Bojxona qo‘mitasi tomonidan 2023 yil davomida sohani raqamlashtirish, bojxona tartibotlarini yanada soddalashtirish, tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash orqali mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirish borasida tizimli ishlar amalga oshirildi.

Davlatimiz rahbarining 2023 yil 29 avgust kuni “Bojxona rasmiylashtiruvi markazi”ga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar sohani ochiqlik, shaffoflik hamda ishonchlilik tamoyillari asosida korrupsiyadan xoli tizimga aylantirishda muhim o‘rin tutmoqda.

Bu haqda AOKAda Bojxona qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Nurbek Salomov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda qayd etildi. 2023 yil davomida davlat bojxona xizmati organlari tomonidan 17 mingdan ortiq tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilariga 57,4 trillion so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan imtiyoz va tarif preferensiyalari qo‘llanildi. Davlat byudjetiga 58,4 trillion so‘m miqdorida mablag‘ o‘tkazildi.

Xavflarni boshqarish va “yashirin iqtisodiyot”ga qarshi kurashish yo‘nalishida 972,8 milliard so‘mlik tovarlarning noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Davlat byudjetiga 165,3 milliard so‘m qo‘shimcha to‘lovlar undirildi.

Mamlakatimiz aholisi sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida 9,2 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi fosh etildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 8,4 tonnaga yoki 12,3 barobarga ortdi. Shuningdek, 650 ming dona psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalar, 8 778 dona qurol-yarog‘ va portlovchi moddalar aniqlandi.

2023 yil davomida 5 million 700 ming quti tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu boradagi  ko‘rsatkich esa 2022 yilga nisbatan 4 million 100 ming qutiga yoki 3,6 barobarga ko‘p demakdir. Sohani raqamlashtirish maqsadida 12 ta axborot tizimi, 4 ta interaktiv xizmat va 5 ta mobil ilova amaliyotga joriy etildi.

Ushbu davr mobaynida tashqi savdo aylanmasi 21 foizga, harakatlangan avtotransport va temir yo‘l vagonlari soni 45 foizga, yo‘lovchilar soni 2,2 barobarga yoki 13,1 million nafarga ortgan bo‘lsada, sohani raqamlashtirish hisobiga bojxona rasmiylashtiruvi vaqti 2 barobarga qisqardi. Eksport tovarlarining 90 foizi va import tovarlarining 80 foizi soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtirildi.

Bojxona yuk deklaratsiyalarini inson omilisiz avtomatik rasmiylashtirish hajmi eksportda 86 foizni tashkil qildi. Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida 9 ta xalqaro hujjat imzolandi. Sohaga 5,6 million dollar miqdorida grant mablag‘lari jalb qilinib, bojxona postlari zamonaviy texnika vositalari bilan jihozlandi.

Bojxona organlariga biriktirilgan yoshlar bilan doimiy tarzda ish olib borish, ularning bandligini ta’minlash yo‘nalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Tibbiy-ijtimoiy muassasalarning moddiy-texnik bazasi hamda infratuzilmasini yaxshilash borasida Toshkent shahridagi 3 ta hamda Zomin va Sirdaryodagi nogironligi bo‘lgan ayollar uchun “Muruvvat” internat uylari, shuningdek, Farg‘onadagi “Saxovat” keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun internat uylarida rekonstruksiya va mukammal ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

Shu bilan birga, fuqarolarga yanada qulaylik yaratish maqsadida “G‘ishtko‘prik”, “Navoiy”, “Dovut-ota” chegara-bojxona postlarini zamonaviy andozalar asosida rekonstruksiya qilish ishlari davom ettirilmoqda. Respublika miqyosida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish maqsadida “Yashil energiya” axborot tizimi amaliyotga joriy etildi. Ushbu davr mobaynida bojxona xodimlari tomonidan jami 60 ming 476 ta ob’ekt monitoring qilinib, umumiy quvvati 436,5 MVtni tashkil etuvchi quyosh panellari o‘rnatilishi ta’minlandi.

Tadbirkorlar ishtirokida barcha hududlarda o‘tkazilgan sayyor uchrashuvlarda bojxona hududida qayta ishlash rejimining imkoniyat va imtiyozlari keng targ‘ib qilindi. Natijada mazkur rejimga jami 701 million AQSH dollariga teng tovarlar joylashtirilib, bu boradagi ko‘rsatkichlar 2022 yilga nisbatan qariyb 76 foizga oshdi.

Tadbirkorlar tomonidan bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan hudud imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda xorijga umumiy qiymati 728 million AQSH dollarini tashkil etuvchi tovarlar eksport qilindi. Ushbu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 2,1 barobarga yoki 389 million AQSH dollariga ortdi.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

O‘zA