Bugun, 24 noyabr kuni shaxmat bo‘yicha yoshlar va o‘smirlar o‘rtasida Italiyada o‘tayotgan jahon chempionatining so‘nggi 11-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
Dunyoning 80 ta davlatidan 760 nafardan ziyod yosh shaxmatchilar ishtirok etayotgan chempionatning so‘nggi turi oldidan kecha o‘tkazilgan 10-tur bahsida 14 yoshgacha bo‘lganlar orasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Afro‘za Hamdamova Xalqaro shaxmat federatsiyasi bayrog‘i ostida musobaqada ishtirok etayotgan rossiyalik Anna Shuxman bilan kuch sinashdi.
Hamyurtimiz ushbu turda garchi qora donalarda o‘ynagan bo‘lsa-da, rossiyalik Shuxmanni katta ustunlik bilan mag‘lubiyatga uchratdi va ochkolari sonini 9 taga yetkazib oldi.
Ayni paytda o‘z yosh toifasida yakka peshqadamga aylangan A.Hamdamova bugun o‘tkaziladigan 11-turda 7,5 ochkoga ega gruziyalik Kesariya Mgeladzega qarshi harakatlanadi.
Ta’kidlaganimizdek, Afro‘za 11-tur arafasida 9 ochko bilan jahon chempionatida yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, undan keyingi o‘rinda borayotgan qozog‘istonlik Elnaz Kaliaxmetda 8 ochko, 5 nafar shaxmatchi 7,5 ochko bilan sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilmoqda. Chempionlik uchun kurash esa ko‘rinib turganidek Afro‘za va Elnaz o‘rtasida kechmoqda. 11-turda Qozog‘iston vakili qora donalarda 7,5 ochko jamg‘argan ukrainalik Bojena Piddubna bilan bahs olib boradi.
Jahon chempionatida qatnashayotgan hamyurtlarimizdan Miraziz Qo‘ziyev 14 yoshli o‘g‘il bolalar orasidagi kechagi bahsda avstriyalik Lukas Dotser bilan durangga erishib, 6,5 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. 16 yoshli qizlar musobaqasida qatnashayotgan Guldona Karimova ham mo‘g‘ulistonlik Erdenebayar Xuslen bilan murosa yo‘lini tanladi.
Bugun, 24 noyabr kuni o‘tkaziladigan so‘nggi 11-turda Miraziz Qo‘ziyev sloveniyalik Djerney Kozlovich bilan, Guldona Karimova germaniyalik Katerina Broytigam bilan kuch sinashadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA