Maydoni 4 ming kvadrat/kilometrdan ortiq, dunyodagi eng yirik Antarktika aysbergi – “A23a” 37 yildan buyon ilk bor harakatga keldi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
2020 yil harakatlana boshlagan bu aysbergning ko‘chishi 2022 yilga kelib jadallashdi. So‘nggi oylarda esa shamol va oqim ta’sirida tezlik yanada oshgan. Sun’iy yo‘ldosh ma’lumotiga ko‘ra, hozir gigant muz bo‘lagi Antarktika yarim oroli shimoliy chekkasidan suzib o‘tmoqda.
Olimlar qayd etishicha, ulkan aysberg Antarktika aylana qutb oqimiga kelib qo‘shilishi mumkin. Bu voqea sodir bo‘lsa, “aysberglar alleyasi” nomli yo‘l bo‘ylab Janubiy okean tomon yo‘l ochiladi.
Mutaxassislar “A23a” harakatini diqqat bilan kuzatib borishga kirishgan. Agar muz tog‘i Janubiy Jorjiyaga yetib borsa, o‘sha yerda yashaydigan millionlab jonivorlar – tyulen, pingvin va dengiz qushlari uchun xavf tug‘dirishi aniq.
Darvoqe, aysberglar ekologiya tizimiga foyda ham keltiradi: erish jarayonida Antarktika oziq-ovqat zanjiri asosini tashkil qiluvchi organizmlar uchun ozuqa moddalari manbai hisoblangan mineral chang ajratib chiqaradi.
Aziza Halimova, O‘zA