Poytaxtimizdagi “Alpomish” sport majmuasida dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining dastlabki kunida bir qator yosh polvonlarimiz shohsupaga ko‘tarildi.
Qit’aning 20 ga yaqin davlatidan 350 nafardan ziyod yosh iste’dod egalari qatnashayotgan musobaqada yigitlar 50, 55, 66, qizlar esa 40, 44, 48 va 52 kilogrammgacha vazn toifasida bellashdi.
Ushbu bellashuvlarda Laziza Haydarova, Zarina Jamolova, Rayhona Mamatova hamda Umida Qo‘ldosheva kabi dzyudochilarimiz o‘z vaznlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Sabina Azamatova hamda Inoyat Telmanov kumush medal bilan taqdirlandi.
Shuningdek, Yunusbek Shavkatov, Hasanboy Elmurodov, Oybek Rajabov va Maxfirat Ro‘ziboyeva shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA