Bu tashvishli albatta, lekin shunday bo‘lishi aniq, deydi olimlar. Shunday kasblar borki, ular neyrotarmoqlar va boshqa zamonaviy texnologiyalar sababli o‘zining dolzarbligi yo‘qotadi.

Neyrotarmoqlar, Sun’iy intellekt xizmatlari, katta til modellari (LLM) — bularning barchasi istalgan odamning kasbi-koridan mahrum qilishi mumkin. IT  sohasidagi yutuqlar tufayli ayrim kasblarga ehtiyoj qolmaydi.

Yaqinda Buyuk Britaniya ta’lim vazirligi ushbu yo‘nalishda olib borilgan tadqiqot natijalarini e’lon qildi.

Tadqiqot ma’lumotlariga ko‘ra, yaqin yillarda dunyo bo‘yicha ish o‘rinlarining qariyb 30 foizini chat-botlar va neyrotarmoqlar egallashi mumkin. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, ekspertlar 20 ta mutaxassislik sun’iy intellekt tufayli yo‘q bo‘lish xavfi ostida ekanini ta’kidlamoqda.

Bular:

Huquqshunoslar

Advokatlar

Ruhshunslar

Hisobchilar

Iqtisodchilar

Marketologlar

HR-menejerlar

Muhandis-quruvchilar

Kredit nazoratchilari

Maoshlar bo‘yicha menejerlar

Menejer va xaridlar bo‘yicha direktorlar

Moliyaviy menejerlar va direktorlar

Hukumat apparatidagi davlat xizmatchilari

Biznes va aralash masalalar bo‘yicha mutaxassislar

Mijozlar bilan ishlash bo‘yicha moliyaviy menejerlar

Biznes-tahlilchilar va menejment bo‘yicha maslahatchilar

Ta’lim bo‘yicha maslahatchilar va maktab inspektorlari

Investitsiyaviy va moliyaviy tahlilchilar/maslahatchilar

Biznes, tadqiqotlar va boshqaruv  sohasida mutaxassislar

Biznes va moliyaviy loyihalarni boshqarish bo‘yicha mutaxassislar

Buyuk Britaniya ta’lim vazirligining fikricha, sun’iy intellekt ayniqsa huquq, moliya, boshqaruv, biznes va piar yo‘nalishlarida mehnat qilayotgan minglab odamlarning o‘rnini egallaydi.

Ajablanarlisi, ushbu ro‘yxatga jurnalistlar, yozuvchilar va  matn bilan ishlaydigan boshqa mutaxassisliklar kiritilmagan. Demak, matn bilan ishlash nafaqat algoritm va bilimni, balki  ijodiy yondoshuvni ham talab qiladi.

Jismoniy mehnat bilan bog‘liq kasbda ishlaydiganlar xavotir olmasa ham  bo‘ladi, deydi tadqiqot olib borgan olimlar.

Neyrotarmoqlar insonni suratiga qarab turgan joyini aniqlaydi

Stenford universitet talabalari PIGEON neyrotarmog‘ini yaratishdi, u GeoGuessr o‘yiniga o‘rgatilgan. Mazkur o‘yin insonni suratiga qarab turgan joyini aniqlaydi.

PIGEON neyrotarmog‘i bu vazifani insondan yaxshiroq bajarib 95 foizlik aniqlikka erishdi, lokatsiyalarda atiga 40 kilometrga adashdi. U hatto GeoGuessrning eng zo‘r o‘yinchisi ustidan g‘olib bo‘ldi. PIGEON insondan zo‘rligiga yana bir dalil shuki, u hatto kutilmagan holatlarni, jumladan, ob-havo, tuproq va o‘simliklarning o‘ziga xosligini ham hisobga olgan.

Mualliflar neyrotarmoqni yanada chuqurroq o‘rganish uchun «Google Map»dan emas, balki o‘zining shaxsiy fotoalbomidan bir nechta rasmni tashlab ko‘rishdi. Natija shu bo‘ldiki, neyrotarmoq mazkur surat qaysi shtatda olinganini aniqlab berdi.

Tajriba faqat talabalar tomonidan amalga oshirilgan sun’iy intellekt modeli edi. Agar shunday neyrotarmoqni o‘qitish uchun katta resurslarga ega bo‘lgan yirik kompaniya yaratganda edi, yakuniy mahsulot insonning suratiga qarab uning geopozitsiyasini yanada aniq aytib bergan bo‘lardi.

Talabalarning ta’kidlashicha, PIGEON neyrotarmog‘ining jamiyatga foydasi bo‘ladi. Masalan, uning yordamida olimlar arxiv fotosuratlarga qarab joylarni izlab topa oladi. Bu ayniqsa, qadimshunoslar uchun muhim. Odamlar borishi zarur bo‘lgan joyni suratini internet orqali ko‘rgandan keyin  qidirib topa oladi.

Biroq Amerika fuqarolar erkinligini himoya qilish ittifoqi vakili Jey Stenlining fikricha, hukumatlar bunday neyrotarmoqlardan  fuqarolarni kuzatib borishda foydalanishi ham mumkin.

Tez orada TV boshlovchilari o‘rnini sun’iy intellek egallaydi

2024 yilda yangi global axborot tarmog‘i, “Channel 1” kanali ishga tushadi va yangiliklar butunlay sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan boshlovchilar tomonidan o‘qiladi.

“Channel 1” kanalining fotorealistik yangiliklar boshlovchilari butunlay boshqacha ko‘rinishga ega, deb yozadi “Nyew Atlas”. Ularning barchasi har qanday tilda gaplashishi mumkin. Ular hatto yangiliklarga oid hazillar qilishga qodir. Ushbu kanal butunlay shaxsiylashtirilgan yangiliklar agregatori bo‘ladi. Biroq u o‘z yangiliklarini yaratish uchun sun’iy intellektdan foydalanmaydi. Buning o‘rniga, kanal butun dunyo bo‘ylab ishonchli manbaalardan hisobotlarni yig‘adi va keyin ularni tahrirlangan yangiliklarga aylantirib, qayta to‘playdi. Xabarlar qiziqarli mavzular asosida birlashtiriladi. Matn ramkalar va tasvirlar bilan to‘ldiriladi. Tizim sizga til va uslubingizni tanlash imkonini beradi. Umuman olganda, siz o‘zingizning shaxsiy telekanalingizga ega bo‘lasiz.

Robot it 100 metrga yugurishda yangi rekord o‘rnatdi

“HOUND” kuchukchasi Koreyaning ilg‘or fan va texnologiyalar instituti (KAIST)ning robotlarni loyihalash va boshqarish ​laboratoriyasida tayyorlandi. 45 kilogrammli “to‘rt ayoq” to‘xtab turgan joyidan start olib, 19,87 soniyada 100 metrni bosib o‘tdi. O‘rtacha tezlik 18,12 km/s ni tashkil etdi, deb yozgan  “New Atlas” nashri.

Mexanik it tez harakat qilish uchun yaratilgan. U shuningdek, maysa ustida yugurishi, katta masofani bosib o‘tishi va 22 darajadagi qiyalikka ko‘tarilishi mumkin.

Umuman olganda, “HOUND” yugurish bo‘yicha ilk rekordchi robot emas. 2012 yilda “Cheetah DARPA” deb nom olgan to‘rt ayoq robot ham quriqlikda yigirma metrlik masofaga yugurib, tezligini soatiga 45,5 kilometrga chiqargan edi. 2022 yilda “Agility Robotics” tomonidan yaratilgan “Cassie” roboti ham 100 metrga 24,73 soniyada yetib kelib Ginness rekordlar kitobiga kiritilgandi.

Tesla Optimus robot odamning ikkinchi versiyasi yaratilganini ma’lum qildi

“Tesla” inson shaklidagi  yangi “Optimus Gen 2”  robotning yangi avlodini taqdim etdi. “Humanbot” 2.0 10 kg ga yengilroq va epchilroq chiqdi. U nozik narsalarni yaxshiroq boshqarishni va robotning motorli ko‘nikmalari uchun qiyin bo‘lgan vazifalarni samaraliroq bajarishni o‘rgandi. “Optimus”ning dizayni ham o‘zgargan. Endi u soddalashtirilgan shaklga ega bo‘lib,  avvalgisidan 30 foiz tezroq yuradi hamda o‘tirish va boshqa mashg‘ulotlarda muvozanatini yaxshi tutadi. Hozirdanoq uning qo‘liga mo‘rt va nozik buyumlarni ishonib topshirishingiz mumkin, tushirib yubormaydi. Har holda videorolikda robot tovuq tuxumlarini tushirib yubormadi.

Ilon Mask yaqinda “Optimus Gen 2” dan elektromobillarida foydalanishni boshlashini aytgan. Ishlanma foydaliligini isbotlagandan keyin, “Tesla” uni boshqa brendlarga sotishni rejalashtirmoqda.

AQSHda sun’iy miya o‘stirildi: u o‘qiydi va suhbatni tushuna oladi

Ilg‘or texnologiyalarga qaramay, dunyoda inson miyasidan o‘tib ketadigan bironta ham kompyuter yo‘q. Olimlar ko‘p yillar davomida sun’iy organ yaratishga harakat qilib keladi, lekin natija unchalik ijobiy bo‘lmaydi. Aftidan, amerikalik mutaxassislar maqsadga biroz yaqinlasha olganga o‘xshaydi. Indiana universiteti  olimlari inson miyasining tabiiy to‘qimasini elektron komponentlar bilan birlashtirib, haqiqiy miya kabi ishlaydigan “Brainoware” biokompyuterini ishlab chiqarishdi.

“Brainoware” bir vaqtning o‘zida hisoblash va saqlash vazifasini bajaradi. Sun’iy miya allaqachon matematik muammolarni hal qilish va nutqni taniy olish qobiliyatiga ega.

Olimlar “Brainoware”ni turli tillarda 240 ta audioyozuv bilan ta’minlashdi va biokompyuterdan to‘g‘risini topishni so‘rashdi. Bor-yo‘g‘i ikki kun ichida qurilma ovozlarni 78 foiz aniqlik bilan tanib olishni o‘rgandi.

Ixtirochilarning qayd etishicha, “Brainoware”ni to‘laqonli miya deb atashga hali erta.  Bu faqat miya tuzilishiga taqlid qilish, ammo to‘liq organ emas. Kelajakda bunday biokompyuterli robotlar  kuchli kompyuterlar uchun protsessorlarni almashtira oladi, shunda ular inson xatti-harakatlarini o‘rganishi va taqlid qilishi mumkin bo‘ladi. Ushbu bosqichda “Brainoware” sizga haqiqiy miyaning ba’zi jihatlarini taqlid qilish imkonini beradi, bu o‘z navbatida, olimlarga tirik organizmga aralashmasdan neyron aloqalarni o‘rganish uchun qo‘l keladi, deydi ixtiro mualliflari.

 

Internet materiallari asosida S.Rahimov tayyorladi, O‘zA