Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Osiyo paralimpiya qo‘mitasining (APC) XXXII Ijroiya kengashi o‘tkazilmoqda. Unda Osiyo paralimpiya qo‘mitasi vitse-prezidenti – O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Toshxo‘jayev ham ishtirok etmoqda.
Osiyo paralimpiya qo‘mitasining (APC) XXXII Ijroiya kengashi yig‘ilishining dastlabki kunlarida Ijroqo‘m a’zolari 2021 va 2022 yillardagi moliyaviy hisobotlar, 2023 yil uchun ichki hisobot va 2024 yilgi byudjet masalalari, tashkilotga a’zolik badallari, strategik rejani yangilash, o‘tgan vaqt mobaynida Osiyo paralimpiya qo‘mitasi hamda Milliy paralimpiya qo‘mitalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar sarhisobini muhokama qildi.
Shuningdek, yig‘ilish davomida bo‘lajak “Parij-2024” yozgi Paralimpiya o‘yinlari, “Toshkent-2025” Yoshlar o‘rtasida Paraosiyo o‘yinlari hamda 2026 yilgi Aichi-Nagoya shaharlarida o‘tadigan Paraosiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ishlari haqida ham bir qator fikrlar va takliflar haqida so‘z bordi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA