Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan shu yilning 28 noyabr – 2 dekabr kunlari “Raqamli avlod IT Fest” tadbiri o‘tkazilmoqda.

Ushbu loyihadan ko‘zlangan maqsad yurtimizda IT sohasiga qiziqqan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning innovatsion g‘oyalarini rag‘batlantirish va munosib taqdirlashdan iboratdir.

DG Contest – ushbu kiber musobaqa mamlakatimiz yoshlariga dasturlash bo‘yicha bilim va mahoratini sinab ko‘rish uchun imkoniyat sanaladi. Tadbir avvalida ishtirokchilar online.raqamliavlod.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tdi. Musobaqaning onlayn saralash bosqichi 22 noyabrda bo‘lib o‘tdi. Unda eng yaxshi natijalarni qo‘lga kiritgan 15 nafar ishtirokchi final bosqichida qatnashdi.

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabida robo futbol, robo sumo va foydali ixtirolar bo‘yicha respublika musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

Hackathon yo‘nalishida  30 noyabr kuni respublika bo‘ylab ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchilari o‘z innovatsion eko loyihalarini taqdim etadi. Ushbu yo‘nalishda eng yaxshi loyiha mualliflari tashkilotchilar tomonidan taqdirlanadi.

2 dekabr kuni Microsoft kompaniyasining rasmiy IT konferensiyasi  – Microsoft Community Conf 2023 Uzbekistan bo‘lib o‘tadi. Unda xalqaro va mahalliy ishtirokchilar tomonidan mahorat darslari tashkil etilib, dasturlardagi yangi texnologiyalar muhokama etiladi. Aytish kerakki, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Raqamli avlod IT Fest” loyihasi axborot texnologiyalari yo‘nalishida faol izlanayotgan maktab o‘quvchilarini bir maydonda birlashtirishda muhim ma’rifiy maydon bo‘lib xizmat qilmoqda.

N.Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA