“CNN” xabar berishicha, Gavayida ko‘lmak ajabtovur tusga kirgan.
Tinch okeani arxipelagi – Gavayidagi Sandvich orollari turkumidagi hovuz ertaksimon ko‘rinish oldi. Eng yirik orollardan biri bo‘lmish Mauidagi tuz botqog‘i – Kealiya hovuzi oktyabr oyidan buyon och pushti rangda. Bunga mamlakatda kuzatilgan haddan tashqari qurg‘oqchilik davrida tuz miqdori oshgani sabab bo‘lgan.
AQSH Baliq va yovvoyi tabiat xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Gavayi universitetiga yuborilgan suv namunasi ko‘lmak yangi rang olishiga sabab galobakteriyalar ekanini isbotlamoqda. Galobakteriyalar bir hujayrali organizm bo‘lib, Buyuk Tuzli ko‘l va O‘lik dengiz kabi juda sho‘r suvda rivojlanadi. Bu zararkunanda ekstremofil deyiladi, chunki bunday ekstremal muhitda yashash qobiliyati dengiz suvidan ikki barobar yuqori sho‘r suvga chidamlilik bilan bog‘liq.
Hovuzning nomi “Kealiya” so‘zma-so‘z tarjima qilinganda “tuz aralashmasi” ma’nosini anglatsa-da, Mauidagi behad qurg‘oqchilik tufayli hovuz sho‘ri odatdagidan ancha ortdi. Amerika qurg‘oqchilik monitoringiga ko‘ra, orolda hozir ham kuchli qurg‘okchilik avjida.
G‘arbiy Maui tog‘laridan Kealiya hovuziga suv olib keladigan Vaykapu oqimi ham o‘ta qurg‘oqchil hududdan oqib o‘tadi. Chuchuk suv kam kelishi tuz konsentratsiyasini oshirdi va yorqin rangli galobakteriyalar uchun qulay muhit yaratdi.
Ayni payt olimlar iqlim inqirozi Gavayiga qanday ta’sir qilishini o‘rganishyapti, Umuman, global harorat oshishi, hatto, tropik hududlarda ham qurg‘oqchilikni kuchaytiradi.