9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurash kuni

Adliya organlari va muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi yaratilgan. Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatiga muvofiq har bir  faoliyat ustidan komlayens tekshiruvlar o‘tkazib borilmoqda.

– Xususan, davlat xizmatlari markazlari tomonidan ayrim turdagi xizmatlarni ko‘rsatish yo‘nalishlari komplayens tekshiruvidan o‘tkazilib, aniqlangan korrupsiyaviy xavf-xatarlarni minimallashtirish maqsadida xizmatlarni raqamlashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqildi, – dedi Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva. –  Joriy yil to‘qqiz oyida aniqlangan holatlar bo‘yicha bir nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. 24 nafar xodimga nisbatan tegishli intizomiy jazo choralari qo‘llanildi. Shuningdek, 17 nafar xodim bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.

Bundan tashqari, hududiy adliya boshqarmalari tizimidagi  adliya, FHDYO bo‘limlari va davlat xizmatlari markazlarida ham xodimlarning faoliyati komlayens tekshiruvdan o‘tkazib borilmoqda. Buning natijasida 14 nafar xodimga “hayfsan”, 24 nafar xodimga nisbatan jarima intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 oktyabrdagi “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra  “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida korrupsiyaga qarshi ekspertiza bo‘yicha uslubiyot qabul qilindi. Yangi tartib va uslubiyot ishlab chiqilishi bilan korrupsiyaviy holatlarni keltirib chiqaruvchi normalarni aniqlash ko‘rsatkichi sezilarli darajada oshdi.

Xususan, Adliya vazirligiga 2020 yilda huquqiy ekspertiza uchun kiritilgan loyihalarning 9 foizida korrupsiyaviy omil aniqlangan bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich 2021 yilda 13 foiz, 2022 yil 14 foiz, 2023 yilning to‘qqiz oyligida esa 15 foiz yetgan.

Bu raqamlar, o‘z navbatida, vazirlik va idoralar tomonidan ishlab chiqilayotgan loyihalarda korrupsiyaviy omillarni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan normalar soni oshib borayotgani, xususan, ular tomonidan korrupsiyaga qarshi ekspertiza lozim darajada amalga oshirilmayotganini ham ko‘rsatadi.

2021 yildan boshlab amaldagi qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish tartibi joriy qilindi. Endilikda barcha qonunchilik hujjatlari 2027 yilga qadar korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkaziladi.

Shu paytgacha o‘tkazilgan ekspertiza natijalariga ko‘ra, 238 hujjatda yoki jami hujjatlarning 13 foizida 339  korrupsiyaviy omil aniqlandi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha  vazirlik tomonidan uchta qonunchilik hujjati loyihasi ishlab chiqildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha adliya organlari va muassasalarining faoliyatini takomillashtirish sohasida esa  to‘lovlar miqdori haqida infografika va roliklar ko‘rinishida DXM va FHDYO bo‘limlari binolaridagi teleekranlar hamda tizim ijtimoiy tarmoqlarida fuqarolarga ma’lumotlar berib borish amaliyoti kuchaytirildi.

DXMlarda pullik xizmatni ro‘yxatdan o‘tkazish tizimida to‘lov miqdorlarini rasmiylashtirilgan arizaga ulash imkoniyati yaratildi.

Adliya organlari va muassasalarida byudjet mablag‘larini boshqarish va unda ishtirok etish vakolatiga ega bo‘lgan mansabdor shaxslar uchun “UzASBO” dasturiy majmuasidan foydalanish tartibi ishlab chiqildi.

“O‘zarxiv” agentligi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro sertifikatini oldi.

Adliya organlari va muassasalarida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni profilaktika qilish va ularga qarshi kurashish sohasida aloqa kanallari orqali adliya organlari va muassasalari xodimlarining nojo‘ya xatti-harakatlari yuzasidan jami 137 murojaat va xabarlar kelib tushgan bo‘lib, shundan, 95 tasi “antikorbot” telegram kanali orqali hamda 42 tasi boshqa aloqa kanali orqali kelib tushgan murojaat va xabarlarni tashkil etadi.

Mazkur murojaatlar va xabarlarni o‘rganib chiqish natijasida 15 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan. Shundan 6 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan hamda 118 nafar xodim bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan.

 

Norgul Abduraimova,  

O‘zA