Termiz shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Surxondaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yuzasidan yig‘ilish davom etmoqda.

Ish o‘rni yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, investitsiya olib kelib, tadbirkorlikni rivojlantirish siyosati barcha tumanlarga ham hali kirib kelmagani ta’kidlandi. Bunda hokimlarning birinchi o‘rinbosarlari va hokim yordamchilarining ishi sustligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyatdagi 724 ta mahallaga 1 ming 390 ta tibbiy brigadalar biriktirilgan. Lekin ular kasallikning sababi bilan emas, ko‘proq oqibati bilan shug‘ullanayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Har bir mahallada fitobarlar, dorixonalarda fitoburchaklar tashkil qilish, xalq tabobati bo‘yicha qisqa kurslar o‘tkazish, uy sharoitida qilinadigan mashqlar dasturi va sog‘lom ovqatlanish menyusini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

Mahallasida bu borada yaxshi natija ko‘rsatgan tibbiyot brigadalari rag‘batlantirilishi belgilandi.

509 ta maktab, Ona va bola markazi, bolalar kardioxirurgiya bo‘limi va 44 ta oilaviy shifokorlik punktini jihozlash va ta’mirlash choralari ko‘rilishi ta’kidlandi.

Shuningdek, viloyatdagi 1,6 million yoshlar bilan alohida shug‘ullanish, har bir xonadon, mahalla va ta’lim dargohiga barqaror ijtimoiy kayfiyat, kelajakka ishonch, kasb, til egallash, eng muhimi, mehnat orqali yaxshi hayotga intilish muhiti kirib borishi kerakligi ta’kidlandi.

 

O‘zA