Indoneziyada futbol bo‘yicha U-17 terma jamoalari o‘rtasida davom etayotgan jahon chempionatini vakillarimiz garchi 1/4 final bosqichida yakunlagan bo‘lsada, O‘zbekiston yuksak iqtidorlar mamlakati ekanligini yana bir karra namoyish etdi.

O‘smirlarimiz jahon chempionatining “V” guruhida Ispaniya, Mali va Kanada terma jamoalari bilan bahs olib borib, keyingi bosqichga chiqish huquqiga ega bo‘ldi.

Guruh bosqichining 1-turida Mali jamoasiga 3:0 hisobida imkoniyatni boy bergan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 2-turda Kanada termasini 3:0 ko‘rinishida dog‘da qoldirdi. 3-turda esa Ispaniya bilan 2:2 holatida murosa yo‘lini tanladi.

Chempionatning 1/8 final bosqichida Angliya terma jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etishi ortidan o‘ziga xos shov-shuv yasagan o‘smir futbolchilarimiz 1/4 finalda musobaqaning eng kuchli terma jamoalaridan biri hisoblangan Fransiya terma jamoasi bilan to‘qnash keldi.

Ta’kidlash lozimki, Fransiya – O‘zbekiston uchrashuvida  hamyurtlarimizning yarim final yo‘llanmasi uchun olib borgan shiddatli harakati tahsinga loyiq bo‘ldi.

Afrika kengliklarining tafti bilan kamolga yetib, Yevropa yashil maydonlarida toblangan Fransiya terma jamoasi a’zolarini yosh va umidli futbolchilarimiz ko‘p hollarda izza qilishga erisha oldi. O‘yin 1:0 hisobida “yevropaliklar” foydasiga hal bo‘lgan bo‘lsada, U-17 terma jamoamiz dunyoning eng kuchli sakkizta jamoasidan biri sifatidagi e’tirofga sazovorligi tarixiy natijadir.

Shu o‘rinda bir fikr. Keyingi yillarda mamlakatimiz futbol jamoalarining xalqaro musobaqalardagi ko‘rsatkichlari yildan yilga yaxshilanib bormoqda. Xususan, Anvar Rahimov bosh murabbiyligidagi U-17 terma jamoamizning Indoneziya maydonlarida kechayotgan jahon chempionatidagi ishtiroki ham shunday so‘z yuritishga izn beradiki, yosh futbolchilarimiz Fransiyaga natijani boy bergan holda o‘yin holatida yutuqqa erishgani bor gap. O‘zbekiston yuksak iqtidor sohibi bo‘lgan yosh futbolchilar mamlakati ekanini isbotlayotgani, dunyoga ko‘rsata olayotgani barchamizni birdek quvontirayotganini ta’kidlamoq lozim.

Endi U-17 jahon chempionatining 1/2 final o‘yinlari 28 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Argentina-Germaniya, Fransiya-Mali jamoalari ro‘baro‘ keladi. Chempionatning 3-o‘rin uchun o‘yini 1 dekabr kuni tashkil etilsa, final uchrashuvi 2 dekabrda o‘tkaziladi.

 

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA