O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan Sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Qarorga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi 11-son qarori bilan tasdiqlangan Sudyalar va ularning oila a’zolari pensiya ta’minoti shartlari, me’yorlari hamda tartibi to‘g‘risidagi nizomga quyidagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritiladi:

sudyalik lavozimida pensiya olish huquqini ta’minlashda sudyaning pensiya yoshiga qadar benuqson obru-e’tibor bilan faoliyat ko‘rsatishi asosiy mezon hisoblanishini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunida belgilangan asoslar bo‘yicha sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatilgan taqdirda, sudyalik pensiyasini olish huquqini istisno etish;

sudyaning amaldagi vakolat muddati tugamasdan navbatdagi muddatga saylangan yoki tayinlangan hollarda, istisno tariqasida, olti oygacha bo‘lgan muddat sudya lavozimidagi ish stajiga qo‘shilishini aniqlashtirish;

shuningdek, pensioner vafot etgan oy uchun oxirigacha olinmay qolgan pensiya summasi ushbu oy uchun to‘liq to‘lanishi belgilash.

 

O‘zA