Toshkentdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha ikkinchi global forum bo‘lib o‘tdi.

Unda yuzga yaqin xorijiy parlament rahbarlari va vakillari, xalqaro parlamentlararo tashkilotlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, xorijiy ekspertlar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Forum avvalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning anjuman ishtirokchilariga yo‘llagan murojaatini Senat raisi Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirdi.

Davlatimiz rahbarining murojaatida aytilganidek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha global forum an’anaga aylanib bormoqda.

– Mazkur nufuzli anjuman ikkinchi bor yurtimizda o‘tayotgani biz uchun ulkan sharaf bo‘lishi bilan birga, Barqaror rivojlanish maqsadlari yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizning xalqaro miqyosdagi yuksak e’tirofi, deb bilamiz, – dedi T.Norboyeva. – Ishonch bilan aytish mumkinki, barqaror rivojlanish bo‘yicha yuqori darajadagi ushbu siyosiy forum mamlakatlarning erishgan natijalarini xalqaro hamjamiyatga yetkazishda, o‘zaro tajriba almashishda, zarur tavsiyalarni ishlab chiqish va tashabbuslarni ilgari surishda muhim muloqot maydoni bo‘lib xizmat qiladi.

Ma’lumki, mamlakatimizda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda, xalqaro maydonda ilg‘or tashabbuslar ilgari surilmoqda. Natijada O‘zbekiston bu borada butun dunyoga namuna sifatida ko‘rsatilmoqda.

Joriy yil noyabr oyida O‘zbekistonda ilk marotaba Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi tashkil etildi.

Nufuzli anjumanda Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong va YeXHT Parlament Assambleyasi Prezidenti Pia Kauma videomurojaat bilan ishtirok etdi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari a’zolari, MDH Parlament Assambleyasi raisi Valentina Matviyenko, Turkiy davlatlar Parlament Assambleyasi Bosh kotibi Mexmet Sureyya Er, xorijiy mamlakatlar parlamentlari rahbarlari, parlamentlararo tashkilotlar, Yoshlar parlamentlari, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda ilmiy-tadqiqot muassasalari ekspertlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamda onlayn tarzda ishtirok etdi.

Qayd etilganidek, O‘zbekistonda barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha mutlaqo yangi mexanizm joriy etildi, huquqiy va institutsional islohotlar amalga oshirildi. Global barqaror rivojlanish maqsad va vazifalari hamda ularning indikatorlari milliy xususiyatlarimizdan kelib chiqib, qayta ishlandi.

Milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasi tuzildi. Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirishda “parlament – hukumat – fuqarolik jamiyati institutlari” konsepsiyasi yaratildi. Bu bilan BRMga erishishda manfaatlar muvozanatining samarali mexanizmi yaratilib, sohada parlament va jamoatchilik nazorati o‘rnatildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 2022 yil 14 dekabrda qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya hamda milliy maqsadlar doirasida olib borilayotgan islohotlarga alohida e’tibor qaratildi.

Parlamentlararo ittifoq Bosh kotibi Martin Chungong o‘z videomurojaatida Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha global forum yuqori darajada tashkil etilgani uchun minnatdorlik bildirdi, ko‘rilayotgan masalalar, ulardan kelib chiqqan taklif va xulosalar parlament hamda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga ijobiy ta’sir qilishini aytib o‘tdi.

“Global forumda BMT Bosh Assambleyasining “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati ishtirokini kengaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasi loyihasi muhokama qilinishi katta voqelik. Ushbu rezolyutsiyaning tashabbuskori  bo‘lgan O‘zbekistonga bu tashabbus va qat’iyat uchun minnatdorchilik bildiraman”, dedi M.Chungong.

Anjuman ishi “2030 yilgi Global kun tartibini samarali amalga oshirishga ko‘maklashishda parlament va parlamentlararo hamkorlikning roli”, “BRMga erishish jarayonini tezlashtirishda gender masalalariga yo‘naltirilgan va yoshlar siyosati” hamda “2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibini amalga oshirishda parlament va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik” mavzularidagi uchta sessiya doirasida tashkil etildi.

Birinchi sessiyada ishtirokchilar 2030 yilgi kun tartibini amalga oshirishda milliy parlamentning rolini, jumladan, O‘zbekiston tashabbuslari va rivojlantirish istiqbollarini, ikkinchi sessiyada esa parlament jarayonlarida xotin-qizlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishda milliy parlamentning rolini muhokama qildi.

Uchinchi sessiyada esa Barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarga erishishda parlament va fuqarolik jamiyati hamkorligini yanada mustahkamlash hamda nodavlat notijorat tashkilotlarining Ixtiyoriy milliy hisobotlar va muqobil ma’ruzalarni tayyorlashdagi ishtiroki kabi masalalar ishtirokchilar e’tiborida bo‘ldi.

Bundan tashqari, tadbir davomida mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari tashabbusi bilan ilgari surilayotgan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish to‘g‘risida”gi  BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi loyihasi muhokama markazida bo‘ldi.

Forum yakuni bo‘yicha Toshkent kommyunikesi qabul qilindi.

Norgul ABDURAIMOVA,

O‘zA muxbiri