Ma’lumki, noyabr oyi Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi deb e’lon qilinib, mazkur oylik davomida qator tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Mamlakatimizni barqaror rivojlantirish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning ijro etilishi ustidan parlament nazoratini olib borish muhim vazifalardan biri hisoblanadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi hamda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan “Barqaror rivojlanish maqsadlari Global sheriklik doirasida amalga oshirish vositalarini mustahkamlash va ishlarni faollashtirish” mavzusidagi muloqot ham Barqaror rivojlanish oyligi doirasida o‘tkazildi.

Unda mamlakatimizda barqaror rivojlantirish maqsad va vazifalarining 2030 yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini ta’minlash, mamlakat taraqqiyotini belgilab beruvchi muhim hujjatlar va davlat dasturlarini amalga oshirishda Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlikni ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani alohida e’tirof etildi.

Tadbirda ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarning ijrosini ta’minlashda ichki va tashqi manbalar va resurslarni safarbar etish va ulardan samarali foydalanish masalalari bo‘yicha Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Statistika agentligining tegishli axborotlari tinglandi.

Muhokamalarda qayd etilganidek, tashqi qarz va davlat qarzi darajasini mamlakatning moliyaviy-iqtisodiy holati barqarorligini ta’minlaydigan darajada ushlab turishga alohida e’tibor berildi. Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 36,8 foizni tashkil etmoqda. Bu esa xalqaro tashkilotlar tomonidan “mo‘’tadil” darajada deb baholanmoqda.

Shuningdek, muloqotda ijtimoiy sohani rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalariga e’tibor qaratildi.

— Ijtimoiy-iqtisodiy dasturlarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi yil sayin ortib bormoqda, — dedi Qonunchilik palatasining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sharofiddin Nazarov. — O‘zlashtirilgan mablag‘lar asosan energetika, transport infratuzilmasi, kommunal xo‘jalik, qishloq va suv xo‘jaligi, shahar va qishloqlar infratuzilmasini yaxshilash, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarni rivojlantirishga oid dastur va loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilmoqda. Yana shu o‘rinda O‘zbekiston Respublikasining milliy barqaror rivojlanish maqsadlari indikatorlari yuritilishi amaliyoti joriy etilganini alohida e’tirof etish joiz.

Muloqot davomida fan va innovatsiyalar sohalarida xalqaro hamkorlikni kengaytirish, texnologiyalar va innovatsiyalarni rivojlantirish hamda Milliy barqaror rivojlanish maqsadlari monitoringi bo‘yicha statistikani takomillashtirish kabi masalalar muhokama qilindi. Bu boradagi ishlarni yanada jadallashtirish bo‘yicha fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA