Indoneziyada o‘tayotgan 17 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida jahon chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Jakarta shahridagi “Jakarta” stadionida o‘tgan 1/8 final bosqichida O‘zbekiston va Angliya yoshlar terma jamoasi o‘zaro raqobatlashdi. Uchrashuvning 4-daqiqasida Lazizbek Mirzayev to‘pga oxirigacha intilib zarba berishga harakat qildi. Darvozabondan qaytgan to‘pni Amir Saidov boshi bilan darvozaga yo‘lladi va jamoamiz 1:0 hisobida oldinga chiqib oldi. Afsuski, bo‘limning 36-daqiqasida Joel Ndala birga-bir vaziyatdan unumli foydalanib hisobni tenglashtirdi. Ikkinchi bo‘limning 67-daqiqasida Lazizbek Mirzayev jarima zarbasini go‘zal tarzda ijro etdi va jamoamizni oldinga olib chiqdi. Shu tariqa, terma jamoamiz futbol vatani bo‘lgan Angliya jamoasini 2:1 hisobida mag‘lub etdi.
Endi futbolchilarimiz yarim final yo‘llanmasi uchun o‘tadigan o‘yinda Fransiya va Senegal termalari o‘rtasidagi o‘yin g‘olibiga qarshi maydonga tushadi. Mazkur o‘yin 25 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA