O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yoshlar uchun ming kitob” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, jahonda mashhur bo‘lgan 1000 ta kitob tanlab olinib, o‘zbek tiliga tarjima qilinadi.

Loyiha doirasida:

davlat buyurtmasiga asosan kitoblardan foydalanish huquqini asar mualliflaridan sotib olish, ularni o‘zbek tiliga tarjima qilish, nashrga tayyorlash hamda chop etish ishlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan (davlat oliy ta’lim muassasalari uchun nashr etiladigan kitoblar bundan mustasno) amalga oshiriladi;

davlat oliy ta’lim muassasalari uchun mo‘ljallangan kitoblar ro‘yxati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oliy ta’lim muassasalari kesimida shakllantiriladi hamda oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan nashr etiladi.

Kitoblar ro‘yxati ilm-fan, madaniyat, san’at, adabiyot va boshqa sohalarda tajriba va yetuk bilimga ega olimlar hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mutaxassislaridan iborat Ekspertlar kengashi tomonidan tuziladi.

Kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilish va nashr etish quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:

birinchi bosqichda – Ekspertlar kengashi tomonidan har yili kitoblarning dastlabki ro‘yxati shakllantiriladi;

ikkinchi bosqichda – aholi tomonidan ovoz berish yo‘li bilan tanlab olish uchun dastlabki ro‘yxat Yoshlar ishlari agentligining axborot tizimlariga joylashtiriladi hamda bu orqali yakuniy ro‘yxat shakllantiriladi hamda Ekspertlar kengashi tomonidan ko‘rib chiqiladi va tasdiqlanadi.

Har yili nashr etiladigan kitoblar ro‘yxatiga kamida 20 foiz ilmiy-ommabop asarlar kiritiladi.

Davlat buyurtmasiga asosan tarjima qilingan va chop etishga tayyorlangan kitoblarga doir huquqlar Yoshlar ishlari agentligi tasarrufida qoldiriladi hamda ushbu kitoblarni kelgusida nashriyotlar tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan chop etish va realizatsiya qilish uchun Yoshlar ishlari agentligi tomonidan bepul asosda taqdim etiladi.

Davlat buyurtmasiga asosan chop etilgan kitoblar Ekspertlar kengashi tavsiyasiga ko‘ra Yoshlar ishlari agentligi tomonidan axborot-kutubxona muassasalari, shu jumladan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kutubxonalariga beg‘araz taqdim etiladi.

Chop etilgan kitoblarning elektron nusxalari kitobxonlar keng foydalanishi uchun mualliflik huquqi egasi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga va Fanlar Akademiyasi tizimidagi kutubxonalarga beg‘araz taqdim etiladi.

2023-2024 yillarda dastlabki 50 nomdagi  kitob tarjima qilinib, nashrga tayyorlanadi va chop etiladi.

O‘zA