Shu kunlarda Italiyaning Montesilvano shahrida shaxmat bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkazilmoqda.
Dunyoning 80 ta mamlakatidan 760 nafardan ziyod yosh shaxmatchilar ishtirok etayotgan musobaqada o‘g‘il va qizlar uchta yosh toifasida chempionlik uchun kurash olib bormoqda.
O‘g‘il bolalar o‘rtasida U18 yosh toifasida 134 nafar, U16da 138, U14 yosh toifasida 178 nafar ishtirokchi dona surayotgan bo‘lsa, qizlar o‘rtasidagi bahslarda 18 yoshgacha bo‘lganlar 86, 16 yoshgacha 138 va 14 yoshgacha esa 125 nafar ishtirokchi g‘oliblik uchun kurashlarda qatnashmoqda.
Joriy yilning 25 noyabriga qadar davom etadigan mazkur chempionatda mamlakatimizning 3 nafar umidli yosh shaxmatchilari yurtimiz sharafini himoya qilmoqda.
Terma jamoamiz a’zolaridan 14 yoshli o‘g‘il bolalar orasida Miraziz Qo‘ziyev, 16 yosh toifasida Guldona Karimova, 14 yosh toifasidagi qizlar bellashuvida Afro‘za Hamdamova bahslarga kirishdi.
Ortda qolgan 3-tur bahslaridan keyin M.Qo‘ziyev va A.Hamdamova 2, G.Karimova 1,5 ochkoga ega bo‘lib turibdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA