zA