Tashqi siyosatda doim bir-biriga qarama-qarshi qo‘yiladigan dunyoning ikki qudratli davlat rahbarlari Bayden va Si Szinpin uchrashuviga nima sabab bo‘ldi? Ular qaysi masalalarni ko‘targan?
Ma’lumki, Kaliforniya shtati San-Fransisko shahrida mintaqadagi 20 dan ortiq mamlakatni birlashtirgan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit doirasida ushbu mamlakatga tashrif buyurgan XXR Raisi Si Szinpin va Prezident Jo Bayden o‘rtasida uchrashuv ham tashkillashtirilgan.
Xitoy yetakchisining AQSHga bundan avvalgi tashrifi olti yil oldin amalga oshirilgan.
Bu galgi uchrashuvi to‘rt soat davom etdi.
Ikki mamlakat rahbarlari turli masalalarda fikr almashdi, eng dolzarb masalalar, jumladan bir-birini tushunishni shakllantirish, kelishmovchilikni munosib ravishda boshqarish, muloqotni davom ettirish bo‘yicha qarashlarini bayon qildi, – dedi Chin mamlakati tashqi siyosat idorasi rahbari.
Vazirning ma’lum qilishicha, tomonlar Falastin – Isroil mojarosi, Ukraina inqirozi, iqlim o‘zgarishi, sun’iy intellekt kabi dolzarb xalqaro muammolarni ham ko‘targan.
“Sinxua” agentligi xabar berishicha, XXR yetakchisi amerikalik do‘stlar guruhi uyushtirgan ziyofatda so‘zga chiqib, Xitoy AQSHning yutqazishidan umidvor emasligi, mamlakat ichki ishlariga aralashmay qo‘shma shtatlarga xavf tug‘dirishga intilmasligini aytib o‘tgan.
Si Szinpinga ko‘ra, Xitoy AQSHning rivojlanishi va taraqqiy etayotganini quvonch bilan kuzatib bormoqda. Uning aytishicha, o‘z navbatida AQSH ham Xitoyning yutqazishi uchun intilmasligi va ichki ishiga aralashmasligi kerak. Xitoy – Amerika munosabati bo‘yicha odamlarda umid mavjud. Har ikki mamlakatning kelajagi – yoshlar. Shu bois o‘zaro aloqa va almashinuvni kengaytirish lozim.
AQSH – Xitoy o‘rtasida keskinlik kuchayganiga qaramay, Si Szinpin so‘nggi oylarda “sog‘lom va barqaror” munosabat muhimligini bir necha bor ta’kidladi. Aloqalar rivojida osonlikcha qo‘lga kiritilmagan natijalarni qadrlash kerakligiga urg‘u berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy va AQSH manfaati “bir-biriga chambarchas bog‘liq” hamda insoniyatning kelajagi va taqdiri bu ikki mamlakat to‘g‘ri, birga yashash yo‘lini topa olishiga bog‘liq.
Siyosiy kuzatuvchilar fikricha, mazkur muloqot tarixiy voqea bo‘lib, mamlakatlar munosabatida ham, dunyo kun tartibida ham yangi davrni boshlab berishi mumkin. Agar shunday bo‘lib chiqsa, mazkur oliy darajadagi uchrashuv dunyo hamjamiyati uchun ham tom ma’noda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu ma’noda, TIV rahbari Van I ta’kidlaganidek, Bayden va Si Szinpin uchrashuvi uzoq muddatli natijaga olib keladigan strategik ahamiyatga molik hodisa bo‘lganiga shubha qilmasa ham bo‘ladi.
Sardorbek Poyonov, Iskandar Ismatov (video), O‘zA