Jahon sifat kuni (World Quality Day) Yevropa sifat tashkiloti (European Organization for Quality, EOQ) tashabbusi bilan BMT homiyligida har yili noyabr oyining ikkinchi payshanbasida nishonlanadi.
1989 yildan buyon 80 dan ortiq mamlakatda nishonlab kelinayotgan sana bu yil 9 noyabrga to‘g‘ri keldi.
2023 yil 6-10 noyabr kunlariga belgilangan Jahon sifat haftaligi “Sifat: raqobatbardoshlik salohiyatingizni amalga oshiring!”, shiori ostida o‘tmoqda. Hozirgi davrda raqobatda ustunlikni saqlab qolish uchun shunchaki amaliyot barqarorligini ushlab turish yetarli emas. Mijoz talabini barqaror va tejamli qondirish imkonini beradigan sifatni oshirish usuli va tamoyilini qo‘llash tashkilotlarga kamchilikni tez va samarali bartaraf qilishda yordam berishi mumkin.
Sifatni ta’minlash yetakchi mamlakatlar iqtisodiyotida ustuvor ahamiyat kasb etadi Zero, bu masala nafaqat inson salomatligi va atrof-muhit uchun xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish, balki iste’molchi istagi qondirilishi darajasiga ham bog‘liq.
BMTning 2022 yil qabul qilgan barqaror taraqqiyotni ta’minlash sohasida ko‘zlangan maqsadlar bo‘yicha tayyorlangan hisobotiga ko‘ra, nazorat choralari ko‘rilmayotgani sababli, sayyoramizda kamida uch milliard kishi sifati qanday suv iste’mol qilayotganini ham bilmaydi. Havo sifati bo‘yicha monitoring, deyarli, barcha shaharlarda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, dunyo bo‘yicha shahar aholisining 99 foizi iflos havodan nafas oladi.
Bundan tashqari, ma’ruzada davlat xizmati sifatini oshirish, sifatli statistik ma’lumot bilan ta’minlash, barcha uchun sifatli ta’lim, global miqyosda sog‘liqni muhofaza qilish bo‘yicha sifatli xizmat zarurligi ta’kidlangan.
S.Rahimov, O‘zA