Mehnat migrantlarini, qaysidir ma’noda, har qanday mamlakat iqtisodiyotini rivojlantirish, aholisi farovonligini oshirishga hissa qo‘shadigan fidoyi insonlar, deyish mumkin.

Shu bois keyingi yillarda mamlakatimizda migratsiya masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, migrantlar huquqi va manfaatini himoya qilish, ularni qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratila boshlandi.

Zero, davlatimiz rahbarining turli mamlakatlarga tashrifi davomida, koʻpincha, oʻsha yurtda ishlab yurgan oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari bilan uchrashib, ularning fikri, oʻy-tashvishi, muammolari bilan qiziqishi ham bejiz emas.

OʻzA muxbiri migrantlarimizga yaratilayotgan qulayliklar, bu boradagi yutuq va kamchiliklar xususida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Toshkent shahri boʻlimi rahbari Hamza Abdullayev bilan suhbatlashdi.

– Hamza aka, suhbatimizni nisbatan anʼanaviy savol bilan boshlamoqchi edik. Umuman, bugungi kunda mamlakatimizda migratsiya masalasiga munosabat qanday? Migrantlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida nima ishlar qilinmoqda?

 Tan olish kerak, davlat boshqaruvi sohasidagi keng koʻlamli islohot, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish yoʻlidagi izchil saʼy-harakat natijasida Oʻzbekistonda migratsiya masalasiga munosabat tubdan oʻzgardi. Yurtimizda migrantlar huquqini himoya qilish, xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish, milliy qonunchilik va mexanizmni takomillashtirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Zamonaviy globallashuv taʼsiri oʻlaroq dunyoning turli burchaklarida yuz berayotgan migratsiya jarayoni zamirida iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ekologik sabablar yotadi.

Faqat bizning fuqarolarimiz chet elda ishlash uchun ketmaydi. Masalan, turklarning Germaniyaga yoki sobiq vassal davlatlar fuqarolarini Fransiyaga yetaklagan omil moliyaviy ehtiyojdir. Xuddi shunday oʻzbekistonliklar ham iqtisodiy zarurat tufayli chetga chiqib ishlab keladi. Sir emas, migrantlarimizning salmoqli qismi Rossiya Federatsiyasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda. Ularning hayoti va sogʻligʻi bilan bogʻliq turli kutilmagan holatlar yuzaga kelishi xavfidan Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda ularning huquqi va manfaatini himoya qilish jamgʻarmasi hisobidan subsidiya asosida sugʻurta joriy qilingan. Shuningdek, xorijga ketish xarajatini qoplash uchun mikroqarz berish amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Boquvchisi xorijga ishlash uchun ketgan va “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi roʻyxatiga kiritilgan oilalarga bir martalik moddiy yordam koʻrsatish joriy qilingan.

Fuqarolarimizni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish koʻlamini kengaytirish, noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish maqsadida doimiy ravishda salohiyatli ish beruvchilar bilan muzokara olib boriladi. Xorijda zoʻravonlik, majburiy mehnat yoki tahqirga duchor boʻlgan, jarohat olgan, baxtsiz hodisaga uchragan, ogʻir kasallikka chalingan, murakkab ahvolga tushib qolgan vatandoshlarimizga yordam koʻrsatilmoqda.

– Oʻzbekistonlik mehnat migrantlariga qaysi davlatlardan koʻproq talab tushadi, qanday mutaxassislarimizga ehtiyoj sezilyapti? Migratsiya geografiyasini kengaytirish maqsadida qaysi davlatlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi?

 Har qanday mamlakatning global dunyoda oʻrnini topishi bevosita ilm-fan, texnika va texnologiya sohasidagi yutuqlariga bogʻliq. Shunday ekan, taʼlim, sogʻliqni saqlash, axborot texnologiyalari, xizmat koʻrsatish, qurilish yoʻnalishlariga ustuvor vazifa sifatida qarash kerak.

Endilikda faqat oddiy ishlarni bajaradigan emas, balki salohiyatli, malakali mutaxassislarimizga, kasb-hunarli kadrlarga ham talab ortmoqda. Xorijiy davlatga yuborilayotgan yurtdoshlarimiz Monomarkazlarda, til va kasb-hunar oʻrganish kurslarida oʻqitilyapti.

Ayni maqsaddan kelib chiqib, Yevropa davlatlari, Yaponiya, Koreya, Kanada, Turkiya kabi iqtisodiyoti rivojlangan mamlakatlar bilan yaqin hamkorlikni izchil rivojlantirishga jiddiy eʼtibor qaratilyapti. Jumladan, joriy yil Lyuksemburg, Litva, Germaniya va Yaponiyaning 7 ta korxonasi bilan memorandum imzolandi. Nagoya shahrida 61 ta ish beruvchi va rekruting kompaniyasi ishtirokida biznes-forum oʻtkazildi, kun chiqar yurtning 6 kompaniyasi bilan tegishli hujjat imzolandi. Bu kelishuvlar har yili 1,5 ming nafar fuqaromizni xorijda ish bilan taʼminlash imkonini beradi. Oʻzbekistonda malaka sertifikati beradigan Yaponiya “Test markazi” tashkil etiladi. “JICA” tomonidan 5 nafar yapon tili mutaxassisi olib kelinadi. Ular respublikamizdagi yapon tili oʻqituvchilari malakasini oshiradilar. Toshkent shahri, Samarqand va Fargʻona viloyatlaridagi bittadan tibbiyot kolleji qoshida ochiladigan “JITCO” loyihasi ofislarida Yaponiyada ishlash istagini bildirgan bitiruvchilar tibbiyot hamshirasi va qariyalarni parvarishlash yoʻnalishida oʻqitiladi.

Joriy yil Buyuk Britaniya va Kanadada vakolatli idoralar va biznes hamjamiyati uchun tashkil etilgan “Oʻzbekiston Respublikasining mehnat migratsiyasi sohasidagi salohiyati” mavzusidagi forumga Buyuk Britaniyaning 16 ta, Toronto shahrining 15, Nyu-Faundlend muzofotining 120 ta kompaniya va korxonasi vakillari jalb qilinib, samarali amaliy kelishuvlarga erishildi. Birlashgan qirollik mehnat bozorida Oʻzbekiston uchun 1,5 ming mehnat kuchiga buyurtma shakllantirildi. “Concordia AG Recruitment”, “Option A Ltd”, “Hops Labor Solutions LTD”, “Pro Force LTD” va “Ethero Ltd kompaniyalari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishildi. Buning natijasida 2 ming fuqaro ish bilan taʼminlanib, ularning 1,5 ming nafari mavsumiy qishloq xoʻjaligi ishlariga jalb qilindi. Fuqarolarimiz uchun belgilangan ish haqi 6 ming funt sterlingdan oshadi.

Shuningdek, Kanadaning Nyu-Brunsvik, Ontario, Nyu-Faundlend va Yangi Shotlandiyaning Labrador muzofoti bilan hamkorlik boʻyicha kelishuvga erishildi.

Qayd etish kerak, Kanadada qurilish, turizm va sanoat sohalarida mutaxassis yetishmaydi. Tahlil ushbu mamlakatda 2025-yil 10 ming, 2027-yilga kelib esa 30 ming boʻsh ish oʻrni paydo boʻlishini koʻrsatmoqda. Shundan kelib chiqib, “Irving Ltd” va “Trades NL The Building Trades of Newfoundland & Labrador” korxonalari bilan kelishib olindi. Yaqin kelajakda qoʻshimcha 500 kishini ish bilan taʼminlash rejalashtirilgan, oʻrtacha oylik maoshi 4-5 ming Kanada dollari etib belgilangan.

Eʼtiborlisi, yil boshidan buyon iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar bilan oʻtkazilgan muzokaralar natijasida 100 mingga yaqin boʻsh ish oʻrnini toʻldirishga taklif tushdi. Ayni payt Yevropa davlatlari bilan hamkorlikda 64 mingga yaqin boʻsh ish oʻrniga Oʻzbekiston fuqarolarini jalb qilish boʻyicha 20 dan ortiq loyiha amalga oshirilmoqda. Masalan, Germaniyaning 15 ta ish beruvchi va rekruting agentligiga 30 mingdan ziyod Oʻzbekiston fuqarosi tibbiyot, haydovchilik, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish sohalariga toʻgʻridan toʻgʻri va “Ausbildung”– dual taʼlim asosida ishga jalb qilinadi.

“GLOBOGATE Recruiting GmbH” va “Nova Agency” tashkilotlari tomonidan hozir 473 hamshira nemis tili kursida oʻqiyapti. Yil boshidan ushbu korxonalar tomonidan 360 nafar fuqaromiz Germaniyaga turli sohalar boʻyicha ishga yuborildi. Ushbu sheriklik samarasi oʻlaroq, yaqin 5 yil ichida 12 ming fuqaroni ishga yuborish rejalashtirilgan.

Germaniyaning bir necha tashkiloti bilan tuzilgan kelishuvga koʻra, jami 17 ming fuqaro ishga jalb qilinadi.

Finlyandiyaning “Smart workers” tashkiloti bilan 2 ta loyihani yoʻlga qoʻyish, Buyuk Britaniyaning 3 ta rekruting tashkiloti bilan 10 mingdan oshiq Oʻzbekiston fuqarosini elektr mexanigi va qassoblik boʻyicha uzoq muddatli, shuningdek qishloq xoʻjaligida mavsumiy ishga jalb qilish niyatimiz bor. Joriy yil boshidan 1 850 nafar fuqaro mavsumiy ishga joʻnatildi.

Litva, Latviya va Polshadagi 47 ta ish beruvchi va rekruting tashkiloti bilan 19 ming nafar “SE” toifali yuk mashinasi haydovchilari, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalari xodimlarini jalb qilishga kelishildi.

Ruminiyaning “PAB Romania” korxonasida hozir “pilot” loyihasi natijasida 54 kishi qurilishda ishlayapti. Kanadaning “Work Global Canada” rekruting tashkiloti bilan 5 yil davomida 7 ming nafar Oʻzbekiston fuqarosini qurilish, xizmat koʻrsatish, ishlab chiqarish sohalari, qassoblik va boshqa kasblarga ishga jalb qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Maʼlumotga koʻra, Toshkent shahri boʻyicha joriy yil yanvar-oktyabr oylarida xorijga ishlash uchun chiqib ketganlar 11 613 kishini tashkil etdi. Ularning 962 nafari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Toshkent shahri hududiy filiali koʻmagida ish bilan taʼminlandi.

– Bugungi kunda migrantlarimizning oylik maoshi oʻrtacha qancha?

 Qachonki, mehnatga yarasha haq toʻlansa, ishda ham, oilada ham unum, baraka boʻladi. Albatta, mehnat muhojirining maoshi birinchi oʻrinda muayyan davlatga, qolaversa kasbiga va ish beruvchi tashkilot imkoniyatiga bogʻliq. Masalan, oʻrtacha oylik Rossiyada 700-800, Yaponiyada 1500-1800, Yevropada 1200-2000 AQSH dollari atrofida.

Xulosa oʻrnida aytish joiz, musofirlikning ogʻir yuki, turli qiyinchiligini zimmasiga olib, halol mehnat qilib pul topish oson emas. Demak, xorijda turfa sharoitda mehnat qilayotgan yurtdoshlarimizni ijtimoiy, huquqiy va moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash asosiy vazifamiz boʻlib qolaveradi.

OʻzA muxbiri

Goʻzal Sattorova suhbatlashdi.