Ma’lumki, Osiyo mamlakatlarining sport jamoalari orziqib kutayotgan muhim kompleks sport o‘yinlaridan biri yoshlar o‘rtasidagi “Toshkent-2025” Osiyo o‘yinlari sanaladi.
Yurtimizda mazkur o‘yinlarni har jihatdan yuqori saviyada o‘tkazish borasida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Poytaxtimizda 100 gektar maydonda “Olimpiya shaharchasi”ni bunyod etish ishlari jadallik bilan olib borilayotgan bo‘lsa, “Toshkent-2025” dasturidan o‘rin oladigan sport turlari masalasi nafaqat mamlakatimizda, balki Osiyo olimpiya kengashi tizimlarida ham keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
Kuni kecha Milliy Olimpiya qo‘mitasida yurtimizda faoliyat ko‘rsatayotgan sport federatsiya va assotsiatsiyalari mas’ullari ishtirokida o‘yinlar tizimidan o‘rin oladigan sport turlarini shakllantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Yoshlar siyosati va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ bosh kotibi, “Toshkent-2025” direksiyasi rahbari Oybek Qosimov va boshqa mutasaddilar ishtirok etgan yig‘ilishda bo‘lajak o‘yinlar dasturiga kiritiladigan sport turlari, ularning yo‘nalishlarini atroflicha tahlil qilish muhimligi ta’kidlandi.
Muhokamalar davomida mutasaddilar har bir sport turi bo‘yicha Osiyo o‘yinlarida ishtirok etadigan sportchilarning seleksiyasini kuchaytirish va ularni musobaqaga puxta tayyorlash lozimligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda bunyod etilayotgan “Olimpiya shaharchasi”da olib borilayotgan qurilish ishlari qay holatdaligi bo‘yicha hisobot tinglandi. Ko‘zda tutilgan sport turlari qaysi ob’ektlarda o‘tkazilishi, ularning muddatlari ko‘rib chiqildi.
Bildirilgan taklif va fikr-mulohazalar asosida federatsiya mas’ullariga 3 kun muddat ichida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlari dasturiga kiritiladigan yo‘nalishlar bo‘yicha so‘nggi takliflarni taqdim etish vazifasi yuklandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA