Korrupsiya va moliyaviy firibgarlik ko‘plab davlatlarning iqtisodiy va ijtimoiy tanazzuliga sabab bo‘lmoqda. Har yili yuz milliardlab dollar amaldorlarning cho‘ntagiga tushib, so‘ngra xorijdagi hisob-raqamlariga o‘tkazib yuboriladi. Bugungi kunda transmilliy hodisaga aylangan korrupsiyaga qarshi kurashish dunyo hamjamiyatini tashvishga solayotgan muhim masalalardan biri hisoblanadi.

Ma’lumki, korrupsiya turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘ladi. Mazkur yo‘nalishdagi qonunbuzarliklar kichik ko‘rinishlardan tortib, mansabdor shaxslargacha bo‘lgan milliardlab dollar to‘lovlarigacha amalga oshiriladi va  ofshor kompaniyalarda yakunlanadi.  Aytish joizki, dunyoda korrupsiyadan butunlay xoli davlatning o‘zi yo‘q. Korrupsiyaga qarshi konvensiya tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, korrupsiyaning oldini olish va unga chek qo‘yish, mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish, xorij mamlakatlarning hisob raqamlariga tushgan korrupsion mablag‘larni qanday qilib byudjetga qaytarish hozirgi kunning dolzarb masalasiga aylanmoqda. Global miqyosda yillik korrupsiya miqdori trillion dollarni tashkil etadi. Ya’ni  jahon iqtisodiyoti 2,6 trillion dollar yo‘qotmoqda. Bu jahon yalpi ichki mahsulotining 5 foizdan ortig‘ini tashkil etadi.

Tahlillarga ko‘ra, korrupsiya ko‘plab mamlakatlar iqtisodiyoti rivojiga to‘siq bo‘lmoqda. Odatda investitsiyalar milliy iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy  manbasi hisoblanadi. Investorlar esa  shaffoflik va adolatli raqobat mavjud bo‘lmagan milliy bozorlarga sarmoya kiritishni istamaydi. Natijada korrupsiya botqog‘iga botgan milliy iqtisodiyot  rivojlanmay qolaveradi. Ekspertlar aktivlarni qayta tiklash anchayin muammoli masala ekanini ta’kidlashadi. Ustiga-ustak ko‘pgina banklar jinoyatchilarga noqonuniy yo‘llar bilan orttirgan pullarini dunyo bo‘ylab ko‘chirishga ruxsat berib kelayotir. To‘g‘ri, xalqaro hamkorlik  natijasida bunday aktivlarni aniqlash mumkin, lekin ko‘pincha ularni ortga qaytarish o‘nlab yillarga cho‘ziladi.

Ma’lumki, so‘nggi 13 yil ichida o‘g‘irlangan aktivlarni transchegaraviy kuzatish va cheklash ancha keng tarqalgan amaliyotga aylandi. Natijada mablag‘larni qaytarish yo‘lida ham samarali ishlar amalga oshirildi.  Masalan, 2010 yildan buyon 4,3 milliard dollarlik korrupsion aktivlar o‘z mamlakatlariga qaytarilgan.

Yaqinda AQSH boshqa mamlakatlarda musodara qilingan va ortga qaytarilgan eng ko‘p korrupsiya daromadlari haqida ma’lumot berdi. Aktivlarni ortga qaytargan davlatlar qatoriga Shveysariya, Singapur va Lixtenshteyn ham bor. Shuningdek, Nigeriya va Malayziya korrupsiya bilan bog‘liq aktivlarning eng ko‘p miqdori xorijiy yurisdiksiyalardan undirilgani haqida ma’lum qilingan. Har ikki davlat 1,2 milliard dollar miqdorida xorijiy banklarga o‘tkazib yuborilgan mablag‘larni yana ortga qaytargan. Biroq ko‘pgina davlatlar ko‘pincha korrupsiyadan olingan daromadlar egalarini aniqlash va tekshirishdagi qiyinchiliklar yoki sudlanmagan holda mablag‘larni musodara qilishning imkoni yo‘qligi sababli aktivlarni qaytarib olish yo‘lidagi to‘siqlarga duch kelmoqda.

Korrupsiya, poraxo‘rlik, byudjet mablag‘larini noqonuniy o‘zlashtirish muammosi  O‘zbekistonda ham mavjud.  Shuning uchun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev jamiyatimizda dolzarb muammoga aylangan korrupsiya illatini tag-tomiri bilan yo‘q qilishga alohida e’tibor qaratmoqda.  Amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlar samarasi o‘laroq, oliy o‘quv yurtlaridagi poraxo‘rliklar, poytaxtimizdagi “propiska” bilan bog‘liq taqiqlar, valyuta sotish va sotib olish muammolari bartaraf qilindi. Qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalar yaxshilanib, chegaralar ochildi.

Davlatimiz rahbarining mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtisodiyotni liberallashtirish, korrupsiyadan xoli Yangi O‘zbekistonni qurish yo‘lidagi sa’y-harakatlari  nafaqat xalqimiz, balki xalqaro hamjamiyatning ham e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Bu borada BMT, Jahon banki, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan yaqin hamkorlik qilinmoqda.

Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida huquqiy va institutsional islohotlar tizimli amalga oshirilmoqda. Jumladan, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun qabul qilindi, maxsus vakolatli Agentlik tashkil etildi. Barcha davlat idoralarida samaradorlikni baholash reyting tizimi yo‘lga qo‘yildi. Davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirildi. Davlat tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar Yagona darcha orqali amalga oshirilmoqda. Bularning barchasi hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlash,  byurokratiyani kamaytirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

O‘zbekiston 2021 yilda Xalqaro Ochiq ma’lumotlar xartiyasiga a’zo bo‘ldi. Istanbul harakatlar dasturi, Global operativ tarmoq, Yevroosiyo, Egmont guruhlari va boshqa ko‘plab platformalarda samarali ishtirok etib kelmoqda. G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish tarmog‘ining Kotibiyati vazifasini bajarmoqda. Qolaversa, har yili Toshkentda an’anaviy Xalqaro aksil korrupsiya forumi o‘tkazib kelinadi.

Korrupsiyaga barham berish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar natijasi o‘laroq, O‘zbekiston “Transparency International” indeksida mintaqada eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etib, 42 pog‘onaga ko‘tarildi. O‘zbekiston “Open Data Inventory” reytingida esa joriy yilda 30-o‘ringa ko‘tarildi. Ochiq ma’lumotlar manbalari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 4-o‘rindan joy olgan. Lekin bularning barchasi korrupsiyani butunlay yo‘q qilish yo‘lidagi ishlarning bir qismi xolos. Hali oldinda qilinadigan ishlar ko‘p. Sobit bo‘lsak, barchasiga erishamiz.

Ma’lumki, 2023 yil 19 dekabr kuni “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududida xalqaro hamjamiyatning korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi sa’y-harakatlarini ifodalovchi monumentning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda mukofot asoschisi – Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari, 40 dan ziyod mamlakat delegatsiyalari, shu jumladan ushbu xalqaro mukofot sovrindorlari qatnashdi.

Kafti ochiq qo‘l ko‘rinishida metalldan ishlangan ushbu o‘n ikki metrlik kompozitsiya halollik, pok amal va niyatlarni, korrupsiyaga nisbatan mutlaq toqatsizlikni, dunyoning barcha mamlakatlarini unga qarshi kurashishda birlashishga chaqiriqni anglatadi.

Darhaqiqat, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ham har bir chiqishida “Demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olganini,  jumladan, Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham katta reja va vazifalar oldimizga qo‘yilganini” alohida ta’kidlab keladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimidagi nutqida ham   Prezidentimiz korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida  bir qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi.

Eng avvalo, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etiladi. Unda davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini ta’minlash va hisobdorligini oshirish, ochiq ma’lumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida urg‘u beriladi.

Qolaversa, Toshkentda Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasining Mintaqaviy platformasi o‘z faoliyatini boshlagan. Korrupsiya holatlari bo‘yicha “dastlabki o‘rganish” – korrupsion surishtiruv instituti joriy etildi. Prezidentimiz aytganidek, “jamiyatimiz oldida ongi va qalbi bolalikdan “halollik vaksinasi” bilan emlangan yangi avlodni kamolga yetkazishdek  ustuvor vazifa turibdi”. Shu maqsadda BMTning Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi dasturini O‘zbekistonda keng joriy etish maqsad qilingan.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus hamda  yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi, ularda faol qatnashadi. Mamlakatimiz  albatta korrupsiyadan xoli davlatlar qatoridan joy oladi.

 

Saidmurod Rahimov, 

O‘zA