Shu kunlarda xalqaro hamjamiyat nigohi Qizil dengizda bo‘layotgan voqealarga qaratilgan. Chunki mazkur suv yo‘li Osiyo bilan Yevropani bog‘laydigan eng muhim savdo yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. So‘nggi kuzatilayotgan voqealarga e’tibor beradigan bo‘lsak, go‘yo G‘azo sektorida bo‘layotgan qurolli mojarolarning davomi Qizil dengizga ko‘chganga o‘xshaydi.
G‘azo sektorida Isroil va Falastin o‘rtasida qurolli mojaro boshlangandan keyin Yaman xusiylari falastinliklarga birdamlik belgisi sifatida Isroil portlariga qarab suzayotgan kemalarga hujum uyushtirishini e’lon qildi. Ayrim kemalar xusiylar tomonidan raketa zarbalariga uchradi. Bunga javoban AQSH va Buyuk Britaniya rahbarligidagi Yevropa davlatlari ishtirokida tuzilgan xalqaro koalitsiyasi suv yo‘llarini himoya qilishga kirishdi. Hatto AQSH va Buyuk Britaniya harbiy kemalari husiylarning harbiy ob’ektlariga raketa zarbalarini ham uloqtirdi. Unga javoban Amerika tankerlariga hujum uyushtirilmoqda. Masalan, kuni kecha husiylar Amerikaning “Chem Ranger” tankeriga ballistik raketa bilan zarba berishga urindi, deb xabar tarqatdi Pantagonning Markaziy qo‘mondonligi.
Xullas Qizil dengizda keskinlik hamon saqlanib turibdi. Qolaversa, ahvol shunday davom etadigan bo‘lsa Yevropa bozorlariga mahsulot yetkazishda uzilishlar kuzatiladi. Bu esa narxlar oshishiga ham olib keladi, deb yozmoqda “Bloomberg” nashri.
Masalan, yaqinda “NHK” telekanali Yaponiya transport kompaniyalari vaziyat keskinlashgani sababli Qizil dengizda yuk tashishni to‘xtatdi, deb xabar tarqatdi. Xuddi shunday qarorni avvalroq “Nippon Yusen” transport kompaniyasi ham qabul qilgandi. Telekanalning ma’lum qilishicha, Yaponiyaning yana ikkita yirik yuk tashuvchisi “Mitsui O.S.K. Lines” (MOL) va “Kawasaki Kisen” ham Qizil dengizdagi qatnovlarini vaqtinchalik to‘xtatgan.
Endilikda yapon kemalari boshqa yo‘nalishlar bo‘ylab, ya’ni, Afrika qit’asini aylanib o‘tish orqali qatnovni yo‘lga qo‘yishi kutilmoqda, biroq bu transport xarajatlarining oshishiga va qatnov vaqtining cho‘zilishiga olib keladi.
Xullas, neft tankerlari va oziq-ovqat kemalari husiylarga duch kelmaslik uchun butun Afrika qit’asini aylanib, yo‘nalishini uzoqroq va qimmatroq marshrutga o‘zgartirgan, ammo transport kompaniyalari oldida yukni muddatidan oldin etkazib bera olmaslik xavfi ko‘ndalang turibdi.
“Qizil dengizdagi keskinlik qahvadan tortib, meva va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilishiga ham ta’sir qilmoqda. Natijada oziq-ovqat narxlari ortidan inflyatsiyasi ham o‘smoqda”, — deyiladi agentlik xabarida.
Ta’kidlanishicha, yuklarni tashish bilan bog‘liq muammolar Yevropa Ittifoqining ham importiga, ham eksportiga ta’sir qiladi.
Agrar sanoat va mahsulotlar bo‘yicha Yevropa aloqa qo‘mitasi (CELCAA) hisob-kitoblariga ko‘ra, Qizil dengizdagi vaziyat Yevropa Ittifoqining 70 milliard yevrolik qishloq xo‘jaligi mahsulotlari importi va eksportiga jiddiy ta’sir qilishi mumkin. Qizil dengiz sohillarining katta qismini nazorat qiluvchi Yaman shimolidagi hukmron “Ansorulloh” harakati avvalroq Isroilga aloqasi bo‘lgan har qanday kemaga hujum qilishni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirib, boshqa davlatlardan o‘z ekipajlarini chaqirib olishga undagan edi. Natijada bir qator yuk tashish kompaniyalari Qizil dengiz orqali yuk tashishni to‘xtatishga qaror qildi.
Husiylar avvalroq Qizil dengizdagi harakatlari G‘azo sektoridagi falastinliklarga yordam berishga qaratilganligini, ular mintaqada navigatsiya erkinligiga to‘sqinlik qilmasligini ta’kidlagan edi. Ma’lumki, arab va musulmon davlatlari AQSHning Isroil harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi oqibatida mojaro butun mintaqaga tarqalishiga olib kelishi haqida doimo ogohlantirib kelmoqda.
Yaqinda AQSH va Buyuk Britaniya yanvar oyi o‘rtalaridan beri husiy nishonlariga zarbalar berib, buni Qizil dengizda navigatsiya erkinligiga solinayotgan tahdidlarga javob, deb atadi. O‘z navbatida, “Ansorulloh” oliy siyosiy kengashi a’zosi Muhammad Ali al-Husiy g‘arb koalitsiyasining ushbu hujumlarini terroristik vahshiylik va qasddan va asossiz tajovuz deb baholagan.
S.Rahimov, O‘zA