O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyatidagi harbiy qismga tashrif buyurdi.
Mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar qo‘shinlarning jangovar salohiyati va harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatini yanada yuksaltirishda muhim omilbo‘lmoqda.
Mazkur qismda ham harbiy xizmatchilarning jangovar tayyorgarligini oshirish uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. O‘quv binolari, ma’naviyat va ma’rifat xonalari, sport zali eng zamonaviy texnika va uskunalar bilan jihozlangan.
Davlat rahbari harbiy qismda yaratilgan sharoitlar, chegarani qo‘riqlashda qo‘llanilayotgan harbiy texnika va qurol-aslahalarni ko‘zdan kechirdi. Bunda uchuvchisiz uchish apparatlarining ahamiyati alohida ta’kidlandi, ularni ishlab chiqarish masalalari muhokama qilindi.
Qurolli Kuchlarimizning salohiyatini oshirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shaxsiy tarkibning shayligi, zamonaviy qurol-aslahalar, uchuvchisiz uchish apparatlarini boshqarish hamda ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Davlatimiz rahbariga “Bayraktar TB2” razvedka-zarba uchuvchisiz uchish apparatining parvozi namoyish etildi.