Gaaga sudiga taqdim etilgan suratlar orasida “Anadolu” fotomuxbiri Mustafo Xaruf tomonidan 2023 yil 9 oktyabr kuni tushirilgan rasm alohida ajralib turadi. U olgan suratlarda artilleriya snaryadlarida yozilgan kodlar, ularning fosforli bomba ekanligi aks etadi.
Mustafo Xaruf “Anadolu”ga fotosurat bilan bog‘liq hikoyani so‘zlab bergan. Uning ta’kidlashicha, har bir artilleriya o‘qlari yoki raketa otilayotganda bolalar, ayollar yoki qariyalar halok bo‘layotgandek tuyuladi.
Vaziyatni “hayotimdagi eng yomon davrlardan biri”, -deb ta’riflagan Xaruf: “Ba’zida go‘zal suratni tushirasan va ma’lum bir lahzani suratga olganingdan faxrlanasan. Ammo olayotgan surating butun bir oilaning vayron bo‘lishi, biron bir odamning o‘ldirilishi aks etgan fotosuratlar deb o‘ylaganingda, kishi o‘zini juda yomon his qiladi”- deydi.
U voqealar boshlangan kuni G‘azo chegarasidagi to‘qnashuv zonalariga birinchilardan bo‘lib kirgan jurnalist ekanligini aytib, falastinliklarga qarshi fosforli bomba qo‘llangani isboti sifatida taqdim etilgan suratni qanday olganini quyidagicha tasvirlaydi:
«Biz harbiy zonalardan biriga kelganimizda, dastlab bizni ichkariga kiritishmadi. Isroillik jurnalistlar ham biz bilan birga edi, uzoq muzokaralardan so‘ng bizga hududga kirib, suratga olishga ruxsat berishdi. Men bu joyni har tomondan, iloji boricha hujjatlashtirdim, chunki, keyinchalik bu yerga qayta kelib, suratga olishim mumkin emasligini bilardim. Shunday qilib, men har bir tafsilotni suratga oldim. Men olgan fotosurat keyinchalik xalqaro inson huquqlari platformalarida ishlatilgani va Isroil fosfor bombalaridan foydalanganligining isboti sifatida taqdim etilgani meni hayratda qoldirdi».
Esingizda bo‘lsa, 15 dekabr kuni Isroil askarlari Sharqiy Quddusda “Anadolu” fotomuxbirini kaltaklagan foto va videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. O‘sha siz tasvirlarda ko‘rgan, Isroil politsiyachilari tomonidan kaltaklangan muxbir Mustafo Xaruf edi.
O‘sha kuni bir guruh falastinliklar Al-Aqso masjidi yaqinidagi ko‘chada namoz o‘qish uchun yig‘ilgan edi. Chunki Isroil tomonidan Al-Aqsoda juma namozlarini o‘qishga cheklovlar kiritilgan edi. Shu jarayonlarni suratga olayotgan Mustafoga Isroil politsiyachilari qurol o‘qtalgan va kaltaklashgan edi.
Shu voqealar asnosida “Anadolu” Isroilning G‘azoda sodir etgan jinoyatlarini aniq ochib beruvchi va asosiy dalil bo‘lgan tasvirlarni o‘z ichiga olgan “Dalil” nomli kitobni nashr etdi. Aksariyat davlatlar, ayniqsa, G‘arb davlatlari, ayollar va bolalar o‘limlari bilan yakunlanayotgan Isroil hujumlari haqida sukut saqlagan bo‘lsa, ba’zi davlatlar esa qirg‘inlar bo‘layotganini isbotlovchi “yetarli dalillar” yo‘qligini aytgan.
Ushbu ayblovlarga javoban “Anadolu” agentligi xalqaro huquqda dalil bo‘lishi uchun hujumlarning boshidanoq muhim vazifalarni o‘z zimmasiga olgan fotojurnalistlar va operatorlarning fotosuratlarini nashr etishga qaror qildi.
Ushbu kitob mutaxassislar guruhi tomonidan turk, ingliz va arab tillarida tayyorlangan. Kitobda G‘azoning tinch aholisi zich joylashgan hududlarida Isroil armiyasi tomonidan qo‘llangan oq fosforli snaryadlarning fotosuratlari ham o‘rin olgan.