Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 yanvar kuni savdo va xizmatlarni rivojlantirish, turizm va madaniyat maskanlarini barpo etishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Bu haqda o‘tgan yili 18 dekabrda bo‘lgan videoselektor yig‘ilishida topshiriqlar berilgan edi. Xususan, mamlakatimizda turizm salohiyati katta ekani, uni samarali ishga solib, turizm maskanlari va mehmon o‘rinlarini ko‘paytirish lozimligi ta’kidlangandi.
Taqdimotda shunga muvofiq tayyorlangan loyihalar ko‘rib chiqildi.
Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz, Toshkent viloyatining Parkent tumani tog‘lari juda xushmanzara. Ayniqsa, bahor-yoz mavsumida sayyohlar bilan gavjum. Bu boradagi sharoitlarni kengaytirish maqsadida Shahrisabzdagi Miraki, Parkentning Nurobod va Kumushkon hududlarida zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Qashqadaryodagi Maydanak tog‘ maskanida yengil konstruksiyali xostellar qurish, mavjud binolarni savdo va xizmatlarga qayta ixtisoslashtirish, hududni obodonlashtirish mo‘ljallangan.
Turistlar boradigan joylardan biri bu – bozor. Lekin bugungi kunda ayrim bozorlarimiz turistlar uchun jozibador emas, ularda milliy kolorit yetishmaydi.
Shu bois davlatimiz rahbari milliy madaniyatimizni aks ettirgan bozor majmualari loyihasini ishlab chiqish vazifasini qo‘ygan edi. Taqdimotda tarixiy shaharlarimizdagi bozorlarni turistlar uchun jozibador maskanlarga aylantirish bo‘yicha dastlabki loyihalar namoyish qilindi.
– Bozorlarimizning o‘ziga xos jihatlarini saqlab qolgan holda ularni yurtimizning “tashrif qog‘ozi”ga aylantirish kerak. Oziq-ovqat, kiyim-kechak, zargarlik do‘konlari, oshxonalar, ko‘ngilochar maskanlar hamohang bo‘lishi, xaridorlar va turistlarni o‘ziga jalb qilishi zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu borada Turkiya va arab mamlakatlari tajribasini o‘rganish, loyihalashtirishga xorijiy mutaxassislarni taklif etish muhimligi aytib o‘tildi.
Taqdimotda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turizm markazlarida qurilishi rejalashtirilayotgan bozorlar haqida ham axborot berildi. Davlatimiz rahbari ularda ham hududiy koloritni aks ettirish, turistlar uchun kengroq sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Prezidentimiz Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashining majlisida Toshkent davlat sirki faoliyatini yaxshilash masalasiga to‘xtalib o‘tgan edi. Bugungi taqdimotda ushbu madaniyat dargohini ta’mirlash, soha uchun kadrlar tayyorlashda ta’lim va amaliyotni uyg‘unlashtirish maqsadida 300 o‘rinli o‘quv binosini barpo etish rejalari muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari loyihalarni takomillashtirish va sifatli qurish yuzasidan qo‘shimcha ko‘rsatmalar berdi.