Xalqaro ko‘rgazmalar byurosiga a’zo davlatlar Saudiya Arabistonini “EXPO-2030” jahon ko‘rgazmasi tashkilotchisi sifatida tanladi, deb yozgan “Kazinform”.
Xabarga ko‘ra, anjuman 2030 yil 1 oktyabrdan 2031 yil 31 martga qadar mamlakatning Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tadi.
“O‘zgarishlar davri: ertangi kunni birgalikda tasavvur qilish uchun” mavzusidagi xalqaro ko‘rgazma mezbonligi uchun uch davlat ariza topshirgan bo‘lib, Koreya Respublikasining Pusan va Italiyaning Rim shaharlari ham da’vogar edi.
Qabul qiluvchi davlat “bir davlat, bir ovoz” tamoyili bo‘yicha yashirin elektron ovoz berish yo‘li bilan tanlandi. Saudiya birinchi turdayoq kerakli uchdan ikki qism – 119 ovozni oldi.
Eslatib o‘tamiz, Dubaydagi so‘nggi ko‘rgazma – EXPO-2020 uchun “G‘oyalarni bog‘lash orqali kelajakni yaratish” mavzusi tanlangan edi.
Navbatdagi anjuman 2025 yil 13 apreldan 13 oktyabrgacha “Hayotimiz uchun kelajak jamiyatini yaratish” shiori ostida Yaponiyaning Osaka shahrida bo‘lib o‘tadi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA