Poytaxtimizda 1 dekabr – Butunjahon OITSga qarshi kurash kuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimizda OITS kasalligiga qarshi kurashishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilning 20 yanvarida “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallikka qarshi kurashish tizimini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori qabul qilindi.

Ushbu qarorda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun “95-95-95” strategiyasi olg‘a surilgan bo‘lib, uning doirasida OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslarning 95 foizi o‘zining OIV statusini ya’ni organizmida OIV mavjudligini bilishi, 95 foiz OIV yuqtirib olganlar maxsus davolash kurslari bilan qamrab olinishlari hamda 95 foizi qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishiga erishish maqsadi belgilangan.

Tadbir davomida Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori Bahrom Egamberdiyev mamlakatimizdagi OIV bo‘yicha epidemik vaziyat haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, OITS bilan kasallangan bemorning qonida virus yuklamasi aniqlanmaydigan darajaga tushishiga erishilsa, u bemor yuqtiruvchi hisoblanmaydi, ya’ni bu kasallikni boshqalarga yuqtirmaydi. Bu maqsadlarga erishish uchun respublikamizda 173 ming nafardan ortiq aholi o‘rtasida ekspress-testlar o‘tkazildi. Shuningdek, 129 mingta ekspress-testlar respublikaning barcha tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalariga yetkazildi.

OIV sog‘liqni saqlashning asosiy global muammosi bo‘lib, virus hozirgi kunga qadar dunyo bo‘yicha 40,4 million kishining hayotiga zomin bo‘ldi va kasallikning butun dunyo bo‘ylab tarqalishi davom etmoqda. 2022 yilning oxiriga kelib butun dunyoda taxminan 39 million OIV bilan yashovchi odamlar ro‘yxatga olingan, ularning uchdan ikki qismi Afrika mintaqasida aniqlangan. 2022 yilda 630 ming odam OIV bilan bog‘liq sabablarga ko‘ra vafot etgan va 1,3 million yangi OIV yuqish holatlari qayd etilgan.

– OIV infeksiyasini to‘liq davolashning imkoni yo‘q. Biroq, OIV va opportunistik infeksiyalarning oldini olish, tashxislash, davolash va parvarishlash imkoniyatlarining ortib borayotgani sababli OIV infeksiyasi boshqarilishi mumkin bo‘lgan surunkali kasallikka aylandi. OIV bilan yashovchi shaxslarning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishlari imkonini yaratdi, – dedi B.Egamberdiyev. – Mamlakatimizda ham bu borada keng ko‘lamli ishlar qilinmoqda. Jumladan, davlat byudjeti hamda OITS, sil va bezgak kasalliklariga qarshi kurash bo‘yicha Global jamg‘arma mablag‘lari hisobidan qariyb 7 million AQSH dollari miqdorida retrovirusga qarshi dori vositalari xarid qilinib, 40 ming nafardan ortiq bemor virusga qarshi terapiya bilan qamrab olingan. Respublika OITSga qarshi kurash markazi hamda FHDYO organlari axborot tizimi integrasiya qilindi. Ushbu tizim orqali nikohlanuvchilarning OIVga tibbiy tekshiruv jarayoni qulay va sodda holatga olib kelindi.

Shuningdek, OIV bo‘yicha elektron axborot tizimi Pensiya jamg‘armasining elektron bazasi bilan integratsiya qilinib, hozirgi kunda OIV infeksiyasi bo‘lgan 18 yoshgacha bolalarga nafaqa avtomatik tarzda belgilanib, ularning nafaqa olishida yuzaga kelayotgan qiyinchiliklarga chek qo‘yildi.

Ushbu infeksiya bilan yashovchi onalardan tug‘ilgan bolalarga OIVning vertikal yo‘l bilan yuqishining oldini olish maqsadida homilador ayollarni infeksiyaga tekshirishlar 100 foiz qamrab olinmoqda. OIV aniqlangan holatda, homilador dispanser hisobiga olinib, retrovirusga qarshi dori vositalari beriladi. Homiladorlik davridagi immunologik ko‘rsatkichlar va virus yuklamasi laboratoriyada tekshirib borilib, tug‘ruq kesar kesish usulida amalga oshiriladi hamda tug‘ilgan bolaga profilaktika maqsadida retrovirusga qarshi dori vositalari beriladi.

Bundan tashqari, OIV infeksiyali onalardan tug‘ilgan 700 nafardan ortiq bola olti oylik bo‘lguncha quruq sut aralashmalari bilan ta’minlanmoqda. 6 oylikkacha bo‘lgan go‘daklarni sun’iy quruq sut aralashmalari bilan ta’minlash bilan infeksiyaning onadan bolaga yuqishini bartaraf etishga erishish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan.

Respublika OITSga qarshi kurashish markazi va “Chegara bilmas shifokorlar” xalqaro gumanitar tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlikda yo‘lga qo‘yilgan “Mobil laboratoriya” joriy yilning o‘tgan o‘n oyi davomida tasdiqlangan rejaga muvofiq Toshkent shahar va viloyati hududlarida jami 164 ta chiqishlar amalga oshirildi. Ushbu chiqishlar davomida jami 5551 nafar fuqaro, asosan ichki migrantlar OIV, VGS va sifilisga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi. O‘tkazilgan tibbiy tekshiruv natijalariga ko‘ra jami 437 nafar shaxslarda (41 nafarida OIV, 302 nafarida VGS va 94 nafarida sifilis) musbat natija qayd etildi. Ushbu aniqlangan musbat natijali shaxslarning barchasi bilan navbatdagi diagnostik tekshiruvlar va davolash ishlari olib borilishi uchun tegishliligi bo‘yicha yo‘llanmalar berildi.

Qolaversa, ushbu o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida aholiga 5551 dona ATM, 3500 dona rezina g‘iloflar tarqatildi hamda OIV/OITS masalalari yuzasidan, jinsiy aloqa orqali yuqadigan kasalliklar to‘g‘risida, sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha bir qancha maslahatlar berildi.

Mohigul Qosimova,

Doniyor Yoqubov (surat), O‘zA